941 19.06.2026
Beshinchi bor o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘zining ko‘lami va nufuzi bilan, shubhasiz, bugun xalqaro darajadagi iqtisodiy anjumanlardan biriga aylandi. 2022 yilgi ilk forumda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan 1000ga yaqin mehmon ishtirok etgan bo‘lsa, bu galgisida 100 dan ortiq davlatdan 10 mingdan ortiq xorijlik mehmon qatnashdi.
Albatta, shu kungacha o‘tkazilgan forumlarning barchasi O‘zbekiston uchun muhim o‘ringa ega bo‘lgan, lekin bu forum alohida ahamiyat kasb etdi. Forumda ishtirok etgan Davlatmiz rahbari o‘z chiqishida investorlar uchun huquqiy kafolatlar yana-da kuchayishini taʼkidlab, endi sarmoyadorlar eʼtirof etilgan xalqaro mexanizmlar orqali ham himoya qilinishini maʼlum qildi.
Jumladan, huquqiy Konstitutsiya bilan mustahkamlanadigan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish ishlari shu kunlarda yana-da jadallashdi va markaz Angliya hamda Uels huquqiga asoslangan maxsus tartib-tamoyil asosida faoliyat yuritadi. Yaʼni, ishtirokchilar uchun jozibador soliq tizimi yaratiladi. Istalgan valyutada hisob-kitob qilinadi, mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi. Umuman olganda, markaz qatnashchilari O‘zbekistonning o‘zida kafolatlangan xalqaro huquqiy himoyaga ega bo‘ladi va shakllanayotgan yangi tizim xorij investorlari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazi 2030 yilga borib mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha 20−25 mlrd dollar jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har yili yalpi ichki mahsulotning 1 foizgacha qo‘shimcha o‘sishini taʼminlaydi. 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rnini yaratadi va 10 ming nafar mutaxassisning malakasini oshirishga hissa qo‘shadi.
Prezidentimiz o‘z nutqida O‘zbekistonning nufuzli moliyaviy institutlar va chet el samroyadorlari bilan ko‘p qirrali hamkorligini yana-da kengaytirishga qaratilgan bir qator ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtaldi. Oltinchi yo‘nalish sifatida hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish lozimligini va bunda turizm hamda zamonaviy agrosanoat muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan besh oyida yurtimizga kelayotgan xorijiy turistlar oqimi 27 foizga o‘sib, 5,5 million nafarga yetdi va O‘zbekiston xalqaro sayyohlar oqimi tez o‘sayotgan global besh davlatdan biriga aylandi. Yurtimizda har yili 15-20 mln xorijlik sayyohlarni qabul qilish va kamida 15 mlrd dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati bor. Shu bois, investorlar nafaqat Samarqand, Buxoro va Xivaga, boshqa hududlarimizdagi turistik loyihalarda ham faol qatnashish imkoniyatiga ega.
Mamlakatimizda anʼanaviy qishloq xo‘jaligini ilg‘or agrobiznes tarmog‘iga aylantirish bo‘yicha ham dadil qadamlar tashlanyapti. Sohada islohotlarni yana-da chuqurlashtirish va barqaror rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb etish maqsadida 71 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Natijada o‘tgan yili oziq-ovqat sanoatida 142,2 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish 107 foizni tashkil etdi. Eng muhimi, 1,3 million nafar doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Hozirgi kunga kelib, O‘zbekiston dunyoning 70 dan ortiq davlatiga yiliga 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilib, o‘z “brendi”ga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston nafaqat qariyb 40 millionli aholisini sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash, hosildorlikni yana-da oshirish orqali yangi organik mahsulotlarni ko‘paytirib, eksportni 10 mlrd dollarga yetkazish marrasini olgan.
Albatta, bu maqsadlarga erishishda xorijiy investitsiya muhim ahamiyatga ega. Shu bois, investitsiya forumida mamlakatimizning 14 ta hududi rahbarlari ham ishtirok etdi va chet el sarmoyadorlari uchun ular hamrohligida hududlarga borib, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bevosita tanishish, tajriba almashish, texnologiya va sarmoyalari bilan o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
Nigora LUTFULLAYEVA,