1502 28.08.2026
Mustaqillik haqida gap ketganda avvalo, xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, qadriyatlari, tarixi, tili va maʼnaviy merosini asrab-avaylash, kelajagini o‘z qo‘li bilan yaratish huquqi ekani bejiz ko‘p taʼkidlanmaydi. Inson tom maʼnoda baxtli, erkin bo‘lishi uchun ham mustaqil bo‘lishi kerak. Mustaqillik bu katta imkoniyatlar eshigining ochilishidir. Shu bilan birga katta masʼuliyat ham yuklaydi.
Shu jihatlardan, xalqimiz “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanayotgan Mustaqilligimizning 35 yilligini har qachongidanda katta yutuqlar, ulkan orzular bilan qarshi olmoqda.
Maʼlumki, Mustaqil O‘zbekiston so‘nggi yillarda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllanib, qonun ustuvorligi, bozor munosabatlari va ijtimoiy himoya mustahkamlandi. Islohotlar samarasi har bir mahalla, xonadon va har bir inson hayotida o‘z aksini ko‘rsatmoqda. Uning zamirida esa shubhasiz ulug‘ va betakror neʼmat – Istiqlol asosiy manʼba bo‘lib xizmat qilyapti. Mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz, qadriyatlarimiz tiklandi, tarixiy davrga qadam qo‘ydik, dunyo hamjamiyatidan munosib o‘ringa ega bo‘ldik.
“35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar o‘zining ko‘lami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi”.
Yangi O‘zbekistonimizning so‘nggi 10 yildagi natijalarini tahlil qiladigan bo‘lsak, xalqimiz, davlatimiz manfaati yo‘lida maqtashga arzigulik ishlar qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirib keldi va umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirildi. Iqtisodiyot hajmi 2,5 barobardan ziyodga oshdi. Bu yil yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollarga yetishi kutilyapti. Sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 5 million 700 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 500 ming o‘rinli maktab, 342 ming o‘rinli maktabgacha taʼlim tashkilotlari va 62 ming o‘rinli shifoxonalar barpo etildi. 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yo‘llar qurildi va taʼmirlandi. 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berildi, yana 11,5 million aholining suv taʼminoti yaxshilandi. O‘tgan o‘n yilda 650 ming oila yangi uy-joyga ega bo‘ldi.
Albatta, bunday natijalarga oson erishilayotgani yo‘q. Mintaqamizga yaqin hududlarda yuz berayotgan geosiyosiy notinchliklarga qaramay mamlakatimizda barqaror tinchlikning qaror topgani xalqimizning eng katta yutug‘idir. Chunki bugun ayrim davlatlar farovonlik, iqtisodiy rivojlanish haqida emas, odamlarning xavfsizligini saqlash, bir burda noni, bir piyola choyini tinchgina
yeb-ichib olishini taʼminlash haqida bosh qotiryapti. Turmush o‘rtog‘ini ishga, farzandlarini maktab yoki bog‘chaga jo‘natgan onalar ularning omon qaytishini o‘ylab yurak hovuchlab kun o‘tkazyapti. Eng yomoni, boshi berk ko‘chaga kirgan notinchliklar qachon tugashi nomaʼlum.
Bunday holatlar bizga yaqin hududlarda ham yuz berayotganini ko‘rib, tinchlikdan katta bebaho neʼmat yo‘qligini anglaydi inson. Mustaqillik, tinch, osoyishta, farovon hayotimiz qadr-qimmatiga qancha shukrona aytsak shuncha kam. Yurtimizda tinchlik va barqarorlik taʼminlangani, ertangi kunga katta umid, ishon oshayotgani xalqimizning eng katta yutug‘idir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi bu o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir.
Istiqlolimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati