1836 20.08.2026
Amir Temur bobomizning “Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir”, degan so‘zlari barcha zamonlarda ishning ko‘zini biladigan, qilni qirq yoradigan insonlarga talab ham, ularning mavqei ham yuqori bo‘lganidan darak beradi. Bugun Yangi O‘zbekistonda ham bu o‘zining isbotini topyapti.
So‘nggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy kafolatlarni mustahkamlash yo‘lida shunchalar ko‘p amaliy ishlar qilindiki, bu soha iqtisodiyot lokomotiviga aylandi. Ayniqsa, strategik vazifalar – iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi bandligi ta’minlash, raqobatbardoshlik va eksportni oshirishda biznes subyektlari hal qiluvchi kuchga ega bo‘lmoqda.
2021-yil 23-dekabrda qabul qilingan qonun bilan 20-avgust – Tadbirkorlar kuni sifatida belgilanishi va o‘sha kuni davlat rahbarining soha vakillari bilan ochiq muloqoti an’anaga aylangani yurtimizda biznesga bo‘lgan e’tibor darajasini ko‘rsatadi. Yuzma-yuz muloqotlar tadbirkorlar uchun Prezident bilan shunchaki uchrashuv emas, balki muammolarini hal etadigan platformaga aylandi.
Hozirgi kunga qadar tashkil etilgan uchrashuvlarda biznes rivojiga to‘siq bo‘layotgan masalalar tahlil qilinib, eksport, soliq, kredit, infratuzilma, majburiy ijro bilan bog‘liq byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda soha vakillarining huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha mingga yaqin taklif-tashabbuslar qonun va qarorlarda o‘z aksini topdi.
Xiva shahrida o‘tkazilgan navbatdagi – muloqotga ham har qachongidan puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Xususan, 15-maydan boshlab 50 dan ortiq vazirlik va idora vakillaridan iborat 24/7 rejimida ishlaydigan respublika shtabi tashkil etildi. Koll-markaz va rasmiy botlar orqali tadbirkorlardan kelib tushgan 6 mingga yaqin murojaatning 4,2 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi. 1,8 mingga yaqini hozirda ko‘rib chiqilmoqda.
Tayyorgarlik doirasida mas’ul tashkilotlar tomonidan qariyb to‘qqiz ming nafar tadbirkor ishtirokida 750 dan ortiq uchrashuv o‘tkazilib, ularda biznes vakillari tomonidan 3,5 mingdan ziyod taklif-tashabbuslar ilgari surildi. Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan 130 dan ortiq uchrashuvda esa 5,7 mingdan ziyod tadbirkor qatnashib, 1,5 mingga yaqin masala o‘rtaga tashlandi.
Aniqlangan muammolarni hal etish, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, mamlakat bo‘yicha 5 ming nafardan ortiq tadbirkor o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, u orqali korxonalar samaradorligi, investitsiya va infratuzilma, soliq ma’murchiligi, tashqi savdo hamda sud-huquq sohasidagi masalalar o‘rganildi.
Tadbirkorlar bilan oltinchi bor o‘tkazilgan ochiq muloqotda Prezidentimiz tomonidan biznes vakillari ko‘targan masalalar asosida yangi tashabbuslar e’lon qilindi. Ular tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlash, hududlarda “biznes imkoniyatlari”ni oshirish, “sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish, eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish hamda biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish masalalari bilan bog‘liqdir.
E’lon qilingan eng muhim yangiliklar, shubhasiz, hududlarda biznes imkoniyatlarini oshirish tashabbusi bo‘ldi. Bu eng avvalo, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi biznes loyihalarini ko‘paytirish va aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Qolaversa, joylardagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va hududlar iqtisodiy faolligini oshirishga zamin yaratadi.
Davlat aktivini sotib olishda avans miqdori 30 foizdan 15 foizga tushirilishi, olti oy davomida to‘lovlarni to‘liq amalga oshirgan tadbirkorlarga 25 foiz chegirma berilishi, jami summaning yarmini to‘laganlar qolganini 7-yilda, foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi biznes vakillari uchun katta yengillik va munosib rag‘bat bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, tadbirkorlarning moliyaviy yukini yengillashtirib, davlat aktivlarini sotib olish va yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans to‘lovi 20 foizdan 5 foizga tushirilishi eng avvalo, tadbirkorlarning boshlang‘ich moliyaviy yukini kamaytirishga yordam berib, bu orqali biznes vakillarida aylanma mablag‘ ko‘proq qoladi va uni korxona faoliyati, qurilish, uskuna yoki boshqa zarur xarajatlarga yo‘naltirish imkoni kengayadi.
Yurtimizda oltinchi bor o‘tkazilgan muloqot kichik biznes vakillarining, xususiy tadbirkorlarning o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirish va rivojlantirishi uchun katta imkoniyatdir. Bu imkoniyat ularda daxldorlik hissini oshiradi, o‘ziga ishoch va odim qadamlar bilan halol mehnat qilishlariga zamin yaratadi. Zotan, tadbirkor qo‘llab-quvvatlansa, iqtisodiyot yuksaladi.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati