Mustaqillik, odil sudlov, kollegiallik va oshkoralik huquqi mustahkamlanyapti


805     26.06.2026

Sud tizimining mustaqil va mustahkam institutsional rivojida deputatlarimiz tomonidan qizg‘in muhokama qilingan “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi qonun muhim qadam bo‘ldi.

Ushbu qonun sudyalarning o‘z-o‘zini boshqarish tamoyillarini yanada kengroq joriy etish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini boshqa davlat organlari hamda jamoat birlashmalari oldida ishonchli himoya qilishda hamjamiyat organlarining rolini oshirish, sudyalik odobi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan xolis nazorat mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Qayd etish joizki, sudyalar hamjamiyatining a’zolari, hamjamiyat organi sifatida faoliyat yuritadigan tuzilmalar ro‘yxati, ularning iyerarxiyasi, vakolatlari va shakllantirilish tartibi ilk bor qonun darajasida kompleks tartibga solinmoqda. Shuningdek, ushbu organlar faoliyatini tashkiliy, moddiy-texnik va moliyaviy jihatdan ta’minlashning huquqiy asoslari kafolatlanib, qonunga ilova sifatida “Sudyalar malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi nizomning yangi tahririni tasdiqlash nazarda tutilyapti.

Ma’lumki, sudyalar hamjamiyati organlari jamiyatning va fuqarolarning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, sud tizimini va sud ishini yuritishni takomillashtirishga ko‘maklashish, sudyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi.

Ushbu qonunni qabul qilishdan maqsad ham sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy maqomi, ularni shakllantirish tartibi va vakolatlarini yagona, tizimlashtirilgan qonun darajasida tartibga solishdan iborat edi. Ilgari ushbu munosabatlar turli qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solingan bo‘lsa, endilikda bu sohada to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi yaxlit qonunchilik bazasi yaratilmoqda.

Unda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining to‘rtta - sudyalar mustaqilligi, odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi, kollegiallik va oshkoralik kabi ustuvor prinsiplar mustahkamlab qo‘yilyapti. Shuningdek, qonunga ko‘ra, amaldagi sudyalar bilan bir qatorda, iste’fodagi sudyalar ham hamjamiyat a’zosi sifatida e’tirof etilmoqda. Bu esa ko‘p yillik tajribaga ega faxriy sudyalar salohiyatidan ixtiyoriylik asosida unumli foydalanish imkonini beradi.

Hujjatda sudyalar hamjamiyati organlarining aniq tuzilmasi va ularning o‘zaro funksional bog‘liqligi ham belgilab qo‘yilmoqda. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalari qurultoyi hamjamiyatning oliy organi hisoblanib, 5 yilda kamida bir marta chaqiriladi. Qurultoy Sudyalar odobi kodeksini tasdiqlaydi va sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha strategik chora-tadbirlarni belgilaydi.

Mazkur qonun sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlash, uning nufuzini mustahkamlash, sudyalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

Davron Aripov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 24-iyun sonidan olindi