Jizzaxdagi zo‘ravonlik deputatlar eʼtiborida


1740     18.09.2026

Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Saylovoldi dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda partiyaning Jizzax viloyat Kengashi tashabbusi bilan mahalliy Kengash deputatlari va “Siyosatchi ayollar klubi” aʼzolaridan iborat ishchi guruh tomonidan viloyatda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayol bilan bog‘liq holat joyiga chiqib o‘rganildi. Aniqlanishicha, ayolga nisbatan ikki oy mobaynida ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilgan, erkinligi cheklangan hamda og‘ir jismoniy zo‘ravonlik qilingan. Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ishchi guruh ushbu masalani o‘rganish bilan cheklanmadi. Jabrlangan fuqaroning xavfsizligi, tibbiy va psixologik yordam olishi, ijtimoiy himoya qilinishi hamda voyaga yetmagan farzandining huquqlari taʼminlanishi yuzasidan masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rilishiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, mazkur holat misolida mahalla, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori va masʼul tashkilotlarning zo‘ravonlikni oldini olish borasidagi ishlari deputatlar o‘rganishi doirasida tahlil qilindi. Aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli tashkilotlarga taklif va tavsiyalar kiritildi.

Mazkur holat bo‘yicha partiyaning yondashuvi aniq: zo‘ravonlik sodir bo‘lganidan keyin emas, avvalo uning oldi olinishi kerak. Shu bois, partiyaning mahalliy Kengashlardagi deputatlari xotin-qizlarni himoya qilishga oid muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganishi, masʼul tashkilotlar bilan birgalikda yechim ishlab chiqish va aniq natijaga erishishga qaratilgan tashabbuslarni izchil davom ettiradi.

Afsuski, ayrim holatlarda zo‘ravonlik voqealarini yoritishda kasbiy etika va inson huquqlariga doir meʼyorlarga zid, qo‘pol va shov-shuvli yondashuvlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Jabrlangan shaxsning shaʼni, qadr-qimmati, shaxsiy hayoti va xavfsizligini inobatga olmay, voqeaning eng og‘ir tafsilotlarini namoyish etish zo‘ravonlikka qarshi kurashga xizmat qilmasdan, aksincha, jabrlangan shaxsga qo‘shimcha ruhiy bosim va ijtimoiy zarar yetkazishi mumkin.

Shu bois, partiya qoshidagi “Siyosatchi ayollar klubi” OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini bunday voqealarni yoritishda jamiyatda shov-shuv uyg‘otish emas, balki shaxsiy hayot daxlsizligi va inson qadr-qimmatini saqlagan holda masʼuliyat bilan yondashishga chaqiradi. Toki, zo‘ravonlikni fosh etish bahonasida jabrlangan insonga nisbatan yana bir ruhiy zo‘ravonlik sodir etilmasligi kerak.