1266 11.09.2026
Inson hayotida shunday holatlar bo‘ladiki, ularni hal qilishni ortga surib bo‘lmaydi. Bemorga tibbiy yordam, ishsiz oilaga daromad manbai, keksalarga mehr-muruvvat, nogironligi bo‘lganga munosib sharoit kerak. Shuning uchun ijtimoiy himoya haqida gap ketganda, avvalo, raqamlar yoki dasturlarni emas, ular ortida turgan inson taqdirini ko‘rish muhim.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy siyosatga munosabat aynan shu nuqtai nazardan o‘zgardi. Davlatimiz rahbari raisligida 3 sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda ham inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand oilalarni barqaror daromad manbaiga olib chiqish va ijtimoiy himoya samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ilgari surildi.
Prezidentimiz islohotlar markaziga inson qadrini qo‘yar ekan, ijtimoiy himoyani faqat ehtiyojmand aholiga moddiy ko‘mak berish bilan cheklanadigan soha emas, balki insonning munosib yashashi, mehnat qilishi, sifatli tibbiy xizmat olishi va og‘ir vaziyatda davlat ko‘magini his qilishiga xizmat qiladigan yaxlit tizim sifatida belgilab berdi.
Har qanday siyosatning samarasi, avvalo, inson hayotidagi o‘zgarish bilan o‘lchanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan kambag‘allikni qisqartirish masalasining davlat siyosati darajasiga olib chiqilishi ijtimoiy siyosatdagi muhim burilishlardan biri bo‘ldi. Natijada yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambag‘allik darajasi bugunga kelib 3,9 foizga tushdi. Ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 mingdan 1,5 millionga kamaydi. 49 tuman va 3429 mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanib bormoqda.
Biroq hududlar bo‘yicha natija bir xil emasligi, bir xil resursdan foydalangan tumanlarda samaradorlik keskin farq qilayotgani alohida ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga 2 trillion 300 milliard so‘mdan kredit resursi berilgan. Sharof Rashidov tumanida mazkur mablag‘ hisobiga 30 ming odam kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, Qarshi tumanida 13 ming ehtiyojmandning sharoiti yaxshilangan. Demak, kredit ajratishning o‘zi yakuniy natija emas. Asosiy mezon har bir loyiha qancha doimiy ish o‘rni ochgani va qancha oilani barqaror daromad manbaiga olib chiqqanidir.
Selektordagi tashabbuslarning eng muhim jihati ham shundaki, kambag‘allikni qisqartirishga endi faqat mablag‘ ajratish yoki bir martalik yordam ko‘rsatish nuqtai nazaridan emas, balki insonni daromadli mehnatga olib kirish, tadbirkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va uning natijadorligini taʼminlash vazifasi sifatida qaralmoqda. Aholi va tadbirkorlarga bozor, texnologiya, kasb, biznes reja va sotuv zanjirini qamrab olgan kompleks yechim berish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalardagi 48 ming bolani kasb-hunar va zamonaviy ko‘nikmalarga yo‘naltirish, bola parvarishi bilan band bo‘lgan 10 mingdan ziyod ayol uchun uyida yoki mahallaning o‘zida daromadli mehnat qilish imkoniyatini kengaytirish vazifalari belgilandi. Bu tashabbuslar ijtimoiy himoyaning faqat bugungi ehtiyojni qoplash emas, balki oilaning kelgusi iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga qaratilganini ko‘rsatadi.
Yangi tizimda har bir viloyat va tuman bo‘yicha hokim boshchiligida maxsus shtablar tashkil etiladi. Banklar, bandlik idoralari va iqtisodiy kompleks tashkilotlari aholi bandligi va daromadini oshirish masalalarini joyning o‘zida hal qiladi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari haftaning uch kunini bevosita kambag‘allik va bandlik masalalariga bag‘ishlaydi. Moliyaviy resurslar va qaror qabul qilish vakolatlarining katta qismi tuman darajasiga tushiriladi.
Ijtimoiy himoya mexanizmlari ham yangi yondashuv asosida takomillashtiriladi. Ijtimoiy reyestrga kiritishda faqat oila daromadi emas, balki surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik, oila aʼzolarining xorijda ishlayotgani va boshqa ijtimoiy omillarni hisobga oladigan ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tiladi. Uch yoshgacha farzandi bor oilalarda kambag‘allik darajasi o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etayotgani inobatga olinib, bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallaning o‘zida ishli va daromadli qilish choralari belgilandi.
Bunday keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlar parlament zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalarni barqaror huquqiy mexanizmga aylantirish, qabul qilingan qonunlarning amalda qanday ishlayotganini nazorat qilish va hayotning o‘zi qo‘yayotgan yangi masalalarga huquqiy yechim topish parlament faoliyatining muhim vazifasidir.
Selektorda hudud rahbarlari oldiga yil yakuniga qadar 350 ming kishini doimiy ishga joylashtirish, yana 1 million odamning daromadini oshirish va 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifalari qo‘yildi. Bu raqamlar ortida har bir oilaning taqdiri, har bir insonning mehnat qilish va munosib yashash huquqi turibdi.
Bugun oldimizdagi eng muhim maqsad — ijtimoiy davlat degan yuksak konstitutsiyaviy tamoyilni har bir inson o‘z hayotida his etadigan voqelikka aylantirishdan iborat. Buning uchun parlament faqat zamon bilan hamnafas qonunlar qabul qilibgina qolmay, jamiyatdagi o‘zgarishlarni oldindan ko‘ra bilishi, inson manfaatlariga daxldor har bir masalaga huquqiy yechim topishda tashabbuskor bo‘lishi kerak. Zero, inson qadrini ulug‘lash siyosati xalq vakillarining ham eng yuksak maqsadi — har bir fuqaro Konstitusiyada belgilangan ijtimoiy huquq va kafolatlarni kundalik hayotida real his etadigan mustahkam huquqiy muhit yaratishni talab etadi.
Nazira MUXTOROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi