Yoshlar internet va ijtimoiy tarmoqlardan uzilishi kerak(mi?)


1630     25.09.2026

Bugun internet insoniyat hayotining ajralmas qismiga aylandi. Global tarmoq zamonaviy dunyoni axborot, aloqa va texnologiyalar orqali butunlay o‘zgartirib yubordi. Internet nafaqat odamlarning kundalik yumushlarini yengillashtiryapti, balki taraqqiyotning asosiy kuchiga ham aylandi.

Internet istalgan ma’lumot, kitob yoki ilmiy tadqiqotlarni soniyalar ichida topish imkoniyatini yaratdi. U orqali dunyoning narigi chekkasidagi odamlar bilan real vaqtda ovozli yoki video aloqa o‘rnatish, onlayn do‘kon va xizmatlar orqali istalgan mahsulotni buyurtma qilish va sotish mumkin. Hatto uyda o‘tirib, xalqaro kompaniyalarda ishlash, daromad topish, pul o‘tkazmalari, to‘lov va moliyaviy amaliyotlarni bir tugmachani bosish orqali amalga oshirsa bo‘ladi.

Qo‘lingizdagi telefon orqali davlat xizmatlarida hujjatlarni rasmiylashtirish, navbatga turish, ariza topshirish kabi idoralararo ishlar internet orqali tez, oson, eng asosiysi korrupsiyasiz, tanish-bilishlarsiz, ortiqcha qog‘ozbozliklarsiz bajarilyapti. Internetning imkoniyatlari tasavvurimizga sig‘magan darajada cheksiz ekan, nima uchun keyingi paytlarda o‘smirlar, yoshlar uchun bu tarmoqni cheklash haqida ko‘p gapirilyapti.

Internet yoshlar uchun ham hayotining ajralmas qismiga aylanib bo‘ldi. Ayniqsa, Instagram, YouTube, TikTok, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish orqali bilimini oshirib, axborot olyapti, o‘zaro muloqot qilyapti, til o‘rganyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha bugun jami internet foydalanuvchilari soni 6 milliarddan, ijtimoiy tarmoqlardagi faollar soni esa 5,5 milliarddan oshgan bo‘lsa, ularning qariyb 1,5 milliardini 15-24 yoshdagilar tashkil etadi. Zamonaviy yoshlar va o‘smirlar kuniga o‘rtacha 4-8 soat vaqtini internet va ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazyapti va bu raqamlar tobora oshib boryapti.

Bir qarashda buning hech qanday yomon tomoni yo‘qdek ko‘rinadi. Lekin mutaxassislar so‘nggi yillarda internet va ijtimoiy tarmoqlarning ko‘plab salbiy jihatlarini ham aniqladiki, ulardan farzandlarimizni tezroq himoya qilmasak butun boshli avlodni boy berishimiz mumkin. Avvalo ruhiyatga ta’siri haqida gapirganda, kuniga ikki soatdan ortiq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazgan o‘smirning boshqalarga qaraganda ruhiy tushkunligi va xavotiri sezilarli darajada yuqori bo‘larkan. Yoshlar tengdoshlarining tarmoqlardagi «go‘zal va muvaffaqiyatli» hayotini kuzatib, o‘zlarini doimo kimdandir ortda qolayotgandek yoki hayoti qiziqarli emasdek his qilarkan. Bu esa o‘ziga bo‘lgan ishonchning pasayishiga sabab bo‘ladi.

Instagram, TikTokdagi «filtr»lanib, «ideal»lashtirilgan video va suratlar o‘spirinlarda tashqi ko‘rinishidan ko‘ngli to‘lmaslik hissiyotining paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Cheksiz va uzluksiz foydalanish esa miyada dofamin, ya’ni zavq, quvonch, motivatsiya va harakatlarni boshqaruvchi garmonning tez ajralishiga sabab bo‘lyapti va natijada yoshlar real hayotdagi muammolardan qochib, virtual olamga butunlay qaram bo‘lib qolyapti.

