2117 25.09.2026
Bugun Yangi O‘zbekiston islohotlari jarayonini kuzatgan har qanday inson mamlakatimiz tom maʼnoda taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘yganiga, kelgusi o‘n yillik biz uchun haqiqatan ham milliy yuksalish davri bo‘lishiga ishonch hosil qiladi. Bu davrda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish surʼati saqlangan holda, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi. Sanoatda ikki millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Albatta, bu raqamlar balandparvoz gaplar emas, shunchaki jamoatchilik uchun ham aytilgani yo‘q. Ayrimlar o‘ylaganidek, qisqa vaqtda erishib bo‘lmaydigan natijalar ham emas. Bu raqamlar so‘nggi yillardagi real o‘zgarishlardan kelib chiqib, yaʼni o‘zbekcha qilib aytganda, yetti o‘lchovdan keyin obdon hisob-kitob qilingan raqamlardir. To‘g‘ri, erishish oson emas. Lekin buning uchun ishni to‘g‘ri tashkil etib, kechagidan ko‘ra bir necha barobar ko‘proq va samarali ishlashsak, biz uchun chiqib bo‘lmaydigan dovon qolmaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston safaridan so‘ng Andijonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bilan tanishish maqsadida ushbu viloyatga qilgan ikki kunlik safari aynan O‘zbekiston yangi davriga qadam qo‘yib, “Milliy yuksalish” sari yanada ildam qadam tashlagani isboti bo‘ldi.
Maʼlumki, Andijon yer va tabiiy boyliklari cheklangan, ammo aholi eng zich yashayotgan hudud hisoblanadi. Mehnatkash, tashabbuskor va faqat natijaga harakat qiladigan odamlari, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, shakllangan sanoat maktabi va katta bozor viloyatda salmoqli o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda gap ketganda, viloyatda joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyot 8,8 foizga o‘sganini qayd etish lozim. Sanoat, xizmatlar va investitsiyalarda ham ijobiy surʼatlar kuzatilyapti. Eng muhim ko‘rsatkich bu – natijalar har bir oilaning kundalik hayotida aks etayotganidir. Lekin bu viloyatda muammolar yo‘q degani emas.
“Andijonda uxlash yaxshi, havosi zo‘r, lekin o‘y qiynaydi, uyuqu kam bo‘ldi. Nimaga deganda masala ko‘p. Andijonda 4 foiz kambag‘al bor – 141 ming aholi, 4,5 foiz ishsiz bor – 66 ming aholi. 219 ming aholimiz migratsiyada. Bu muammomi yo‘qmi? Bu odamlar, bizdan, Yangi O‘zbekistondan rozimi? Shuni bilib turib, men qanday qilib Toshkentda tinch o‘tiraman”, – dedi Prezident viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda.
Davlatimiz rahbari qaysi hududga tashrif buyurmasin, qaysi soha rivoji bilan tanishmasin yoki qaysi soha xodimlari bilan uchrashmasin asosiy eʼtibor – Inson qadrini yuksaltirish, xalqimiz turmushini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratadi. Andijon safarida ham ushbu strategik vazifalar asosiy o‘rinni egaladi.
Prezident tashrifning eng muhim voqeasi, shubhasiz, umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollar bo‘lgan 206 ta loyiha bilan bog‘liq. Shundan 2 milliard 50 million dollarlik 98 ta loyiha ishga tushirildi. 7 milliard 350 million dollarlik 108 ta loyihaning qurilishi boshlandi. Ularning ro‘yobga chiqishi natijasida 45 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 60,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport shakllanadi.
Darhaqiqat, viloyatning imkoniyatlari cheksiz. Andijon har doim barcha sohalarda yetakchi bo‘lib kelgan. Yangiliklarni qabul qilish va o‘zlashtirishda andijonliklarga yetish qiyin. “Andijon tajribasi”, “Andijon maktabi” degan atamalar ham bejiz
paydo bo‘lmagan. Shu bois, yirik korxonalarni kengaytirish, texnologik modernizatsiya qilish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Kelgusi yil viloyatda kamida 10 foiz iqtisodiy o‘sish taʼminlanadi. 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish orqali eksport 1,5 milliard dollarga yetkaziladi. Yil yakunigacha qaryib 500 ming aholi bandligi taʼminlanib, ishsizlikni 3,6 foizga, kambag‘allikni esa 2,4 foizga tushirish choralari ko‘riladi.
Asaka nomi tilga olinganda avvalo hayolimizga 30 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan avtomobil zavodi keladi. Asaka nafaqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyo avtomobilsozlik sanoati markaziga aylandi. Lekin endi bugungi kun talabi va ehtiyojidan kelib chiqib, zavod strategiyasini ham o‘zgartirish kerak. Shu bois, yig‘ilishda endilikda faqat chetdan tayyor modellarni olib kelish emas, shakllangan tajriba asosida o‘z texnologiyalarini yaratish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda “Asaka muhandislik vodiysi” tashkil etilib, dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari zanjiri yo‘lga qo‘yiladi. Maqsad Andijonni vodiyning muhandislik kadrlari markaziga aylantirishdir.
Yig‘ilishda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi, malakali kadrlar tayyorlash, tadbirkorlik, transport va logistikani kengaytirish, turizm, taʼlim, uy-joylar qurish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha ham yangi vazifalar belgilandi. Maqsad esa o‘zgarmas: ortga qaytmas islohotlar natijadorligini taʼminlab, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqni rozi qilish, har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, erkin, farovon va qudratli davlat barpo etishdir.
Bahodir MAMATXONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati