Otala kuni


556     26.06.2026

«Milliy tiklanish»ning «Otalar kuni»ni nishonlash tashabbusiga doir so‘rovida ishtirok etgan 10 mingga yaqin respondentning 72 foizi ushbu tashabbusni to‘la qo‘llab- quvvatladi. Ishtirokchilarning 10 foizi masala mohiyatini chuqurroq o‘rganishni taklif qilgan bo‘lsa, 3 foizi bu borada betaraf qolgan. Shu o‘rinda respondentlarning 17 foizi qarshi fikr bildirib, otaga ehtirom bir kunlik emas, kundalik qadriyatga aylanishi kerak, degan fikrni bildirishgan.

Aytish joizki, partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham yosh avlod tarbiyasiga ustuvorlik berilib, oilaviy hamjihatlikni ta’minlash, oila sha’ni himoyachisi bo‘lgan otalarning oiladan, farzand tarbiyasidan uzoqlashishining oldini olish maqsadida O‘zbekistonda «Otalar kuni»ni joriy etishga doir bir qator vazifalar belgilab olingan edi.

Taniqli olim Muhammadjon Quronovning yozishicha, bundan 20 yilcha oldin o‘tkazilgan tadqiqotlarda otalar bolasi uchun bir kunda o‘rtacha 10-15 daqiqa vaqt ajratishgani ma’lum bo‘lgan. «Oila va gender» ilmiy-tadqiqot institutining 2024 yilgi ijtimoiy so‘rovnomasida ham aynan shu masala muhokama qilingan ekan. Xususan, unda ishtirok etgan 55,6 foiz ona bo‘sh vaqtini asosan farzandlari bilan, 36,3 foiz ota esa do‘stlari bilan o‘tkazishni ma’qul ko‘rishini aytishgan. Yakuniy tahlillar otalarning o‘z farzandlari bilan vaqt o‘tkazishlari ulushi atigi 27,3 foizni tashkil etishini ko‘rsatgan...

Shu o‘rinda quyidagi raqamlarga e’tibor qaratsak: keyingi besh yillik tahlillariga ko‘ra, narkojinoyatlar soni ikki barobarga ko‘paygan. Sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi esa 400 martaga ortgan. Eng achinarlisi, 2025 yili narkojinoyat sodir qilganlarning 3 744 nafarini yoshlar tashkil etgan. Xavotirlisi shundaki, ularning 111 nafari voyaga yetmagan, 59 nafari o‘quvchi, 124 nafari esa talaba ekanidir. Xorijlik olimlar xulosasiga ko‘ra, otasi bilan sirdosh bo‘lgan bolalar, odatda, ichkilikbozlik va giyohvandlikdan uzoq, noto‘liq oila farzandlarining 33 foizdan ortig‘i esa ayni illatlarga moyil bo‘ladi.

 

FAVVORALAR KUNI BOR, OTALAR KUNI ESA...

Kezi kelganda «Milliy tiklanish» yetakchisi Alisher Qodirovning bir necha yillardan buyon farzand tarbiyasi va jamiyat rivojida otalarning o‘rni «Otalar kuni»ni jiddiy siyosiy-ijtimoiy kun sifatida ommalashtirish zarurligini ta’kidlab kelganini aytish joiz. Chindan ham, ushbu tashabbus zamirida katta hayotiy haqiqat yotibdi. Partiya raisi ta’kidlaganidek, ota, birinchi navbatda, o‘z oilasi, rafiqasi va farzandlari oldidagi mas’uliyatini teran anglaydigan, bor daromadini xonadoni farovonligiga yo‘naltiradigan fidoyi insondir. Bas shunday ekan, nega yurtimizda oilalar uchun, tarbiya mezoni va kelajagimiz uchun mas’ul bo‘lgan otalar kunini belgilash mumkin emas?

Ayni tashabbus muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi tadbirda Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova so‘zga chiqib, ushbu tashabbus mohiyatini ochib berdi, deyish mumkin: mamlakatimizda hatto norasmiy bo‘lsa-da, favvoralar kuni nishonlanadi. Gullarni ulug‘lash, turli kasb egalarini e’tirof etish yaxshi, albatta. Ammo bugun oila tayanchi bo‘lgan mas’uliyatli otalikni ulug‘laydigan alohida kun yo‘qligini afsus bilan ta’kidlash joiz!

