607 26.06.2026
XXI asrning birinchi choragida internet va uyali telefon mo‘jizalari dunyo axborot maydonini egallab, 150 yillik tarixga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari o‘rnini ommaviy kommunikatsiya vositalariga bo‘shatib berdi.
Ayrim manbalarda bugun 100 000 dan ortiq gazeta va boshqa bosma nashrlar faoliyat yuritayotgani ta’kidlanyapti. Lekin kunlik gazetalar soni 10 000 tadan 15 000 tagacha ekani qayd etilmoqda. Qolganlari haftada bir marta chiqadigan gazetalar ekan.
Lekin boshqa bir manbalarda Hindistonning o‘zida 140 000 dan ortiq gazeta va jurnallar rasman ro‘yxatga olingani aytilyapti. Shundan 9 000 tasi kunlik gazetalardir.
AQSHda esa 7 000 dan ortiq faol gazetalar bo‘lib, shulardan 1 200 tasi har kuni chiqadi, qolgan 6 000 ga yaqini esa haftalik nashrlardir.
Xitoyda esa davlat nashrlari sanalgan 1 800 taga yaqin gazetalar bo‘lib, ularning tiraji (adadi) millionlab nusxalarni tashkil etarkan. Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya singari davlatlarda 4 000 dan ortiq turli darajadagi kundalik va haftalik gazetalar bor.
Ko‘rinib turibdiki, yaqin-yaqingacha ham dunyo axborot makonida yetakchilik qilgan an’anaviy matbuot ko‘lami yildan-yilga kamayib boryapti. Agar an’anaviy modelda har bir OAVda alohida jamoa faoliyat olib borgan bo'lsa, zamonaviy - konvergent tahririyatda jurnalist bir voqea haqida maqola yozishi, video tayyorlashi, audio intervyu yozib, hatto ijtimoiy tarmoqlar uchun «post» tayyorlashi mumkin. Shu ma’noda ham konvergent tahririyatlarga barcha media platformalar uchun yagona kontent ishlab chiqaruvchi tahririyat, deb ta'rif berish mumkin. Ammo zamon o'zgarishlariga qaramay, haligacha aksariyat tahririyatlar an'anaviy shaklda faoliyat yuritishda davom etishyapti. Bunda bir jurnalist yozgan maqolani muharrir tahrir qiladi, musahhih xatolarini topadi, boshqa bir xodim esa uni sayt yoki veb ilovaga joylaydi.
AMALIYOT MUHIM, AMMO...
Tabiiyki, jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan har bir talaba uchun nazariya va amaliyot birdek olib borilishi uning mutaxassis bo‘lib yetishishida juda muhim nuqta sanaladi. Ammo bugun «tanishtiruv amaliyoti»ning 15 kun, «ishlab chiqarish amaliyoti»ning bor yo‘g‘i 30 (ba’zan undan ko‘proq) kun etib belgilanishi yuqoridagi talabni yo‘qqa chiqarmoqda. Bundan tashqari, talabaga amaliyot davrida 3tadan 5 tagacha maqola yoki xabar tayyorlab, gazetada chiqarish talabi ham biroz erishdek, nazarimizda.
Tasavvur qiling, an’anaviy shaklda faoliyat yuritayotgan tahririyatda tajribali jurnalist ham bitta tahliliy maqola yozishga haftalab vaqt sarflashi mumkin. Shu nuqtayi nazardan I bosqich talabasi tezkor va tahliliy maqola tayyorlash ko'ni
lozim. Bunda tezkorlik bilan tayyorlangan maqola yoki xabarni gazeta saytida ham e’lon qilish imkoniyati bo‘ladi. Darvoqe, tahririyatlar bu borada ham konvergent shaklda ishlash amaliyotini chuqur o‘ylab ko‘rishlari kerak. Chunki talaba uchun ham ayni asosda amaliyot o‘tash muhim tajriba bo‘ladi. Manbalar bilan ishlash, fakt-cheking qilish ham osonlashadi. Savollar, muammolarga yechim topiladi, albatta. Faqat jiddiy izlanish, amaliyotchilar bilan birlashgan holda mavjud intellektual kuchlarni safarbar etish kerak.
