1284 14.08.2026
O‘zbekistonimiz mustaqilligining 35 yilligi, shubhasiz, hayotimizdagi eng ulug‘ va eng sharafli sanalardan biridir. Aynan mustaqillik tufayli mamlakatimiz o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilash, milliy davlatchiligimizni mustahkamlash hamda milliy qadriyatlarimizni tiklash imkoniga ega bo‘ldi. Bugun Yangi O‘zbekistonning ulkan yutuqlari ham ana shu tarixiy qarorning amaliy samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mustaqillik yillari Surxondaryo viloyatining ham qiyofasi tubdan o‘zgardi. Zamonaviy maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, shifoxonalar, sanoat korxonalari, keng va ravon yo‘llar, ko‘priklar, yangi turar joylar hamda obod mahallalar bunyod etildi. Ichimlik suvi, elektr energiyasi va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshdi.
Ayni paytda Termiz shahri xalqaro savdo va logistika markazlaridan biri sifatida izchil rivojlanib, viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilyapti. Qayd etish joizki, vohaning shahar va tumanlaridagi bunyodkorlik ishlari mustaqillik bergan imkoniyatlarning yorqin ifodasidir: mehnatkash dehqonlarimiz mo‘l hosil yetishtirishmoqda, tadbirkorlar esa yangi ish o‘rinlarini yaratishmoqda, ustoz va murabbiylar esa barkamol avlodni tarbiyalashda fidoyilik ko‘rsatishayapti.
Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mahallalarni rivojlantirish yo‘nalishidagi islohotlar inson manfaatlariga xizmat qilmoqda. Mustaqillik yillarida vohaning boy tarixiy va madaniy merosini asrash yo‘nalishi ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Termizning ko‘hna obidalari, Boysunning betakror madaniyati va viloyatning ulkan turizm salohiyati bugun dunyo e’tiborini tortmoqda.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida siyosiy partiyalar a’zolari ham faol ishtirok etmoqdalar. Xususan, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat Kengashi tomonidan aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun deputatlik nazoratini kuchaytirilyapti, hududlarni kompleks rivojlantirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va targ‘ib etish, shuningdek, fuqarolar bilan ochiq muloqotlarni yo‘lga qo‘yish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Deputatlar va partiya faollari joylarda saylovchilar bilan muntazam uchrashib, ularning hayotiy muammolarini o‘rganish va hal etishda barcha imkoniyatlardan foydalanishyapti. «Inson qadri uchun» tamoyili hayotga izchil tatbiq etilayotgani uchun ham xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonch mustahkamlanmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mustaqillik bu har bunyod etilgan maktab, yangi korxona, obod mahalla, yaratilgan ish o‘rni va xalqimizning farovon hayotida o‘z ifodasini topayotgan bebaho ne’matdir. Shu ma’noda ham uni asrash, qadriga yetish va kelajak avlodlarga yanada qudratli, obod hamda mustaqil O‘zbekistonni meros qoldirish barchamizning muqaddas burchimizdir.
Islom Ramazonov,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Surxondaryo viloyati Kengashi bosh mutaxassisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 12-avgust sonidan olindi