Точка зрения

BIZ SHARQQA MANSUBMIZ!

HAMMANING O‘Z HAQIQATI BOR

– O‘tgan besh yil mobaynida gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda ham bir qator qonunlar qabul qilindi, dolzarb g‘oya va tashabbuslar ilgari surildi. Nihoyatda qisqa fursat bo‘lishiga qaramay, ular ijrosiga masʼul tuzilmalar shakllantirildi. Natijada yaqindagina tor soha vakillarigagina maʼlum bo‘lgan “gender” tushunchasi haqida ko‘pchilikda o‘ziga xos qarashlar paydo bo‘ldi. Biroq bu jarayonda gender tushunchalarini noto‘g‘ri talqin qiladiganlar ham paydo bo‘ldi, deyish mumkin. Boz ustiga axborot asrida, ziddiyatlarga boy axborot bozorida mavzuni o‘zi bilgancha tahlil etayotgan “ekspertlar” uchramoqda. Shu maʼnoda gender taʼlimini to‘g‘ri tashkil etish masalasi hamon dolzarb bo‘lib qolyapti.

Shuning uchun ham umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqilayotgan bir paytda «Ayollar qanoti» tomonidan sharqona gender tenglik tamoyillarini chuqur o‘rganish va amalga tatbiq etish jarayoniga jiddiy kirishildi. Zero, g‘arbda farzandsiz oila g‘oyasi ilgari surilib, oila kerakmas matohdek talqin qilinayotgan, eng ayanchlisi, ayrim davlatlar Konstitutsiyalaridan ota-onalarning huquq hamda burchlariga oid moddalar chiqarib tashlanayotgan bugungi kunda ildizimizni baquvvat qiladigan qadriyat va anʼanalarimizga tayanib, biz eng avvalo, sharqqa mansubligimizni ko‘rsatishimiz kerak.

Ushbu mavzuni kun tartibiga qo‘yishimizning sababi bor, albatta. To‘g‘ri, tamaddunlar to‘qnashaveradi. Bu masalada ham hammaning o‘z haqiqati bor. Garchi “gender” tushunchasi g‘arb olimlari tomonidan ilgari surilgan bo‘lsa-da, sharqning bu borada g‘arbga o‘rgatadigan tomonlari serobligini unutmaslik kerak. Eng muhimi, sharqona gender tengligi nafaqat g‘arb uchun, balki dunyoning barqaror rivojlanishi, kerak bo‘lsa, odamzodning uzviy anʼanalar asosida yashab qolishi uchun ham ahamiyatlidir.

 

     Feruza MUHAMEDJANOVA,

     “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari

487

08.06.2023

image