Xorazm taraqqiyotining yangi bosqichi


1494     20.08.2026

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi qadimiy va betakror Xorazm zaminida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijalarini ko‘rsatish, mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish va hudud taraqqiyotining yangi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bu tashrifni faqat yangi obyektlarning ochilishi yoki investitsiya loyihalariga start berilishi bilan izohlash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning zamirida Xorazmni zamonaviy sanoat, turizm, transport-logistika, ta’lim va xizmatlar markaziga aylantirish, eng muhimi, bu jarayonlarni insonlar hayotidagi aniq o‘zgarishlarga uyg‘unlashtirish maqsadi mujassam.

Zero, bugun Xorazmdagi o‘zgarishlar raqamlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi to‘qqiz yilda viloyatga 7,5 milliard dollar investitsiya kiritildi, 9,7 mingta yangi quvvat ishga tushirildi. Kichik va o‘rta biznes loyihalari uchun 33 trillion so‘mdan ziyod kredit ajratildi.

Bu jarayonlar aholi farovonligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Viloyat aholisining real daromadlari ikki karra oshgan, ishsizlik ikki barobar qisqarib, 4,5 foizga tushgan. Kambag‘allik darajasi esa 4,4 foizni tashkil etmoqda. 72 ta mahallaning “ishsizlik va kambag‘allikdan holi” hududga aylangani ham amalga oshirilayotgan siyosatning natijadorligidan dalolat beradi.

Mening nazarimda tashrifning eng muhim jihatlaridan biri ham shunda — iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari inson manfaati bilan bog‘lanmoqda. Qolaversa, Prezidentimizning Urganch xalqaro aeroportidagi rekonstruksiya ishlari bilan tanishgani bejiz emas. Chunki Xorazmning kelgusi taraqqiyoti, avvalo, uning dunyo bilan qanchalik tez va qulay bog‘lanishiga bog‘liq.

Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish uchun 264 million dollar investitsiya yo‘naltirilmoqda. Loyihaning davlat-xususiy sheriklik asosida, Janubiy Koreyaning xalqaro aviatsiya sohasidagi nufuzli kompaniyasi — “Incheon International Airport Corporation” ishtirokida amalga oshirilayotgani uning xalqaro ahamiyatini yanada oshiradi. Eng muhimi, rekonstruksiyadan keyin aeroportning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 ming 300 nafargacha oshadi. Bu oddiy infratuzilma loyihasi emas. Bu — Xorazmni to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqaro turistik, iqtisodiy va diplomatik aloqalarga yanada chuqur integratsiya qilish loyihasidir.

Ayniqsa, Xiva va Urganchning xalqaro sammitlar, diplomatik uchrashuvlar va nufuzli iqtisodiy-madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan markazga aylanib borayotganini inobatga olsak, aeroportning modernizatsiya qilinishi hududning xalqaro imiji uchun ham katta ahamiyat kasb etadi.

Bu borada aeroportni Xiva temir yo‘l vokzali bilan bog‘laydigan 11 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyasi alohida e’tiborga loyiq. Mamlakatimizda ilk bor aeroport va temir yo‘lni bevosita bog‘lovchi bunday tizimning yaratilishi natijasida yiliga qariyb 650 ming nafar mahalliy va xorijiy sayyohni tashish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Urganch–Xiva yo‘nalishida qatnov vaqtining 80 daqiqadan 40 daqiqaga qisqarishi esa sayyohlar uchun ham, mahalliy aholi uchun ham sezilarli qulaylikdir. Urganch–Xiva yo‘nalishida zamonaviy trolleybuslarning ishga tushirilishi transport turlarining o‘zaro uyg‘unlashuvini ta’minlaydi.

Demak, Xorazmda bugun “aeroport — temir yo‘l — avtomobil yo‘li — shahar transporti — turistik obyekt” zanjiri shakllanmoqda. Bu esa hududni zamonaviy turistik klasterga aylantirish uchun mustahkam asosdir. Chunki Xorazmning eng katta boyliklaridan biri — uning tarixiy-madaniy merosidir. Zero bugungi yondashuv faqat tarixiy obidalarni asrash bilan cheklanmayapti. Ular atrofida zamonaviy xizmatlar, mehmonxona, transport, ovqatlanish, ko‘ngilochar va biznes infratuzilmasi yaratilmoqda.

Buning natijalari quyidagilarda ko‘rinadi. So‘nggi to‘qqiz yilda viloyatda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurildi, mehmonxona fondi to‘rt barobar oshdi. So‘nggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 karra ko‘paydi. Xivada barpo etilgan Kongress-xoll, mehmonxona va “Xiva Ichan qal’a” qabullar uyi esa turizmni xalqaro tadbirlar industriyasi bilan bog‘lash imkonini beradi. Bu obyektlar natijasida qariyb 2 mingta yangi ish o‘rni yaratish, yiliga 50 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish va xizmatlar eksportini 4 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Yana bir muhim jihati — Xivada yangi xalqaro turistik shaharcha barpo etiladi. 12,3 gektar maydonda mehmonxonalar, muzeylar, restoranlar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, yashil hududlar va sayr yo‘laklari tashkil etiladi. Bu loyiha Ichan-qal’aga tushayotgan turistik yuklamani kamaytirish bilan birga, sayyohlarning Xorazmda ko‘proq vaqt qolishiga va ko‘proq xizmatlardan foydalanishiga imkoniyat yaratadi.

Shu o‘rinda tashrif davomida ishga tushirilgan 176 million dollarlik 12 ta loyiha va yana 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi loyihaga start berilgani Xorazm iqtisodiyoti uchun juda katta voqea bo‘lganligini alohida e’tirof etish joiz. Ayniqsa, Tuproqqal’a tumanida BAA hamkorligida amalga oshiriladigan 6 milliard dollarlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi o‘ziga xos ahamiyatga ega. Zero, bu loyiha Xorazmni nafaqat ichki, balki global “yashil iqtisodiyot” jarayonlariga ham olib kiradi.

Tashrif davomida ta’lim va yoshlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumiga 72,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 1 100 o‘rinli zamonaviy ta’lim majmuasi tashkil etildi. Bu yerda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreya tajribasi asosida ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgan. Eng muhimi, yoshlarga shunchaki diplom berish emas, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasbni egallash imkoniyati yaratilmoqda.

Xivada Lyaonin pedagogika universiteti filialining ochilishi esa ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bermoqda. Unda sun’iy intellekt, xalqaro biznes, turizm boshqaruvi va xalqaro xitoy tili ta’limi kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Bu ayniqsa, muhim. Chunki bugun Xorazmda xitoylik investorlar ishtirokida 2 milliard 343 million dollarlik 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ya’ni ta’lim va iqtisodiyot bir-biridan ajralgan emas. Bugun universitetda tayyorlanayotgan mutaxassis ertaga hududda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasining asosiy kadriga aylanadi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi natijalarini birgina raqam yoki bitta obyekt bilan baholab bo‘lmaydi. Shu ma’noda, ushbu tashrifni Xorazmni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga qaratilgan aniq va uzoq muddatli strategiyaning amaliy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.

Ushbu jarayonda jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollar oldidagi muhim vazifa — erishilayotgan natijalarni aholiga yetkazish bilan birga, har bir yangi loyihaning odamlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini o‘rganish, mavjud muammolarni ochiq ko‘tarish va islohotlarning xalqchilligini ta’minlashdan iborat.

 

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati