Murg‘ak qalblarda ulg‘ayayotgan ona vatan tuyg‘usi


1537     20.08.2026

Ona tilisini faqat uyida eshitayotgan, Vatan tushunchasini ota-onasining xotiralari, bolalik hikoyalariyu, qiziqarli suhbatlari orqali his etayotgan bola o‘zligini qanday anglasin?

Vatan tuyg‘usinichi?

Milliy bayramlardami, onajonisi yoki buvisining ona yurt haqidagi hikoyalarini eshitgandami?

Ana shunday bolajonlar tasavvurida O‘zbekiston qanday gavdalanadi? Ayniqsa, rang-barang madaniyatlar orasida dunyo fuqarosi bo‘lib ulg‘ayayotgan bola o‘zbekning farzandi ekanini qanday his qiladi?! Uning murg‘ak qalbida asl Vataniga bo‘lgan mehrni kim uyg‘otadi?

 

Dunyoning qayerida bo‘lsa ham o‘zbek bolasining qalbida Vatan chirog‘i doimo yonib turishi uchun bizlar nima qila olamiz? «Vatandosh» jamoat fondi va «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi hamkorligida tashkil etilgan «Anor» loyihasidagi yozgi oromgohda bo‘lib Vatan faqat sarhadlar bilan o‘lchanmasligi, balki ona tili, tarixi va milliy qadriyatlarini ardoqlab kelayotgan insonlar qalbida yashashini ich-ichimdan his etdim.

Bir holat hech qachon yodimdan ko‘tarilmasa kerak: italiya- lik Fabritsio ismli bola har bir so‘zni o‘zgacha mehr va e’tibor bilan talaffuz qilar, italyancha aksent esa uning nutqiga o‘ziga xoslik bag‘ishlardi. Uning o‘zbek tilini unutmagani, aksincha, uni o‘rganib, sevib kelayotgani faqat meni emas, ko‘pchilikni hayratga soldi. Keyin bildimki, Fabritsioning bu yutug‘ida onasining o‘rni beqiyos bo‘lib, u oilasida o‘zbek tilida so‘zlashadigan yagona inson ekan. Bir insonning mehri va sa’y-harakati bilan butun bir avlod o‘z tilini saqlab qolishi mumkinligini aynan shu oila misolida ko‘rdim.

Loyihaning yana bir ishtirokchisi - O‘zbekistonga Janubiy Koreyadan kelgan 9 yoshli Saidislom esa...

U ommaviy diktant loyihasida kutilmaganda hakamlar hay’atiga murojaat qilib, o‘zbekcha diktantni koreys yozuvida yozishga ruxsat so‘rab qoldi...

Garchi u o‘zbek tilida ravon gapirsa-da, yozuv masalasida qiynalarkan... Bu iltimos hammamizni o‘ylantirib qo‘ydi. Ammo boladagi samimiyat, uning o‘zbek tiliga bo‘lgan muhabbati barchani birdek ta’sirlantirdi...

Birozdan so‘ng u oppoq qog‘ozni o‘zi bilganicha qoralay boshladi va... ko‘p o‘tmay Saidislom jurnalistlarga bergan intervyusida, albatta, o‘zbek yozuvini ham o‘rganishga va’da berdi. Keyinchalik esa baribir O‘zbekistonga qaytish niyati borligini yashirmadi.

