Mustaqillik tajribasi: taraqqiyot, islohot va parlament mas’uliyati


1906     20.08.2026

Toshkentda davlatimiz mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya mamlakatimizning o‘tgan taraqqiyot yo‘lini chuqur tahlil qilish, erishilgan natijalarni xolis baholash va oldinda turgan vazifalarni belgilash nuqtayi nazaridan muhim siyosiy muloqot maydoni bo‘ldi.

Anjumanning xorijiy parlamentlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va ilmiy doiralar vakillarini birlashtirgani O‘zbekistonning parlamentlararo va xalqaro muloqotdagi faolligi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Bugun parlamentlararo aloqalar qonunchilik tajribasini o‘rganish bilan birga, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qilmoqda.

35-yillik taraqqiyotga baho berishda asosiy mezon — belgilangan maqsadlarni amaliy natijaga aylantira olishdir. O‘zbekiston mustaqillik yillarida davlatchilik asoslarini mustahkamladi, milliy qonunchilik tizimini shakllantirdi, iqtisodiy salohiyatni oshirish va xalqaro munosabatlarda mustaqil siyosat yuritish uchun mustahkam zamin yaratdi. So‘nggi o‘n yillikda esa islohotlarning mazmuni va ko‘lami yanada chuqurlashdi.

2023-yilda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan Konstitutsiyaning yangi tahriri siyosiy-huquqiy taraqqiyotimizning muhim bosqichini boshlab berdi. Inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmati, ijtimoiy himoyasiga oid kafolatlar yanada kuchaytirildi. Endigi asosiy vazifa konstitutsiyaviy normalarni qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida to‘liq ro‘yobga chiqarishdan iborat.

Shu nuqtayi nazardan, parlamentning mas’uliyati ham ortmoqda. Zamonaviy parlamentarizm qonun qabul qilish, uning ijrosini nazorat qilish, fuqarolar manfaatlarini ifoda etish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni ta’minlash kabi vazifalarning uyg‘unligini talab qiladi. Deputatlik faoliyatining mazmuni saylovchilar bilan doimiy muloqot, ularni qiynayotgan masalalarni qonun ijodkorligiga olib kirish va qabul qilingan qonunlarning hayotdagi ta’sirini kuzatish bilan bevosita bog‘liq.

Qonun ijodkorligida ham asosiy mezon qabul qilingan hujjatlar soni emas, ularning hayotda samarali ishlashi bo‘lishi kerak. Qonun Konstitutsiyaga mos, jamiyatdagi real munosabatlarga javob beradigan va fuqaro hamda tadbirkor uchun aniq huquqiy imkoniyatlar yaratadigan darajada puxta ishlab chiqilgandagina o‘z vazifasini to‘liq bajaradi.

Iqtisodiy islohotlar natijalari mamlakat taraqqiyotining yangi ko‘lamini namoyon etmoqda. 2025-yil yakuniga ko‘ra yalpi ichki mahsulot hajmining ilk bor 147 milliard AQSH dollaridan oshishi, keyingi yillarda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilinishi, tashqi savdo aylanmasining 81,17 milliard dollarga yetishi iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar samarasini ko‘rsatadi.

Biroq iqtisodiy o‘sishning haqiqiy qiymati uning aholi hayotida qanday aks etishi bilan belgilanadi. Tadbirkorlik uchun qulay muhit, mulk huquqining ishonchli himoyasi, raqobat uchun teng sharoit, yangi ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalari iqtisodiy siyosatning amaliy natijasini belgilaydi.

Ijtimoiy sohada ham ana shu mezon ustuvor. 8,5 million nafar ehtiyojmand aholi daromadlarining oshirilishi, kambag‘allik darajasining 35 foizdan 5,8 foizga tushirilishi, 2025-yilda 238 mingta xonadon qurilgani aholi farovonligini ta’minlash borasidagi siyosatning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda. Ta’lim qamrovining kengayishi — maktabgacha ta’limda 78 foiz, oliy ta’limda 44 foizga yetishi — inson kapitaliga e’tibor kuchayganidan dalolat beradi. Endi asosiy vazifa qamrov bilan bir qatorda ta’lim sifatini, uning mehnat bozori talablariga mosligini va yoshlarning zamonaviy bilim hamda kasblarga ega bo‘lish imkoniyatlarini yanada kengaytirishdir.

Ekologik barqarorlik ham taraqqiyot siyosatining uzviy qismiga aylanmoqda. “Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekilgani, Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilayotgani, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarishdagi ulushi qariyb 45 foizga yetgani mamlakatda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayoni izchil kechayotganini ko‘rsatadi. Suv, energiya va ekologik xavfsizlik masalalari kelgusi taraqqiyotning muhim shartlaridan biri sifatida qaralishi zarur.

Parlament diplomatiyasi esa tashqi siyosatning amaliy imkoniyatlarini kengaytiruvchi muhim vositaga aylanmoqda. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Turkiya va boshqa mamlakatlar parlamentlari bilan aloqalari tobora faollashmoqda. Bunday muloqotlar qonunchilik tajribasini almashish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va umumiy mintaqaviy muammolarga hamkorlikda yechim izlash uchun muhim huquqiy va siyosiy maydon yaratadi.

Konferensiyada muhokama qilingan yana bir muhim masala — islohotlar natijasini baholash mezonini takomillashtirish zaruratidir. Qabul qilingan qarorlar soni yoki sarflangan mablag‘dan ko‘ra, ularning inson hayoti, biznes muhiti, ta’lim, davlat xizmatlari sifati va hududlar taraqqiyotiga ta’siri muhim. Islohotning haqiqiy samarasi fuqaro hayotida sezilgan o‘zgarish bilan o‘lchanadi.

Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi konferensiyadagi muhokamalarning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi. Hujjatda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan muloqotni mustahkamlash, qonunchilik tajribasi almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.


Vasila FAYZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.