Xavfsizlik haqida o‘ylashimiz shart!


670     12.06.2026

Iqtisodiy o‘sish sur’atlari, investitsiyalar hajmi yoki ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari qanchalik yuqori bo‘lmasin, agar inson hayoti va sog‘lig‘i yetarlicha muhofaza qilinmasa, taraqqiyotning haqiqiy qiymati to‘liq namoyon bo‘lmaydi.

2025-yili yurtimizda ishlab chiqarish bilan bog‘liq 849 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan. Oqibatda 248 nafar fuqaro vafot etgan, 680 nafari og‘ir jarohatlangan. Shuningdek, o‘tgan yili mehnat xavfsizligi qoidalarini buzgan 432 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jinoiy choralar ko‘rilgan. Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan e’lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida mehnat faoliyati bilan bog'liq bo‘lgan 198 ta baxtsiz hodisada 223 nafar fuqaro jabrlangan. Ularning 146 nafari og‘ir jarohat olgan bo‘lsa, 15 nafari yengil jarohatlangan. Eng achinarlisi, 62 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Hududlar kesimidagi tahlillarga nazar solsak, ayrim joylarda mehnat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar nisbatan ko‘pligini ko‘rish mumkin. Jumladan, joriy yilning birinchi chorak yakuniga ko‘ra, eng ko‘p baxtsiz hodisa Toshkent shahrida (44) ro‘y bergan. Keyingi o‘rinni Surxondaryo viloyati (36) egallagan.

Shuningdek, Toshkent viloyatida 29 ta, Navoiy viloyatida 18 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Xorazm va Jizzax viloyatlarida bu ko‘rsatkich 5 tadan ekani iqtisodiy faollik yuqori bo‘lgan joylarda xavfsizlik talablarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, yirik qurilish obyektlari, sanoat korxonalari va infratuzilma loyihalari ko‘p bo‘lgan Toshkent shahri hamda Surxondaryo viloyatida mehnat muhofazasi tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak.

Sohalar kesimidagi tahlil mehnat xavfsizligi bilan bog‘liq asosiy muammolar qaysi tarmoqlarda to‘planayotganini ham ko‘rsatib qo‘ydi: 2026-yilning birinchi choragida sanoat sohasida 71 ta, qurilishda 54 ta, qishloq va suv xo‘jaligida 9 ta, transport, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida 8 tadan, ta’limda 6 ta, sog‘liqni saqlash tizimida esa 4 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan.

Ko‘rinib turibdiki, holatlarning qariyb uchdan ikki qismi sanoat va qurilish tarmoqlariga to‘g‘ri kelyapti. Ayniqsa, qurilishda ishchilarning muhofaza vositalari bilan ta’minlanishi, texnik xavfsizlik yo‘riqnomalariga rioya qilinishi, nazorat tizimining raqamlashtirilishi va mustaqil audit mexanizmlarini joriy etish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Biz ushbu raqamlar oddiy statistika emasligini tushunishimiz kerak. Bu qanchadan-qancha oila, farzandlar taqdiriga bog‘liq holat ekanini ko‘rsatadi.

Yaqinda yuqoridagi holatlar yuzasidan tegishli vazirlik va davlat idoralariga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inpeksiyasining javob xatlarida bayon etilishicha: «2026-yilning birinchi chorak yakuniga ko‘ra, hududiy inspeksiyalardan ro‘yxatdan o‘tgan 26 mingdan ortiq qurilish obektlarida 94 450 marotaba monitoring xavfsizlik texnikasiga rioya etilishi yuzasidan 4 mingdan ziyod bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilib, bu talabni o‘z vaqtida bajarmaganlar esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan».

Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda millionlab insonlar ish joylarida jarohat oladi yoki kasbiy xavflar tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Rivojlangan mamlakatlar bu muammoni hal etishda jazolashdan ko‘ra profilaktika, ta’lim va raqamli monitoring usullariga tayanmoqdalar.

Bugun mehnat xavfsizligi nafaqat ijtimoiy masala, balki investitsion jozibadorlik mezoniga ham aylandi. Shuning uchun ham chet el sarmoyadorlari mehnat munosabatlari, xavfsizlik standartlari va ishchilar huquqlarining himoya qilinishiga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Bu esa mehnat muhofazasi sohasini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish mamlakatning iqtisodiy raqobatbardoshligini ham oshirishidan dalolat beradi.

Shunday ekan, ish beruvchilarning javobgarligini kuchaytirish, profilaktika choralarini kengaytirish va inson hayotini muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qolmoqda. Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining markazida inson qadri turibdi. Demak, har bir ish joyida xavfsiz muhit yaratish, har bir ishchining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish davlat, jamiyat va ish beruvchilarning umumiy burchidir.

Biz iqtisodiy o‘sish haqida gapirar ekanmiz, avvalo inson xavfsizligi haqida o‘ylashimiz shart. Chunki har bir saqlab qolingan hayot - eng katta yutuq, har bir oldi olingan baxtsiz hodisa - eng muhim investitsiyadir. Mehnat xavfsizligi esa inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va mamlakat kelajagiga mas’uliyatli munosabatning amaliy ifodasidir.


Nazira MUXTOROVA,
Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 10-iyun sonidan olindi