Ishtirokchilardan yana biriga ilk bor ko‘zimiz tushganda, uni rossiyalik bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, rus tilida murojaat qildim. Ammo u kutilmaganda: «Men bilan o‘zbekcha gaplashing», dedi qandaydir qat’iyat bilan. Bu oddiy bir iltimos emas, balki o‘zligini anglagan yosh vatandoshimizning g‘ururga yo‘g‘rilgan so‘zlari edi. U asli amerikalik bo‘lishiga qaramay, o‘sha lahzalarda, o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmati bilan barchamizga saboq berdi! Albatta, farzandlarimizning bir nechta tillarni bilishlari zamonaviy dunyoda katta imkoniyat! Ammo eng muhim jihat, ular qaysi tilda gaplashmasinlar, o‘z ona tillarini qadrlashni unutmaganliklaridir. Tojikistonlik yana bir ishtirokchi «Zukko kitobxon» tanlovida qatnashib, atoqli adibimiz G‘afur G‘ulomning «Shum bola» asarini to‘liq aytib berdi. Uning bilim va xotirasi adabiyotshunos olim Bahodir Karimni ham hayratga soldi. Bu lahza bizga yana bir haqiqatni isbotladi: o‘zbek tili va adabiyotiga bo‘lgan muhabbat faqat O‘zbekiston hududi bilan chek- lanib qolmayapti. «Mutolaa» kabi loyihalar, shuningdek, O‘zbekistondagi kitobxonlikka bo‘lgan e’tibor dunyodagi boshqa qorako‘zlarning ham iqtidorlarini namoyon qilmoqda. Eng ta’sirli holatlardan yana biri Qatardan kelgan bir ota bilan yuz berdi: u farzandlarini oromgohga kuzatayotganda yonimga kelib: «Iltimos, bolalarim bilan faqat o‘zbek tilida gaplashsanglar», deb qoldi. Bunday iltimos zamirida uning farzandlariga o‘zligini anglatish, ildizlaridan uzoqlashmasligiga erishishdek katta bir orzu mujassam edi.

Keyin aynan ana shu oilaning ikki o‘g‘li «Ommaviy diktant» loyihasida g‘olib bo‘lganini ko‘rib, rosa xursand bo‘ldim. Bolajonlarning husnixatidan esa ochig‘i, hayratlandim. Sahnada aka-ukaning bir- birlarini quchoqlab, tabrik- lagani men ko‘rgan eng betakror lahzalardan biri edi.

Hamkasbimiz Sirojiddin Po‘latovning «O‘zbek tilidagi eng yaxshi ko‘rgan so‘zingiz qaysi so‘z?» degan savoliga niderlandiyalik bolajonning «Baraka»deb javob bergani o‘zbek tilining jozibasiyu, nufuzi dunyo miqyosida ham ortib borayotganini anglatadi, desam xato bo‘lmas.

Men kasbim taqozosi bilan yoshlarga oid yuzlab loyihalarda ishtirok etganman. Biroq qachonlardir O‘zbekistonda xorijdagi o‘zbek bolalari uchun maxsus etnomadaniy loyihada ishtirok etishni hayolimga ham keltirmagandim: xorijda ulg‘ayayotgan o‘zbek bolasi bu - ikki olam ta'sirida voyaga yetayotgan avloddir. Kundalik hayotining bir tomonida zamonaviy shaharlar, yangi texnologiyalar, turli tillar va madaniyatlar bo‘lsa, ikkinchi tomonida, buvisining duolari, onasining o‘zbek tilida yangragan allasi, xonadonidagi o‘zbekona muhit va yurakdagi Vatan tuyg‘usi...

U maktabga borib, begona bir tilda fikrlaydi, do‘stlari bilan boshqa madaniyat muhitida yashaydi. Ammo uyiga qaytganida onasining tili, dasturxondagi taomlar va oilasidagi qadriyatlar unga aslida kim ekanini eslatib turadi. Ba’zan u o‘zidan: «Men kimman?» deb so‘rab ham qo‘yadi! Javob esa oddiy: u dunyodagi imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan ammo qalban o‘z ildizlarini asrayotgan o‘zbek bolasidir.

U ayni paytda ikki millat madaniyatini bog‘layotgan ko‘prikka ham o‘xshaydi. U g‘arbona fikrlashni, bilimga intilishni o‘rganadi, ammo sharqona mehr-muhabbat, hurmat va oila qadriyatlarini qalbida asraydi. Demak, u mo‘jazgina qalbida katta bir Vatanni ko‘tarib yurgan eng jajji Vatandoshimizdir.

Qayd etish joizki, «Anor»ga o‘xshash ta’limiy loyihalar Irlandiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Armaniston va Qozog‘istonda ham o‘tkazilgan.

Ammo bizning «Anor» o‘zligini yo‘qotmagan avlod tarbiyasida unikal ahamiyatga ega loyihalardan biridir. Bu - Yangi O‘zbekistonning bu borada o‘z milliy modelini muvaffaqiyatli shakllantirayotganiga ham misoldir. Zero, ushbu loyiha kamida beshta strategik vazifani bajaradi.

