1994 25.08.2026
Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari tarixida yangi sahifa ochilmoqda. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjat va boshlangan qo‘shma loyihalar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi munosabatlar oddiy diplomatik aloqalar doirasidan ancha yuksalib, strategik sheriklik va ittifoqchilikning amaliy mazmuni bilan boyib borayotganini yana bir bor namoyon etdi. Ayniqsa, ikki qardosh davlatlar rahbarlari tomonidan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi tashrifning eng muhim va tarixiy natijasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi va bu o‘zaro ishonch, hurmatning huquqiy ifodasi bo‘lish bilan birga, kelajak avlodlar uchun ham mustahkam do‘stlik, hamjihatlik tamoyillarini belgilab beradigan muhim siyosiy qadamdir.
O‘zbekiston va Ozarbayjonni yaqinlashtirib turadigan rishtalar faqat bugungi siyosiy manfaatlar bilan cheklanmaydi. Bizni mushtarak tarix, yaqin madaniyat, maʼnaviy qadriyatlar, adabiyot va sanʼat, bir-birini yaxshi anglaydigan xalqlarimizning samimiy munosabatlari bog‘lab turadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, munosabatlarimiz zamirida yagona sivilizatsion kod – umumiy tarixiy ildizlar, ko‘p asrlik do‘stlik, o‘xshash madaniyat va anʼanalar mujassam. Shu maʼnoda, bugungi hamkorlikning iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham eʼtiborga molik.
So‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining uch barobarga oshgani, uni 2030 yilgacha 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dasturning qabul qilingani ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar ulkan salohiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, gap faqat raqamlar haqida emas. Bank-moliya, qurilish materiallari, taʼlim, energetika, neft-gaz, turizm, uy-joy qurilishi, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda yangi loyihalarning ishga tushirilishi hamkorlikni xalq manfaatlariga xizmat qiladigan aniq natijalarga aylantirmoqda. Yangi loyihalar – yangi ishlab chiqarish, yangi investitsiya va eng muhimi, yangi ish o‘rinlari demakdir.
Shuningdek, parlamentlar, hukumatlar, hududlar va tarmoqlar o‘rtasidagi aloqalarning izchil rivojlanayotgani biz, parlament vakillari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Qabul qilinayotgan hujjatlar, erishilayotgan kelishuvlar va belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishida parlamentlararo muloqot, qonunchilik tajribasi almashinuvi va doimiy hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Bugungi dunyoda transport va logistika masalasi ham strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Ozarbayjonning Transkaspiy yo‘lagi, yaʼni O‘rta yo‘lakni birgalikda rivojlantirish borasidagi qarashlari alohida ahamiyatga ega. Bu tashabbuslar nafaqat ikki mamlakat iqtisodiy manfaatlariga, balki Markaziy Osiyo va Kavkaz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning yana-da faollashishiga xizmat qiladi. Biroq ushbu tashrifning eng katta qadriyati, mening nazarimda, bu – insonlar va xalqlarni bir-biriga yana-da yaqinlashtirgani bo‘ldi.
Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ining barpo etilishiga start berilgani, Bokuda esa “O‘zbekiston” bog‘i bunyod etilayotgani ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikning o‘ziga xos ramzidir. Bu bog‘lar kelajakda nafaqat sayr va hordiq maskani, balki ikki xalqning tarixi, madaniyati va maʼnaviy yaqinligini namoyon etuvchi tirik timsollarga aylanishi shubhasiz. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusi ochilishi esa alohida eʼtirofga loyiq. Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy nomlarining bir makonda, bir g‘oya atrofida tutashishi esa biz uchun chuqur ramziy maʼnoga ega. Ikki buyuk mutafakkirning adabiy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma badiiy film yaratish tashabbusi ham xalqlarimizning maʼnaviy dunyosi naqadar yaqin ekanini ko‘rsatadi.
Buxorodagi uchrashuvlar esa ushbu tarixiy tashrifga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.Prezidentlar va ularning rafiqalari tomonidan Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon, Labi Hovuz va Ko‘kaldosh madrasasining ziyorat qilinishi ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va madaniy rishtalarning naqadar chuqur ekanini yana bir bor namoyon etdi. Zero, ikki qardosh xalqni tarix yaqinlashtirgan bo‘lsa, bugungi siyosiy iroda bizni kelajak sari birgalikda qadam tashlashga boshlamoqda.
Maxsud MUHAMMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati