1567 19.08.2026
Bugun iqtisodiy taraqqiyot haqida gapirganda, tadbirkorlikni faqat daromad yoki yangi korxonalar soni bilan o‘lchash tobora eskirayotgan yondashuvga aylanmoqda. Zamonaviy dunyoda tadbirkorlik yangi ish o‘rni, innovatsiya, milliy kapital, eksport, hududlar rivoji va eng muhimi, mamlakatning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlaydigan strategik kuchdir.
18-avgust kuni Xorazm viloyatida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda qariyb 500 nafar tadbirkor bevosita, ilk bor esa tumanlardagi studiyalardan 25 mingga yaqin biznes vakili ishtirok etdi. Muloqotning ko‘lami va unda ilgari surilgan tashabbuslar bugun O‘zbekistonda tadbirkorlik davlat iqtisodiy siyosatining oddiy bir yo‘nalishi emas, balki mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligi, yangi ish o‘rinlari, hududlarni rivojlantirish va iqtisodiy mustaqillikni ta’minlashning strategik omiliga aylanayotganini ko‘rsatdi.
Prezident tadbir avvalida mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1 million 200 ming nafar tadbirkordan iborat biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi. So‘nggi besh yilda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar natijasida biznesga to‘siq bo‘layotgan minglab masalalar hal etilgani, buning uchun 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilingani qayd etildi.
Bu raqamlarning o‘ziyoq davlat va biznes o‘rtasidagi munosabatlar qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Besh yil davomida tadbirkorlik uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb uch karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi. Korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyalari esa uch karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi. Ammo Prezident muloqotda aynan shu raqamlarning ortidagi mazmunga e’tibor qaratdi.
“Bugun tadbirkorlarimiz biznesni boshlash bosqichidan kapitalni ko‘paytirish bosqichiga o‘tyapti”, – dedi davlatimiz rahbari.
Bu fikrni oddiy iqtisodiy ko‘rsatkich sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. Chunki tadbirkorning kichik biznesdan yirik ishlab chiqarishga, oddiy savdodan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga, ichki bozordan tashqi bozorga chiqishi mamlakat iqtisodiyotining sifat jihatdan o‘zgarayotganini anglatadi. Bu jarayonning siyosiy mazmuni esa yanada keng. Faqat tarixiy va madaniy asrab-avaylash emas, balki iqtisodiy jihatdan kuchli, o‘z mahsuloti, o‘z kapitali, o‘z texnologiyasi va o‘z brendiga ega milliy biznes qatlamini shakllantirishni ham taqozo etadi. Zero, iqtisodiy jihatdan mustaqil davlatning asosiy tayanchlaridan biri – o‘z manfaatini anglaydigan, raqobatga tayyor, qonuniy faoliyat yuritadigan va yangi qiymat yarata oladigan tadbirkorlar qatlamidir.
Prezident bu tizimning mohiyatini aniq ifodalab, tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratilishini ta’kidladi. Bu yondashuv tadbirkorlik siyosatida muhim o‘zgarishni anglatadi. Endilikda masala faqat moliyaviy resurs ajratishda emas, balki tadbirkorning bilim, texnologiya, bozor va boshqaruv imkoniyatlarini kengaytirishda ko‘rilmoqda.
Xorij tajribasi ham shuni ko‘rsatadiki, rivojlangan iqtisodiyotlarda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash faqat imtiyozli kredit bilan cheklanmaydi. Germaniya, Janubiy Koreya va Yaponiya tajribasida kichik biznesni yirik ishlab chiqarish zanjirlariga ulash, texnologik yangilanishga ko‘maklashish, kasbiy ta’lim va eksport imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining muhim qismi hisoblanadi.
O‘zbekiston uchun bu tajribaning muhim jihati shundaki, mahalliy tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash uni ichki bozor bilan cheklab qo‘yish emas, balki xalqaro raqobatga tayyorlash bilan yakunlanishi kerak. Bugun berilayotgan imtiyoz va imkoniyat ertaga mustaqil, raqobatbardosh va eksportbop biznesga aylanishi lozim.
Shu nuqtayi nazardan, muloqotda mahalliylashtirish masalasiga berilgan e’tibor alohida ahamiyat kasb etadi. “Milliy sanoat zanjiri” orqali xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trillion so‘mlik buyurtmalar olgani, strategik korxonalar mahalliylashtirish uchun 650 dan ziyod yangi mahsulot ro‘yxatini e’lon qilgani ma’lum qilindi. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik bozor yaratadi.