Birinchidan, o‘zbek tilini saqlaydi.

Ikkinchidan, milliy o‘zlikni mustahkamlaydi.

Uchinchidan, kelajak diplomatlarini tayyorlaydi. To‘rtinchidan, diasporani birlashtiradi.

Beshinchidan esa O‘zbekistonning «yumshoq kuchi»ni munosib namoyon etadi.

Shu ma’noda ham «Anor» oddiy loyiha emas, u yaqin kelajakda global o‘zbeklar tarmog‘ini shakllantiruvchi muhim ma’rifiy maydondir. Bugun turli yot g‘oya va ta’sirlar chegara bilmay katta tezlikda tarqalayotgan bir sharoitda bunday tashabbuslar mohiyatini anglash qiyin emas. Ammo tan olaylik: kundan-kunga milliy an’analarimiz, betakror urf-odat va qadriyatlarimizni dunyoning turli burchaklarida yashayotgan vatandoshlarimiz orasida ham asrash va targ‘ib qilishga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.

O‘ylab ko‘raylik: bundan o‘n yil avval xorijlik o‘zbeklarni ularning tarixiy Vatani bilan qayta bog‘lash, milliy o‘zligini anglash va ongu, tafakkuriga o‘zbekona ruhni singdirishga xizmat qiladigan loyihalar yaratishga kim da’vat qilgan edi?

Bugun aynan ana shunday tashabbuslar orqali yoshlar o‘z ildizlari kimlarga borib taqalayotganini anglamoqda, ona tili, tarixi, madaniyatiga yaqinlashmoqda. Bunday sa’y-harakatlar nafaqat bugungi, balki kelajakka ham kiritilayotgan strategik sarmoyadir. Chunki o‘zligini unutmagan, Vatani bilan ma’naviy rishtalarini uzmagan avlod qayerda va qanday sharoitda bo‘lmasin, O‘zbekiston manfaatlarini himoya qiladigan, uning obro‘- e’tibori yuksalishiga hissa qo‘shadigan kuchga aylanadi. Ochig‘i, biz uzoq yillar xorijdagi vatandoshlarimizni gohi esladik, gohida yo‘q. Lekin 2016 yilga kelib siyosiy vektor o‘zgardi. Yangi O‘zbekiston o‘z fuqarolari qayerda bo‘lmasin, ularni o‘z qanoti ostiga olishini e’lon qildi. Konstitutsiyaga ham xorijdagi vatandoshlarning haq-huquqlariga oid norma kiritildi. «Vatandoshlar» nomidagi jamoat fondi tashkil etildi. Mamlakatdagi ikkinchi yirik siyosiy kuch - o‘zlikning muhofizi bo‘lgan «Milliy tiklanish» partiyasi ham o‘z saylovoldi dasturiga yaqinlarimizni qo‘llab- quvvatlashga oid bir qator vazifalar kiritdi. Zero, milliy tiklanish - bu o‘tmishni e’zozlash bilan birga, kelajakni qadriyatlar asosida barpo etish ham demakdir.

«Anor» ana shu maqsadga qaratilgan yirik loyiha bo‘lib, partiyamiz ilk bor ushbu loyihani «O‘zbek tili» oromgohi shaklida tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Oromgohda yaratilgan tabiiy o‘zbek tili muhiti ishtirokchilarning davlat tilida erkin muloqot qilish va fikrlash ko‘nikmalarini sezilarli darajada rivojlantirdi, deyish mumkin. Eng muhimi, bolalar uchun o‘zbek tili vaqtincha bo‘lsa ham dars o‘tiladigan fan emas, balki kundalik hayot, do‘stlik, o‘yin, ijod va muloqot tiliga aylandi. Agar «Ommaviy diktant» loyihasida yosh vatandoshlarning davlat tili bo‘yicha savodxonligi sinovdan o‘tib, ularda ona tiliga mehr va hurmat tuyg‘usi mustahkamlangan bo‘lsa, boshqa bir tadbirda o‘zbek tilida erkin va savodli yozish ko‘nikmalari shakllantirildi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida «O‘zbekcha 24/7» chellenji, «O‘zbekchasi bor- ku!», «Bexato yoz», «Sof o‘zbek tilida» aksiyalari, o‘zbek tili bo‘yicha mahorat darslari hamda «O‘z tilim - o‘zligim» mavzusida debatlar uyushtirildiki, bu tadbirlarda bolalar kutilganidan ham faol bo‘ldilar. Hatto ularning o‘zlari o‘zbek tilini o‘qitadigan maxsus til platformalarini o‘yin tarzida ishlab chiqish va uni xorijda ham keng tatbiq etish taklifini bildirdilar. Bunday loyihalarni o‘zlari yashayotgan shaharlarda keng targ‘ib etishga ham va’da berishdi.