- Bu bayram emas, balki davlatning oila tarbiya siyosati masalasidir. Bu kunni e’tirof etish payti allaqachon yetib keldi. Ushbu masalaga e’tibor qaratilsa, otaning tarbiyadagi o‘rni yanada kuchayadi hamda jamiyatda eng kamida farzand bilan sifatli vaqt o‘tkazish madaniyati rivojlanishiga turtki beriladi. Ikkinchidan, konstitutsiyaviy g‘oyalarni hayotiy madaniyatga aylantirish barobarida otalik mas’uliyatini ommalashtirish orqali oilaviy qadriyatlarni mustahkamlaymiz. Bu ham huquqiy va ma’naviy-ijtimoiy implementatsiya vositasidir. Uchinchidan, demografik xavflarga qarshi profilaktik chora sifatida «mas’uliyatli otalik - milliy qadriyat»ga o'xshash g‘oyalarni shakllantirish imkoniyati kengayadi. Ya’ni, davlat tomonidan otalik modeli rag‘batlantiriladi. To‘rtinchidan, ushbu g‘oya milliy mafkurani mustahkamlash vositasi ekanini unutmasligimiz kerak. Ya’ni, o‘zbek jamiyatida ota-xonadon ustuni, ota roziligi, ota duosi kabi fikrlar asrlar davomida muhim ma’naviy tushunchalardan bo‘lib kelgan. Otalar kuni ana shu milliy ma’naviy merosni zamonaviy formatda qayta jonlantirish imkonini beradi.

Beshinchidan, bu gender masalasi emas. Ayrimlar ushbu tashabbusni ayollar va erkaklarn bir-birlariga qarama-qarshi qo'yish, deb ham baholashlari mumkin. Aslida esa maqsad boshqa: onalar kunida onaning mehri ulug'lansa, Otalar kunida otaning mas'uliyati e'tirof etiladi. Otalar kuni - erkak- larni tabriklash uchun emas, otalikning mas'uliyatini eslatish uchun kerak, - dedi F.Muhammedjanova.

 

MUTAXASSISLAR NIMA DEYDI?

Xorij tajribasiga ko'ra, dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlda bu kun keng nishonlanar ekan. Jumladan, AQSHda Otalar kuni (Father's Day) ilk bor 1910 yilda Vashington shtatida nishonlangan. 1972 yili esa rasman milliy bayram sifatida tan olingan. Yaponiyada ham Otalar kuni («Chichi no Hi») ilk bor 1950 yilda nishonlanib, keyin ommalashgan va bugungacha har yili iyun oyining uchinchi yakshanbasida bayram qilinadi. Angliyaliklar ham ushbu bayramni iyun oyining uchinchi yakshanbasida oila davrasida o‘tkazisharkan. Germaniyada esa Otalar kuni rasman dam olish kuni hisoblanadi. Shu kuni erkaklar do‘stlari bilan tabiat qo‘ynida sayr qilishadi, «Vatertag» deb ataluvchi tadbirlarda ishtirok etishadi. Braziliyada ham avgust oyining ikkinchi yakshanbasi otalarga bag‘ishlangan...

Tadbir mehmoni Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o'rinbosari Mukarram Nurmatova globallashuv sharoitida otalarning mavqei pasayib, ularga ko'proq faqat oila boquvchisi sifatida qarala boshlaganiga to'xtalib, faoliyatidan hayotiy misollar keltirdi. Shuningdek, Qo'mita va Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan «Otalar maktabi» loyihasi yaxshi natija berayotganini aytib o'tdi.

«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva esa mehnat migratsiyasi, raqamlashtirish va kiberxavfsizlik kabi yangi chaqiriqlar sharoitida otalarning vazifasi faqat iqtisodiy ta'minlovchilik bilan cheklanmasligi lozimligini ta'kidladi. Uning fikricha, «Otalar kuni»ni bir martalik bayram sifatida nishonlash emas, balki yil davomida mas’uliyatli otalik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan tizimli dasturlar, otalar maktablari, kengashlari va ma’rifiy loyihalar bilan boyitish maqsadga muvofiq. Oilaviy ajrashishlar holati o‘rganilganda ularning 10 foizgachasi, aynan farzandsizlik tufayli sodir bo‘lishini aniqlashibdi. Farzandsizlikning asl sabablaridan biri o‘smirlik davrida o‘g‘il bolalarning reproduktiv salomatligiga yetarlicha e’tibor qaratilmaganidadir.

- Biz farzandsizlikda ko‘proq ayollarni ayblaymiz. Aslida esa bu muammo ko‘proq o‘smirlik yoshida otalarning o‘z o‘g‘illari bilan muloqot qilmaganliklari oqibatida yuzaga kelmoqda, - dedi N. Egamberdiyeva. Ta’kidlanganidek, otaning o‘g‘li bilan ishlamagani, reproduktiv salomatligi bo‘yicha kerakli choralarni ko‘rmagani ham farzandsizlikka ta’sir etmoqda. Jurnalist Nozima Vohidovaning aytishicha, bolalik chog‘lari har shanba kuni otasi farzandlarini yig‘ib, hafta davomida bajarilgan ishlarni muhokama qilar, yaxshi o‘qish va intilishlarini «G‘uncha», «Gulxan» jurnallariga obuna qilish orqali rag‘batlantirib borgan ekan.