OAVlari bilan bog‘liq yana bir masala bu...
... SO‘Z ERKINLIGI MASALASI
Ma’lumki, Yangi O‘zbekistonda matbuot va ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi va ilgari ko‘proq axborot tarqatuvchi vosita sifatida qabul qilingan jurnalistika bugun davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim muloqot maydoniga aylanib ulgurdi.
Bugun vazirlik va idoralar faoliyati haqida axborot berish tizimi yo‘lga qo‘yilib, matbuot anjumanlari va brifinglar muntazam o‘tkazilyapti, davlat xizmatchilari esa jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining savollariga javob berishyapti.
Eng muhimi, jamiyatdagi muammolar ochiq muhokama qilinyapti. Jurnalistlarimiz ko‘targan ko‘plab masalalar davlat organlari tomonidan o‘rganilib, amaliy choralar ko‘rilayotgani ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotida ta’sirchan institut sifatida namoyon bo‘layotganini ko‘rsatyapti. Shunga qaramay, hali ham ayrim tashkilotlar yopiqligicha qolmoqda. Nazarimda eski tizim ta’siri va eski zanjirning uzilishi uchun vaqt kerak...
Ushbu jarayon aholiga tezkor va xolis axborot yetkazish imkoniyatlarini kengaytirishi bilan birga, axborot xavfsizligi, feyk xabarlarga qarshi kurashish va media savodxonlikni oshirish kabi yangi vazifalarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda.
YANGI ASR TALABI HAM YANGICHA
Bugun jurnalistlarimizdan nafaqat xabar tayyorlovchi mutaxassis, balki tahlilchi, tadqiqotchi va raqamli texnologiyalar bilan ishlay oladigan universal kadr bo‘lish talab etilmoqda.
Zero, XXI asr - axborot asrida O‘zbekistonda ham yangi media muhiti va raqamli transformatsiya rivojlanyapti. Globallashuv sharoitida axborot eng muhim strategik resursga aylanar ekan, O‘zbekistonda ham raqamli texnologiyalarni joriy etish, axborot sohasini modernizatsiya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shunga ko‘ra, keyingi yillarda internet nashrlari, elektron ommaviy axborot vositalari, veb-platformalar, ijtimoiy tarmoqlar va blogerlik instituti jadal rivojlandi. Jamiyatdagi ayrim muammolarni ochiq ko‘tarish, ularni muhokama qilish va yechimlar taklif etish jurnalistikaning muhim vazifasi ekanini hisobga olsak, bugun bu borada anchagina siljish yuz berganini ko‘ramiz, ammo haligacha jurnalistikamiz oldida yanada muhim vazifalar borligini ham inkor eta olmaymiz.
NONDAN KO‘P AXBOROT ISTE’MOL QILYAPMIZ
Xalqaro tahlillar bugun inson ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan yeguliklardan ham ko‘proq axborot iste’mol qilinayotganini ko‘rsatyapti. Turli axborot xurujlari, manipulyatsiya va dezinformatsiya holatlari davlatlar oldiga yangi vazifalar qo‘ymoqdaki, bunday sharoitda milliy axborot makonini rivojlantirish, aholini ishonchli axborot bilan ta’minlash va yoshlarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish nihoyatda muhimdir.
Shunga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan media siyosati nafaqat mamlakat ichki taraqqiyoti, balki milliy xavfsizlik va milliy manfaatlarni ta’minlash nuqtayi nazaridan ham strategik ahamiyat kasb etadi.
Muxtasar aytganda, tahliliy jurnalistikani rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash, raqamli jurnalistikani keng joriy etish, mediasavodxonlik darajasini oshirish, yolg‘on axborotlarga qarshi samarali kurashish, milliy kontent raqobatbardoshligini kuchaytirish bilan birga davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot samaradorligini yanada oshirish MILLIY JURNALISTIKA- MIZNING ENG MUHIM talabidir.
Oisha ZAKIROVA,
O‘zJOKUning PR va menejment fakulteti dekani, jurnalistika ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 24-iyun sonidan olindi