Biz ko‘pincha bolalarning kitob, gazeta va jurnallar o‘qimay qo‘yganlaridan noliymiz. Biroq bolalar nashr- lari bo‘lgan «Tong yulduzi», «Gulxan», «G‘uncha»larning bosh muharrirlari bilan muloqotlar chog‘ida yosh vatandoshlar orasidan muxbirlar tarmog‘ini shakllantirishga ham kelishib olindiki, bu bolalar dunyoqarashini, ularning Vatan haqidagi tushunchalarini kengaytirishga xizmat qilajagi alohida aytib o‘tildi.

Dastur davomida ishtirokchilar taniqli bolalar yozuvchilari, davlat va jamoat arboblari, deputatlar, senatorlar hamda yoshlar yetakchilari bilan ham uchrashdilar, shuningdek, «Harbiy-vatanparvarlik» mavzusidagi tadbirlarda faol ishtirok etdilar.

Shuningdek, bolalarda milliy sport o‘yinlari namoyishi, Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokidagi «Bolalar parlamenti» modeli, «Men O‘zbekistonni dunyoga qanday tanitaman?» mavzusidagi debatlar katta taassurot qoldirdi, deyish mumkin.

Tadbirlar davomida shunday xulosaga keldikki, imkon boricha «Anor» kabi noan’anaviy loyihalarni ko‘paytirish kerak. Buning uchun yosh vatandoshlarni birlashtiruvchi O‘zbekistonning milliy bolalar harakati konsepsiyasini yaratish zarur, albatta. U xalqaro yoshlar forumlari va diaspora dasturlarining eng yaxshi jihatlarini o‘zida mujassam etgan, 7-17 yoshli bolalar uchun davlat miqyosidagi yagona harakat bo‘lishi mumkin.

Mamlakatimiz tashqarisida «Anor» loyihasi ishtirokchilari, ya’ni «Yosh vatandoshlar»dan iborat sardorlar guruhi shakllantirilsa, ezgu maqsad sari juda katta qadam tashlangan bo‘lardi. Ya’ni, ilk bor xorijdagi vatandoshlarimizning bolalarini yagona qadriyat va maqsadlar atrofida birlashtiruvchi milliy platforma yaratish imkoniga ega bo‘lardik. Qolaversa, globallashayotgan dunyoda mamlakatimizning yoshlarga oid siyosatini xorijda ham targ‘ib qilishga erishgan bo‘lardik.

Yana bir muhim fakt: oromgohda o‘tgan «Qizlar akademiyasi» taqdimotida ishtirokchilarning kasbga yo‘naltiruvchi loyihalarga ehtiyojlari yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi. Demak, dunyoning turli burchaklarida voyaga yetayotgan o‘zbek qizlarining ta’limi va tarbiyasiga oid loyihalarni yo‘lga qo‘ysak, foydadan holi bo‘lmaydi. Zero, ayol bu eng avvalo milliy qadriyatlar tashuvchisi sanaladi. Loyiha doirasida bolalar huquqlariga oid taqdimotlar ham o‘tkazildi. Ularda ishtirokchilardan Bolalar Ombudsmani Surayyo Rahmonovaga o‘nlab savollar tushdi. Ochiq muloqotning uzoq davom etgani esa yosh bo‘lsada ishtirokchilarning ushbu sohada olib borilayotgan ishlarga qiziqishlari yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Partiyamiz tashabbusi bilan tashkil etilgan «Mening shajaram» tanlovi ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Faqat...

Tanlov ishtirokchilarining aksariyati o‘z shajarasini atigi ikki yoki uch avlodgacha aytib bera oldi, xolos. O‘n nafar ishtirokchi yettitagacha avlodini aniq sanab berdi. Demak, farzandlarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish barobarida o‘z ildizlarini, ajdodlari kim bo‘lganini, qanday qadriyatlarga tayanib yashaganini ham bilishlari lozimligini uqtirishimiz kerak ekan.

Oromgohda shuningdek, kitobxonlik tadbirlari, milliy hunarmandchilik va o‘zbek milliy taomlaridan mahorat darslari, qadriyatlar festivali, milliy raqs kechalari, «Zakovat» intellektual o‘yini, hatto daraxt ekish ekologik aksiyasigacha tashkil etildi. «Bir Vatan, bir millat, bir yurak!» mavzusida esa fleshmoblar hamda o‘zbek tilidagi kino va multfilmlar namoyishi o‘tkazildi. Yakunda esa mohir pazandalar nazoratida non va somsa sayli o‘tkazildi. Shu o‘rinda, ishtirokchilardan o‘zbek diasporasi bor mamlakatlarda «Zakovat» intellektual klublarini ochish kabi takliflar kelib tushdi.

Bir so‘z bilan aytganda, «Anor» nafaqat bolalarga quvonchli yozgi ta’tilni, balki ularning qalbiga Vatanga mehrini ham hadya qildi. Ushbu mehr urug‘lari esa kelajakda kuchli daraxtlarga aylanishiga umid qilamiz, albatta.

Ishonchimiz komilki, «Vatandoshlar» jamoat fondi va «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining hamkorligi bundan buyon ham davom etib, «Anor»ga o‘xshash yirik loyihalarga bosh-qosh bo‘laveradilar.

Ta’kidlash joizki, «Anor» chindan ham bolalarni uzoq muddatli va yagona ekotizim orqali birlashtira olgan yagona milliy loyiha sifatida shakllanadi. Bas shunday ekan, ishtirokchilar sonini bosqichma- bosqich oshirish, onlayn davomli dasturlar, til kurslari, virtual uchrashuvlar tashkil etish, ishtirokchilarning keyingi faoliyatini kuzatish va ularni «Yosh vatandoshlar» harakatiga keng jalb etish maqsadga muvofiq.

Zero, kelajakda qay bir millat o‘z farzandlarini ular qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtira olsa, o‘sha davlatning nufuzi ham birdek oshadi. Shu nuqtayi nazardan «Anor» shunchaki yozgi dam olish dasturi emas, balki Yangi O‘zbekistonning diaspora siyosatida o‘ziga xos yangi va ezgu tashabbusdir.

Yosh vatandoshlarimizni esa bo‘lajak elchilar, investorlar va Yangi O‘zbekiston manfaatlarining dunyodagi eng yosh himoyachilari, deb atasak xato bo‘lmaydi.

Maqolani «Ommaviy diktant» tadbiridagi bir voqea bilan yakunlamoqchiman: diktantdan so‘ng bir qizaloq Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi rahbari Inomjon Azimovga murojaat qilib: «Ustoz, «Toshkent - chiroyli shahar» haqidagi diktant nega buncha qisqa? Axir Toshkentdek go‘zal shaharni buncha oz so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?» deb qoldi.

Ushbu savol mohiyatida bolaning Vatanga bo‘lgan mehri mujassam edi. O‘sha lahzada angladimki, agar xorijda ulg‘ayayotgan bir bolakay Toshkent haqidagi matnning qisqaligiga e’tiroz bildiribdimi, demak uning qalbida O‘zbekiston allaqachon o‘z o‘rnini topib bo‘lgan. Shu ma’noda «Anor»ning yutug‘i beg‘ubor bolalar qalbiga Vatan so‘zini katta harflar bilan yoza olganida, deb o‘yladim.

 

Feruza Muhammedjanova,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 12-avgust sonidan olindi