- Bu biz uchun shunchaki oilaviy suhbat emas, balki tarbiya, mas’uliyat va qadriyatlar maktabi bo‘lgan. Bugun oilamizdan ko‘plab olimlar, fan nomzodlari va professorlar yetishib chiqqani ham aslida otamiz bergan tarbiya samarasidir, - deydi jurnalist. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Mirg‘oziyevaning ta’kidlashicha, Otalar kunining joriy etilishi yurtimiz kelajagi, oilalarimiz tinchlik-xotirjamligi va yoshlarning vatanparvarlik ruhida ulg‘ayishiga xizmat qiladi. O‘z uyini, ota-onasini ardoqlagan farzand, shubhasiz, Vataniga ham sadoqatli bo‘ladi. Shuningdek, bu sana doirasida tashkil etiladigan ma’naviy- ma’rifiy tadbirlar otalarni farzand tarbiyasiga yanada kuchliroq e’tibor qaratishga undasa, yoshlar qalbida ota-onaga nisbatan cheksiz hurmat va sadoqat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Psixolog Shoira Isakova esa Otalar kunini nishonlash bilan cheklanib qolmasdan, yil davomida otalik madaniyati va oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etib borish kerakligini ta’kidladi.

«Peshqadamlar karvoni» mas’uliyati cheklangan jamiyat ta’sischisi Odinaxon Muhammad Sodiqning quyidagi fikrlari esa tadbir ishtirokchilari uchun ayniqsa, e’tiborli bo‘ldi: - Muqaddas manbalarda bandaning Yaratganga bo‘lgan munosabati bilan bir qatorda ota-onaga bo‘lgan munosabati ham zikr qilinadi, - dedi u. – Shu nuqtayi nazardan qaralganda, bu juda ajoyib tashabbus bo'libdi. Chunki Otalar qadriyatlarimizda nihoyatda yuksak maqomga ko'tarilgan. Tarixga nazar solsak, bu millatimizning eng mustahkam qadriyatlaridan biri ekaniga guvoh bo'lamiz. Zero, o'zbek xalqi o‘z boshiga qanday kun kelsa ham, qanday holatlardan o'tsa ham, ushbu qadriyatni saqlab qolgan.

Lekin ba’zi bir sabablar va omillarga ko‘ra, yoshlarimiz fikri yoki vujudga kelayotgan oilaviy holatlarda bu masalada biroz zaiflashish ro‘y berdi. Shu ma’noda ham mana shu chiroyli, ta’bir joiz bo‘lsa o‘ta muhim qadriyatni saqlab qolish hammamizning burchimizdir. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov partiya tashabbusiga munosabat bildirar ekan, uzoq yillar Fransiyada yashagani, ilk bor bu davlatda Otalar kuni nishonlanishini bilganida hayron qolganini gapirib berdi.

- Otalar kunining falsafasi, ya’ni uni nishonlashdan ma’no, maqsad nima, degan savollar bilan o‘sha paytda qiziqqan edim. Bundan asosiy maqsad oila institutini mustahkamlash, oilada onaning qadr-qimmatini ulug‘lash bilan birgalikda, otani burchakka qo‘ymaslik, ota bilan onani bir-biri bilan uzviy bog‘lash, oilani mustahkam, yaxlit, yagona institut sifatida ko‘rish ekan. Fransiyada Otalar kuni bo‘lganda, maktablarning har bir sinfida otalarni xursand qilish uchun bolalar o‘zlari chizgan rasmlar yoki o‘zlari yasagan o‘yinchoqlarni uyga qaytib, otalariga sovg‘a qilish urfga kirgan. Eng muhimi, bu kunni nishonlash ota farzandlarini katta hayotga tayyorlash uchun mas’ulligi, oilasining ma’naviy va iqtisodiy yuksalishi unga bog‘liq ekanini chuqurroq his qilishda muhim rol o‘ynaydi.

 

XULOSA O‘ZINGIZDAN...

Tan olaylik, bugun ushbu taklif jamiyatdagi ayrim og‘riqli va noxush illatlar sabab tug‘ildi. Taassufki, oxirgi paytlarda ota maqomiga, uning shaxsiga nisbatan qarashlarda salbiy o‘zgarishlar kuzatilyapti. Ayrim yengil-yelpi seriallar, ijtimoiy tarmoqlardagi roliklar va arzon kulgiga asoslangan chiqishlarda ota siymosi yovuz qahramon, masxaraboz yoki noshud, zaif er sifatida gavdalantirilmoqda. Bunday nosog‘lom qarashlar ming yillik otalik maqomiga putur yetkazmoqda. Yosh avlod tarbiyasidagi muvozanatsizlik, odob va axloq chegaralarining surbetlarcha buzilayotgani ham aynan oilalarda ota so‘zining vazni va nufuzi susayib borayotgani bilan bog‘liqdir. Modomiki, biz ota qadrini baland ko‘tarmas ekanmiz, kelajak avlod tarbiyasidagi ma’naviy bo‘shliqni hech bir tizim bilan to‘ldira olmaymiz.

 

Feruza JALILOVA,
partiya Markaziy kengashi mas’ul xodimi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 24-iyun sonidan olindi