TARAQQIYOTNI JADALLASHTIRUVCHI JOZIBADOR TARMOQ


531     03.07.2026

Yangi O‘zbekistonda kechayotgan izchil islohotlar natijasida turizm iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan va yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Ochiqlik siyosati, infratuzilma modernizatsiyasi va ichki turizmni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar mamlakatning xalqaro turistik maydondagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.

Bugungi global iqtisodiyotda turizm faqat xizmat ko‘rsatish sohasi emas, balki investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, hududlar rivojini ta’minlash va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi strategik tarmoq sifatida baholanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda bu sohaga davlat siyosati darajasida ustuvorlik berilishi e’tiborga molik.

2019-2025-yillarga mo‘ljallangan Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar sohada yangi institutsional muhitni shakllantirib, xizmatlar sifatini oshirish va raqobatbardoshlikni kuchaytirishga xizmat qilyapti. Xususan, xorijiy turistlar uchun viza tartiblarining sezilarli yengillashtirilishi mamlakatga kirish imkoniyatlarini kengaytirdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 94 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan, 52 ta mamlakat uchun elektron viza tizimi amal qilmoqda, 45 ta davlat fuqarolari uchun esa tranzitning qulay shakllari yaratilgan. Natijada 2024-yilning yanvar — may oylarida mamlakatimizga 203 ta davlatdan 5 milliondan ziyod xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi.

Turizm infratuzilmasini rivojlantirish doirasida Samarqand shahrida barpo etilgan “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi eng yirik turistik majmualardan biriga aylandi. U yiliga 2 mln. nafargacha sayyohlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, zamonaviy mehmonxonalar, kongress zallari va madaniy obyektlarni birlashtirgan holda O‘zbekistonning xalqaro turizm xaritasidagi o‘rnini mustahkamlamoqda.

Shu bilan bir qatorda, Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham mamlakatning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladigan strategik ma’naviy-ma’rifiy majmua sifatida alohida ahamiyatga ega. Ushbu markaz o‘zining ulkan me’moriy ko‘lami va noyob dizayni bilan “Ginnesning rekordlar kitobi”dan o‘rin olgani uning xalqaro e’tirofini yana bir bor tasdiqlaydi.

Markaz islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib etishga qaratilgan yirik ilmiy-amaliy platforma sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda namoyish qilinayotgan noyob qo‘lyozmalar, tarixiy eksponatlar va zamonaviy interfaol texnologiyalar orqali xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy va ma’naviy merosi keng jamoatchilikka yetkazilyapti.

Shuningdek, ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida keshbek tizimining joriy etilishi fuqarolarning mamlakat bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirib, mahalliy xizmatlar bozorini faollashtirmoqda.

Yangi O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash, hududlar rivojini jadallashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va milliy madaniy merosni jahon miqyosida targ‘ib qilishning muhim omiliga aylanmoqda.

 

Jamila BOBONAZAROVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi