Millat oydinlarining azaliy orzusi edi...


1485     14.08.2026

Mustaqillik osonlikcha nasib etadigan ne’mat emas. Uning zamirida avlodlar orzusi, millat oydinlarining ezgu intilishlari mujassamdir.

O‘zbekiston mustaqilligi ham xalqimizning ko‘p asrlik orzu-umidlari va ma’rifatparvar ziyolilarning ezgu g‘oyalari samarasidir. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida siyosiy maydonga chiqqan jadidlar xalqni ilm-ma’rifatli, ozod va taraqqiy etgan yurtda ko‘rishni orzu qildilar. Ular uchun mustaqillik faqat siyosiy erkinlik emas, balki milliy o‘zlikni anglash, ona tili, milliy qadriyatlarni asrab-avaylashning eng muhim sharti edi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon singari ko‘plab ma’rifatparvarlar o‘z asarlari orqali millatning erkin va farovon kelajagini orzu qildilar. Ular zamonaviy ilm-fan, ta’lim va taraqqiyot orqali xalqning kelajagini barpo etish mumkinligiga xalqni ishontirdilar. Afsuski, ularning orzulari ushalmadi... Biroq mustaqillik haqidagi orzulari xalq qalbida bir umrga yashab qoldi.

1991 yilning 31 avgustida O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilib, asrlar davomida ushalmagan orzuni ro‘yobga chiqardi. Bu tarixiy voqea xalqimizning o‘z taqdirini mustaqil belgilash huquqini qo‘lga kiritganining ramzi bo‘ldi. Mustaqillik milliy davlatchilikni tiklash, Konstitutsiya qabul qilish, milliy armiya, milliy valyuta, mustaqil tashqi siyosat va bozor iqtisodiyotiga asoslangan taraqqiyot yo‘lini tanlash imkonini berdi.

Ayni payda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ham mustaqillik g‘oyasining amaliy ifodasidir. Inson qadrini ulug‘lash, qonun ustuvorligini ta’minlash, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar mustaqil taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridir.

Mustaqillikning haqiqiy qiymati uni asrash, mustahkamlash va kelajak avlodlarga munosib tarzda yetkazish bilan o‘lchanadi. Bu esa har bir fuqarodan yuksak mas’uliyat, Vatanga muhabbat va sadoqatni talab etadi. Ayniqsa, yosh avlod mustaqillik qanday mashaqqatlar bilan qo‘lga kiritilganini chuqur anglashi, uning qadriga yetishi zarur.

Mustaqillik — millat oydinlarining asriy orzusi bo‘lgan. Bugun esa u xalqimizning eng katta boyligi, milliy taraqqiyotimiz va ertangi kunimizga ishonch bag‘ishlovchi beqiyos qadriyat sifatida har bir yurtdoshimiz qalbida yashamoqda.

 

Dilafro‘z Sidikova,
Milliy tiklanish demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi bosh mutaxassisi

“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 12-avgust sonidan olindi