Internet va ijtimoiy tarmoqlarning jismoniy sog‘liqqa ta’siri ham ruhiy ta’sirlardan kam emas. Ekranlardan taraladigan ko‘k nur uyqu garmoni - melatonin ajralishini kamaytirmoqda va natijada uyqu buzilyapti. To‘yib uxlamaslik esa xotirani pasaytiradi. Tajovuzkorlik va kunduzgi charchoqni keltirib chiqaradi. Smartfon qarshisida soatlab o‘tirish jismoniy faollikni ham keskin kamaytiradi va bu umurtqa pog‘onasining qiyshayishi, ko‘z nurining xiralashishi va semirishga sabab bo‘ladi. 15-20 soniyalik qisqa videolarni ko‘p tomosha qilayotgan o‘spirinlar esa uzun matnlarni o‘qish, darslarda diqqatini bir joyga jamlash qobiliyatini yo‘qota boshladilar. Eng yomoni, so‘nggi yillarda bolalar ishtirokida jinoyatchilik, bir-biriga zo‘ravonlik qilish holatlari, o‘zini o‘zi jarohatlash, narkotik moddalar, hatto o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygan. Tadqiqotlar natijasida bunga ham jilovlanmagan internet va ijtimoiy tarmoqlar sabab bo‘layotgani aniqlandi.

Internet va ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar hayotiga salbiy ta’siri shunchalik ko‘p ekan, ularni bu xavflardan qanday qilib himoya qilish mumkin. Albatta, yoshlarni global tarmoqdan butunlay uzib bo‘lmaydi. Shu bois, ko‘plab davlatlarda yoshiga qarab ma’lum cheklovlarni kiritish taklifi ilgari surilmoqda. Avstraliya ushbu yo‘nalishda keskin choralarni qo‘llagan birinchi davlat hisoblanadi. O‘tgan yildan boshlab mamlakatda yoshi 16 dan kichik bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlarda «akkaunt» ochishi yoki mavjud akkauntini saqlashiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qoidalar kuchga kirdi. Buyuk Britaniya va Yangi Zelandiya ham shunga o‘xshash cheklovlarni kiritishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu boradagi tartibni buzgan bolaning o‘zi yoki ota- onasiga jarima solish emas, platformalarning mas’uliyatini kuchaytirish ko‘zda tutilgan. AQSHda esa bu bo‘yicha yagona taqiq emas, shtatlar bo‘yicha turli cheklovlar kiritilmoqda. Mamlakatda ijtimoiy tarmoqlar chekloviga oid 20 ga yaqin qonun qabul qilingan bo‘lib, ularning ayrimlari sud qarorlari bilan vaqtincha to‘xtatilgan. Chunki bu cheklovlar so‘z erkinligi va shaxsiy daxlsizlik huquqlari bilan ham bog‘liq bahslarni keltirib chiqargan. Yevropa Ittifoqi davlatlarida ham bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan himoya qilish bo‘yicha choralar kuchaytirilmoqda. Jumladan, Yevropa komissiyasi 13 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlash va 13-15 yoshdagilar uchun ota-ona nazoratidagi maxsus «mini-akkauntlar»ni joriy etishni taklif qilgan.

Yoshlar ta’lim-tarbiyasini hayot-mamot masalasi sifatida bilgan O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda bolalar va o‘smirlarni internetga qaramlik, kiberbulling hamda zararli kontentlardan himoya qilish bo‘yicha gap-so‘zlar ko‘paymoqda. Chunki o‘smirlarimiz hayotida internet va ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’sirlari ko‘rinyapti. Kuni kecha fraksiya yig‘ilishida «Raqamli O‘zbekiston - 2030» strategiyasining ijrosi yuzasidan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga parlament so‘rovini yuborishga oid muhokamada voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash masalasi ko‘tarildi. Fraksiya rahbari Alisher Qodirov bunga munosabat bildirib, bu jarayonda asosiy e’tibor faqatgina cheklovlarga emas, balki yoshlarda internet, ijtimoiy tarmoqdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishga qaratish kerakligini ta’kidladi.

Albatta, bolalar uchun internet yoki ijtimoiy tarmoqlarni butunlay taqiqlab bo‘lmaydi. Aksincha, ularga zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan maqsadli, ongli va me’yorida foydalanishni o‘rgatish kerak va bu eng to‘g‘ri yondashuvdir. Bunda avvalo, ota-onalar mas’ul bo‘lishi lozim.

 

Zuhra MIRG'OZIYEVA,
Oliy Majlisning Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 23-sentyabr sonidan olindi