Bu – milliy iqtisodiy manfaat nuqtayi nazaridan muhim ko‘rsatkich. Chunki mahalliylashtirish faqat chetdan keladigan mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarish masalasi emas. Uning strategik maqsadi xomashyoni chuqur qayta ishlash, qo‘shilgan qiymatni mamlakat ichida qoldirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va milliy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishdan iborat.
Muloqotda sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratilgani ham aynan kelajak iqtisodiyotiga tayyorgarlik sifatida baholanishi kerak. “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi. Korxonalarga AI joriy qilish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Yangi mahsulot uchun sun’iy intellekt modelini yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar ajratiladi, kelasi yili superkompyuter klasteri quvvati uch karra oshiriladi.
Prezident bu jarayonning iqtisodiy mohiyatini shunday ifodaladi: “Bugun qaysi tadbirkor qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirsa, sun’iy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx bo‘yicha izlansa, ertangi bozor uniki”. Bu fikr ayniqsa muhim. Chunki jahon iqtisodiyotida raqobat tobora ko‘proq arzon ishchi kuchi yoki tabiiy resurslar bilan emas, texnologiya, bilim va unumdorlik bilan belgilanmoqda. Demak, O‘zbekistonning kelajakdagi iqtisodiy raqobatbardoshligi ham tadbirkorlarning yangi texnologiyalarni qanchalik tez o‘zlashtirishiga bog‘liq.
Biroq texnologiya o‘z-o‘zidan natija bermaydi. Uni ishlata oladigan inson kerak. Shu sababli Prezident tomonidan har bir yirik investitsiya loyihasida kadrlar tayyorlash komponenti bo‘lishi shartligi ta’kidlandi. Urganchda Germaniya va Xitoy tajribasi asosida yoshlarni “yashil” energetika, qurilish, hamshiralik, agronomlik, elektrotexnika kabi 10 turdagi kasbga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tajribani butun respublikaga tatbiq etish rejalashtirilgan.
1 million yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadi esa iqtisodiy siyosat bilan yoshlar siyosatining o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatadi. Bu masala “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yosh avlodni bilimli, kasb-hunarli, zamonaviy tafakkurga ega va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan avlod sifatida tarbiyalash borasidagi qarashlari bilan hamohang.
Muloqotda Prezidentning yana bir fikri butun siyosatning asosiy maqsadini ifodalaydi: “Biz 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yanada yaxshilash uchun yuqori iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishimiz zarur.” Bu vazifaning mazmuni oddiy: iqtisodiy o‘sish statistik raqamlar bilangina emas, odamlarning daromadi, bandligi va hayot sifati bilan o‘lchanishi kerak.
Shu jihatdan qaraganda, 18-avgustdagi ochiq muloqotda ilgari surilgan tashabbuslar tadbirkorlik siyosatining yangi bosqichini boshlab berishi mumkin. Bu bosqichda davlatning vazifasi tadbirkor o‘rniga biznes qilish emas, unga raqobat qilish uchun teng va qulay sharoit yaratishdan iborat bo‘ladi. Tadbirkorning vazifasi esa berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahsulot tannarxini kamaytirish, texnologiyani o‘zlashtirish, eksportni kengaytirish va milliy kapitalni ko‘paytirishdir.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nuqtayi nazaridan bu jarayonning eng muhim mezoni – milliy manfaatga xizmat qilishidir. Milliy manfaat esa bugun iqtisodiy jihatdan kuchli tadbirkorni, zamonaviy kasbga ega yoshni, raqobatbardosh mahalliy mahsulotni, xalqaro bozorda tanilgan milliy brendni va mamlakat ichida yaratilayotgan yuqori qo‘shilgan qiymatni anglatadi. Shunday ekan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosatini izchil davom ettirish, uni milliy ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalar, yoshlar bandligi va eksport salohiyati bilan bog‘lash – nafaqat iqtisodiy, balki muhim siyosiy vazifadir.
Zero, kuchli tadbirkorlik kuchli o‘rta qatlamni, kuchli o‘rta qatlam esa barqaror jamiyatni shakllantiradi. Milliy iqtisodiy qudratning mustahkamlanishi esa O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘lini yanada ishonchli davom ettirish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Nargiza HAMIDOVA
O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi direktori