Tadbirkor amaldorga emas, amaldor tadbirkorga xizmat qiladi


467     20.08.2026

2026-yil 19-avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan o‘tkazgan keng ko‘lamli muloqotda O‘zbekiston iqtisodiyotining so‘nggi yarim yilda 8,5% ga o‘sishini ta’kidladi. Tadbirkorlarning imkoniyatlarini cheklayotgan yuqori jarimalarni tuzatish maqsadida ularning miqdorini o‘rtacha 2 barobar kamaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Ayni paytda kelgusi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda «Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi» joriy etilishi e’lon qilindi. Bu shuni anglatadiki, sud orqali qonuniy hujjat berilmaguncha tadbirkor aybsiz deb hisoblanadi va amaldor tadbirkorga xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tadi.

Har yili avgust – Tadbirkorlar oyi sifatida kutilayotgani bor gap. Chunki shu oyda Prezidentimiz mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan uchrashadi, ularga yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishadi, muammolarini bartaraf etish bo‘yicha davlat miqyosidagi topshiriqlarni beradi.
Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan muloqotiga tayyorgarlik ishlari esa ancha oldin boshlanadi. Muhimi, ushbu muloqotga tayyorgarlik jarayonida sohaga mas’ul tashkilotlar, nazorat organlari tadbirkorlar bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni muhokama qiladi. Tadbirkor tomonidan ko‘tarilgan muammo uning boqibeg‘amligi yoki e’tiborsizligi tufayli hal etilmaganidan cho‘chib, jon-jahdi bilan hal etishga harakat qiladi. Yaqin-yaqingacha qaysidir hujjatga imzo chekishni yoinki qaysidir yo‘nalishga ruxsat berishni paysalga solib yurgan amaldorning tadbirkor huzuriga kelishi, uning muammolarini o‘rganishi va joyida hal etishi Prezidentimiz tomonidan tadbirkor va ishbilarmon bo‘laman degan har bir fuqaroga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlarning amaldagi ifodasidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning an’anaga aylangan tadbirkorlar bilan o‘tkazgan navbatdagi muloqoti esa mamlakatimiz tadbirkorlariga keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Ta’kidlash joizki, ilk bor studiyalar orqali barcha hududlardagi 25 mingga yaqin tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan muloqotda Davlatimiz rahbari tomonidan jahondagi vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, o‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgani e’tirof etilib, bu natijalar, avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini ta’kidladi.
Muloqot davomida davlatimiz rahbari yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishda uchrayotgan kamchiliklar, har xil muammolarga ham alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, Prezidentimiz tadbirkorlarga qo‘llanilayotgan jarimalar miqdori yuqori ekanligini, bu esa ularning imkoniyatlarini cheklab qo‘yayotganini tanqid ostiga oldi.
Shu bois barcha turdagi jarimalar miqdorini o‘rtacha 2 barobar kamaytirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berdi. Yana bir dolzarb masala: kelgusi yildan boshlab tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi. Tadbirkorning harakatiga sud orqali qonuniy baho berilmaguncha u aybsiz hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, endilikda tadbirkor amaldorga emas, amaldor tadbirkorga xizmat qiladigan vaqt keldi. Bu jarayonda biz mahalliy Kengashlar deputatlari ham faol ishtirok etib, tadbirkorga qanot bo‘lsak, ularning muammolarini dadillik bilan ko‘tarib chiqqqan holda hal etilishiga ko‘maklashsak kutilganidan ham yuqori natijalarga erishamiz.

Ilhom Rajabov,
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati,
NKMK AJ Markaziy kon boshqarmasi Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi rahbari.