Markaziy Osiyo integratsiyasi yangi bosqichga kirmoqda


545     03.08.2026

Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon rahbarlarining maslahat uchrashuvi, shubhasiz, mintaqada yangi integratsiya jarayonlarini boshlab berdi. Jumladan, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida transport, logistika,  energetika, raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyati yaratildi. Ekologik xavfsizlik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mintaqaviy hamjihatlik yo‘lga qo‘yildi. Taʼlim, fan va madaniy hamkorlikni rivojlantirish orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash eng muhim masalalardan bir sifatida belgilandi.

Shu jihatdan, Maslahat uchrashuvi mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hurmat, strategik sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim siyosiy voqealardan biri bo‘ldi. Uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar nafaqat bugunning dolzarb vazifalari, balki mintaqa taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbolini belgilashda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida Markaziy Osiyo mamlakatlari so‘nggi yillarda o‘zaro ishonch va ochiq muloqot asosida yangi hamkorlik muhitini shakllantirganini bejiz taʼkidlamadilar. Haqiqatan ham, keyingi yillarda chegara masalalarining hal etilishi, savdo-iqtisodiy munosabatlarning faollashuvi, transport va logistika sohasidagi hamkorlikning kengayishi mintaqada integratsiya jarayonlarini sezilarli darajada jadallashtirdi. Bu o‘z navbatida Markaziy Osiyoni xalqaro maydonda yagona va o‘zaro manfaatli hamkorlik hududi sifatida namoyon etmoqda.

Qardosh Ozarbayjonning mazkur Maslahatlashuv formatiga qo‘shilishi ham alohida ahamiyatga ega. Bu qadam ikki mintaqa o‘rtasidagi iqtisodiy, transport va energetik aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi. Ayniqsa, Transkaspiy transport yo‘lagi, xalqaro logistika tarmoqlari va energetika sohasidagi hamkorlik Yevroosiyoda iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Taʼkidlash lozim, uchrashuvda Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “yagona taraqqiyot makoni” g‘oyasi bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda dolzarbligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afg‘onistonni iqtisodiy,  infratuzilmaviy jihatdan o‘zaro bog‘lash mintaqaning tranzit salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiyalarni jalb qilish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar (Big Data) asosida rivojlanmoqda. Shu nuqtai nazardan, mintaqada zamonaviy Data-markazlar, raqamli platformalar va ilmiy-innovatsion markazlarni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik kelajakda Markaziy Osiyoni yuqori texnologiyalar sohasida raqobatbardosh hududga aylantiradi. Bu esa, yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ilm-fan salohiyatini yuksaltirish hamda iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishini taʼminlaydi. Gumanitar aloqalarni kengaytirish, madaniy va taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish esa xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va do‘stlikni yana-da mustahkamlaydi. Yoshlar almashinuvi, qo‘shma taʼlim dasturlari, madaniy tadbirlar va ilmiy hamkorlik mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Cho‘lponota uchrashuvi mintaqada integratsiya jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yana bir bor namoyon etdi. Unda ilgari surilgan tashabbuslar iqtisodiy o‘sish, transport va logistika, raqamli texnologiyalar, taʼlim, ekologiya va gumanitar hamkorlik kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.


Abira HUSEYNOVA,
Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati