930 03.07.2026
2026-yilning yanvar-iyun oylari yakunlari bo‘yicha yoshlar manfaatlarini ta’minlash, ularning muammolarini hal etish hamda yoshlar siyosati ijrosiga munosib hissa qo‘shishda eng yuqori natijalarni qayd etgan 30 nafar mahalliy Kengash deputatlari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yoshlarga oid masalalar yuzasidan mahalliy Kengashlar sessiyalariga 30 ta, doimiy komissiyalar yig‘ilishlariga esa 46 ta tashabbus va taklif kiritildi. Shuningdek, yoshlarga oid qonunlar hamda Hukumat qarorlari ijrosi yuzasidan 59 ta deputat so‘rovi yuborilib, ularning 53 tasi ijobiy hal etildi. Fuqarolar murojaatlari asosida yoshlarga daxldor masalalar bo‘yicha esa 92 ta deputat so‘rovi yuborilib, shundan 83 tasi ijobiy yechim topdi.
Hisobot davrida mazkur deputatlarga turli masalalar yuzasidan 554 nafar yosh murojaat qilgan bo‘lib, ularning 481 nafariga amaliy yechim topildi. Deputatlar tashabbusi va ko‘magi natijasida 131 nafar yosh ish bilan ta’minlandi, 112 nafari kredit mablag‘lari bilan qo‘llab-quvvatlandi, 27 nafar yoshning o‘quv shartnoma to‘lovlari to'lab berildi, 192 nafar yoshga esa boshqa turdagi ijtimoiy, huquqiy va moddiy ko‘maklar ko‘rsatildi.
Mazkur natijalar deputatlik faoliyati nafaqat vakillik va nazorat funksiyalarini samarali amalga oshirish, balki yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini tizimli o‘rganish va amaliy hal etishga qaratilganini yaqqol namoyon etmoqda. Ayniqsa, bandlikni ta’minlash, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy natijalar partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalar amalga oshayotganini tasdiqlaydi. Eng muhimi, ushbu ko‘rsatkichlar deputatlik faoliyatining aniq natijalarga yo‘naltirilgani, elektorat bilan samarali muloqot o‘rnatilgani hamda yoshlar manfaatlarini ta’minlash borasida amaliy parlament nazorati mexanizmlari qo‘llanilayotganidan dalolat beradi.