Iqtisodiy diplomatiyaning samarali platformasi


748     19.06.2026

Bugun jahon iqtisodiyoti keskin o‘zgarishlar, geosiyosiy murakkabliklar va yangi iqtisodiy chaqiriqlar sharoitida rivojlanmoqda. Bunday vaziyatda har bir davlat o‘z iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash orqali raqobatbardoshligini oshirishga intiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy hayotida muhim ahamiyat kasb etayotgan nufuzli xalqaro tadbirga aylandi.

Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati, investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash va tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar amaliy samara bermoqda. Buning yorqin tasdig‘ini har yili yuqori saviyada tashkil etilayotgan ushbu forum misolida ham ko‘rish mumkin.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi so‘nggi yillarda mamlakatimiz investitsiya siyosatida muhim o‘rin egallamoqda. Forum turli mamlakatlarning davlat arboblari, xalqaro moliya institutlari rahbarlari, yirik korporatsiyalar, investitsiya kompaniyalari, banklar va biznes doiralari vakillarini birlashtirmoqda.

Bu forum orqali O‘zbekiston iqtisodiy imkoniyatlari, tizimli islohotlari va kelgusi taraqqiyot strategiyasini xalqaro ham-jamiyatga namoyish etmoqda. Eng muhimi, mazkur maydon orqali yuzlab istiqbolli loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilmoqda, milliardlab dollarlik investisiyalar mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilinmoqda.

Bugun xalqaro ekspertlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng jozibador investitsiya platformalaridan biri sifatida eʼtirof etayotgan bo‘lsa, bu avvalo, Prezidentimizning puxta o‘ylangan iqtisodiy siyosati natijasidir.

Har qanday davlat taraqqiyoti investitsiyalar hajmi va samaradorligi bilan bevosita bog‘liq. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy texnologiyalar, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan korxonalar va yangi ish o‘rinlari aynan investitsiyalar hisobiga tashkil etiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi bir necha barobar oshdi. Bu jarayonda mazkur forum muhim katalizator vazifasini bajarmoqda. Binobarin, forum doirasida “yashil” energetika, sanoat, trans-port-logistika, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, turizm, taʼlim va sog‘liqni saqlash sohalarida ko‘plab yirik loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolanmoqda. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlar kesimida muvozanatli rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha erishilayotgan natijalar alohida eʼtiborga loyiq.

Joriy yilgi forum doirasida Prezidentimizning dunyodagi yetakchi kompaniyalar rah-barlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari mamlakatimizga ishonch tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon qildi. Xususan, Saudiya Arabistonining yirik kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda energetika, transport, infratuzilma, turizm va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamda rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qilindi. Bu kabi muloqotlar mamlakatimizga yangi investitsiyalar kirib kelishini taʼminlash bilan birga zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or boshqaruv tajribalarini jalb qilish imkonini ham yaratadi.

Shu maʼnoda, forumni faqat kelishuvlar imzolanadigan maydon emas, balki ishonch, muloqot va strategik sheriklik platformasi sifatida baholash to‘g‘ri bo‘ladi.

Ushbu forum mamlakatimiz xalqaro imi-jini mustahkamlashda ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bir necha yil avval xalqaro biznes doiralari O‘zbekiston haqida cheklangan maʼlumotga ega bo‘lgan, bugun esa mamlakatimiz jahon iqtisodiy xaritasida faol investitsiya markazlaridan biri sifatida tilga olinmoqda. Bu mamlakatimizda keyingi yillardagi tub yangilanishlar bilan bog‘liq. Ishtirokchilar aynan shu o‘zgarishlarni yuqori baholab, O‘zbekistonni uzoq muddatli investitsiyalar uchun ishonchli hamkor sifatida ko‘rmoqda.

Investitsiyalarni jalb qilishdan ko‘zlan-gan asosiy maqsad faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilashdangina iborat emas. Eng muhim vazifa aholi farovonligini oshirishdir.

Forum natijasida amalga oshirilayotgan loyihalar mamlakatimizning barcha hududini qamrab olmoqda. Yangi sanoat zonalari, “yashil” energetika obyektlari, logistika markazlari, mehmonxonalar, taʼlim va tibbiyot muassasalari qurilmoqda. Bu esa o‘n minglab yangi ish o‘rinlari ochilishi, aholi daromadining o‘sishi, mahalliy tadbirkor-lik rivojlanishi, eksport imkoniyatlarining kengayishi, hududlar iqtisodiy faolligining oshishiga xizmat qilmoqda.

Shu jihatdan qaraganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumining samarasi har bir oila va har bir mahalla hayotida o‘z aksini topayotganini ko‘rish mumkin.

Umuman olganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumi bugun yangi O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, ochiq va pragmatik tashqi iqtisodiy siyosati, xalqaro hamkorlikka qatʼiy intilishini namoyon etayotgan eng muhim xalqaro platformalardan biriga aylandi. Shubhasiz, kelgusi yillarda ham mamlakatimiz taraqqiyotining muhim drayverlaridan biri bo‘lib qoladi va barqaror iqtisodiy yuksalishga munosib hissa qo‘shadi.


Jamila BOBONAZAROVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2026-yil 19-iyun sonidan olindi