Inson qadri va ijtimoiy adolat tamoyili


1947     28.08.2026

Mustaqillik bayrami arafasida qabul qilingan har bir qaror, avvalo, yurtimizda inson qadri, uning huquq va erkinliklari, tinch va farovon hayoti davlat siyosatining ustuvor maqsadiga aylanganini yana bir bor namoyon etadi.

Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 852 nafar shaxsni afv etish to‘g‘risidagi Farmoni Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan siyosatning yana bir amaliy ifodasidir.

Bu raqam ortida 852 nafar insonning taqdiri, yuzlab oilalarning quvonchi, farzandlarning ota-onasi bag‘riga qaytishi, insonning o‘z xatosini anglab, hayotini qaytadan qurishi uchun berilgan imkoniyat mujassam.

Prezidentimiz davlat rahbari sifatida faoliyatining ilk davridanoq inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, jinoiy jazolarni liberallashtirish, adolat va insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirishni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yildan afv institutiga yangi mazmun va yondashuv olib kirildi. Har bir mahkumning qilmishi, pushaymonligi, oilaviy va ijtimoiy ahvoli chuqur o‘rganilib, tuzalish yo‘liga o‘tgan insonga jamiyatga qaytish imkoni berilmoqda. Shu davrda minglab mahkumlar jazoni yengillashtirish yoki muddatidan ilgari ozod bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bugungi 852 nafarlik afv ham ana shu izchil siyosatning davomi. Farmonga ko‘ra, 604 nafar shaxs asosiy jazodan to‘liq ozod qilindi, 115 nafari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. Ya’ni, 719 nafar yoki 84 foizdan ziyodi erkin hayotga muddatidan oldin qaytish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Afv etilganlar orasida 49 nafar ayol, 37 nafar 60 yoshdan oshgan erkak, 375 nafar yosh, 7 nafar chet el fuqarosi bor. Ilgari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxsning ham afv etilgani insonni xatosi bilan bir umrga tamg‘alash emas, uni tuzatish va jamiyatga qaytarish tamoyili ustuvor ekanini ko‘rsatadi.

Mustaqilligimizning 35-yilligi arafasidagi ushbu qarorning siyosiy mazmuni shundaki, davlat insonga ishonch bildirmoqda. Prezidentimiz tomonidan so‘nggi yillarda muhim sanalar va umumxalq bayramlari munosabati bilan afv etish amaliyotining izchil davom ettirilayotgani davlat siyosatining markazida inson, uning qadr-qimmati, huquq va manfaatlari turganini ko‘rsatadi. Bunday qarorlar nafaqat afv etilgan shaxslar, balki ularning ota-onalari, farzandlari va yaqinlari taqdiriga ham bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Zero, afv — faqat jazodan ozod etish emas. Bu insonga o‘z xatosini anglab, hayotini yangidan boshlash va jamiyatga munosib fuqaro sifatida qaytish uchun berilgan imkoniyatdir. Qariyb o‘n yillik amaliyot davomida minglab insonlarga tatbiq etilgan ushbu institut Mustaqillikning 35-yilligi arafasida yana bir bor inson qadri va insonparvar siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi.

 

Sherzod QULMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati