Ozarbayjonning C5 formatiga qo‘shilishi nimani anglatadi?


1663     26.08.2026

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda shakllangan yangi siyosiy muhit endi mintaqadan tashqariga ham kengaymoqda. Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi ana shu jarayonning muhim ko‘rinishlaridan biri sifatida baholanyapti.

Maʼlumki, keyingi vaqtlarda amalda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida iqtisodiy, transport va siyosiy bog‘liqlikni kuchaytirish uchun yangi maydon shakllanmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar ham bu jarayon uchun muhim tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda ikki davlat hamkorligi ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilib, sanoat kooperatsiyasi, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, taʼlim va boshqa yo‘nalishlarda amaliy loyihalar kengaymoqda.

Ayniqsa, Ozarbayjonning C5 doirasiga yaqinlashuvi: Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi transport yo‘laklarining ahamiyatini oshiradi. Mintaqalararo savdo va sanoat kooperatsiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Energetika va logistika loyihalarini muvofiqlashtirishga xizmat qiladi. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida institutsional hamkorlikni mustahkamlaydi.

Shu nuqtai nazardan, mazkur jarayonni faqat C5 formati kengayishi sifatida emas, balki Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz o‘rtasida yangi geoiqtisodiy makon shakllanishining belgisi sifatida baholash mumkin.
 
Azamat Pardayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati