O‘zbekiston va Janubiy Koreya: o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichiga start berildi


1966     16.09.2026

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari Markaziy va Sharqiy Osiyoni o‘zaro bog‘lab turuvchi muhim hamkorlik yo‘nalishi ekani bejiz ta’kidlanmayapti. Buning isbotini Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasida O‘zbekiston ulushi qariyb 50 foizni tashkil etayotganida ham ko‘rish mumkin. Koreya Vatanimiz mustaqilligini birinchilardan, ya’ni 1991-yilda tan olgan sanoqli davlatlardan biri bo‘lib, bugun o‘zaro aloqalarimiz alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Aslida ikki xalq hamkorligi o‘zining tarixiy ildizlariga ham ega. O‘zaro uyg‘un sharqona madaniyat, qadriyatlar hamohangligi, mehnatsevarlik, qat’iyat hamda mas’uliyat borasidagi mushtarak mezonlar har ikki xalqning do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilyapti. Aloqalarimizning yana bir muhim jihati yurtimizda 180 ming nafardan ortiq koreys millatiga mansub aholi yashayotgani bilan bog‘liq. Koreyslar MDHda eng yirik diaspora bo‘lib, nufusi jihatidan dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi va bu jihat ham o‘zaro munosabatlarimizda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.

Albatta, o‘zaro aloqalarda iqtisodiy hamkorlik muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi 5 barobarga oshib, Koreyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyasi hajmi 8 milliard dollarga yetdi. O‘tgan yili o‘zaro savdo aylanmasi 1,7 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich qariyb bir milliardga yaqinlashdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 22,4 foizga ko‘p, deganidir. Hozir mamlakatimizda koreys kapitali ishtirokidagi 725 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatyapti.

Tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo aylanmasini 4 milliard AQSH dollariga yetkazishni maqsad qilgan va buning uchun asoslar ham yetarli. Jizzaxdagi KIA avtomobil zavodining ishlab chiqarish quvvati kengayayotgani yoki Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishida «Incheon International Airport» kompaniyasi asosiy hamkorlardan biri sifatida ishtirok etayotgani bunga misol bo‘la oladi. Shuningdek, Koreyada ishlab chiqarilgan «Jaloliddin Manguberdi» tezyurar poyezdlari, «Robotis» kompaniyasining O‘zbekistonga qariyb 100 million dollar sarmoya kiritib, robotlar ishlab chiqarish zavodini barpo etayotgani chindan ham ishonchli hamkorlikning amaliy ifodasidir. O‘zbekiston va Koreya munosabatlari haqida gap ketganda, madaniyat va ta’lim sohasidagi aloqalar ko‘lamiga alohida to‘xtalish lozim. Jumladan, 1992-yildan beri Toshkentda koreys ta’lim markazi faoliyat ko‘rsatyapti. Bir nechta universitet va institutlarda koreys tili va madaniyati markazlari ochilgan. 15 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi, 30 ga yaqin maktab va litseyda koreys tili o‘rgatilmoqda. O‘zbekiston universitetlari Janubiy Koreyadagi 30 dan ziyod oliy o‘quv yurti va ilmiy-ishlab chiqarish tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda. 2014-yilda esa Toshkentda Seul bog‘i, shuningdek, 2018-yil poytaxt ko‘chalaridan biriga Seul nomi berilishi ham xalqlarimizning mustahkam do‘stligi ramzi bo‘ldi.

Shu o‘rinda mamlakatlarimiz o‘rtasida parlamentlararo aloqalar ham faollashayotganini e’tirof etish joiz. Parlamentlararo «do‘stlik guruhlari» faoliyati va parlament delegatsiyalarining muntazam tashriflari shubhasiz, juda katta ishonchdan dalolat beradi, albatta. Qonun chiqaruvchi organlar qo‘mitalari o‘rtasida samarali tajriba almashinuvi ham yo‘lga qo‘yilgan. Milliy Assambleya va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magida Oliy Majlisning ikkala palatasida «Elektron parlament» loyihasi amalga oshirilmoqda. Koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz Qonunchilik palatasi va Senatda, mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgani ham o‘zaro aloqalarni kengaytirishda muhim omil bo‘lyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga navbatdagi davlat tashrifi esa o‘zaro aloqalarda butunlay yangi - tarixiy davrni boshlab berdi, deyish mumkin. Tashrif doirasida investitsiya portfeli ko‘lami yanada kengaydi. Jumladan, umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar tayyorlandi. Koreya Eksimbanki bilan Strategik hamkorlik dasturi qabul qilindi. Bundan tashqari, davlat rahbarlari tomonidan Koreyaning ilg‘or texnologiyalari hamda Yangi O‘zbekistonning resurslar va sanoat borasidagi salohiyatiga asoslangan mustahkam innovatsion va texnologik alyansni shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlash joiz.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu tashrif O‘zbekiston - Koreya munosabatlarida yangi sahifa ochdi: o‘zaro tashriflarda imzolanadigan hujjatlar, yangi tashabbus va takliflar, Seulda ilk bor o‘tkazilayotgan «Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi» sammiti shubhasiz, O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarini xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiladigan yangi bosqichga ko‘tarmoqda.


Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
"Milliy tiklanish" gazetasining 2026-yil 16-sentyabr sonidan olindi