Ishonch manzili yoxud migrantlikdan fidoyi farzandgacha


1779     25.09.2026

Yaqinda xizmat safari bilan Dubayda bo'ldik. Shahar ko'chalari diqqat- e'tiboringni tortuvchi rang-barang binolar, do'konlarni tomosha qilayotganimizda bir sotuvchi kishi so‘rab qoldi:

- Qayerdansizlar? - O'zbekistondan! U bir zumgina o'ylandida:

- A-a, Mirziyoyevmi, - dedi...

...biz uzoq yillar Afg'oniston, Pokiston yoki boshqa bir «istoni» bor davlatlar bilan adashtiriladigan mamlakat fuqarolari sanalar edik. Bu safargi so'rov, surishtiruvda esa Yurtboshimizning ismi sharifi tilga olinganidan ham quvondik, ham hayratlandik...

Bu voqea delegatsiyamiz a'zolarida katta taassurot qoldirdi. O'sha lahzada sotuvchining ko'zi va so'zlarida O'zbekistonning juda tez o'sib borayotgan mavqeini, nufuzini, xalqaro tadbirlar, rasmiy uchrashuvlar, sammitlar doirasidagina emas, balki oddiy insonlarning tasavvuri va tafakkurida ham namoyon bo'layotgan e'tirofini his etdik, desam mubolag'a bo'lmaydi.

VATAN NOMI UNING FARZANDLARI BILAN TANILADI

To'g'ri, balki bu kimlar uchundir unchalar eslashga loyiq voqea emasdir, lekin ba'zan ana shunday arzimas holatlar bizga asl haqiqatni anglashimizda ko'proq yordam beradi, degan fikrdaman. Nazarimda, bugun biz har bir vatandoshimizning, hatto kichik bir yutug‘ini ham nafaqat uning shaxsiy muvaffaqiyati, balki O‘zbekistonning ulkan bir g‘alabasi sifatida qabul qiladigan davrda yashayapmiz. Shundanmi, ko‘p millatli xalqimiz va xorijdagi vatandoshlarimiz - barchamiz bugun O‘zbekiston haqida gap ketganida, o‘zimiz bilan Vatan nomini ham olib yurishimiz kerakligini, har qanday inson Vatanga daxldorlik hissi bilan yashashi lozimligini teranroq anglayotgandekmiz.

YOPIQ MAVZUNING OCHIQ SIYOSATIGACHA

Qayd etish joizki, O'zbekiston qiyofasini shakllantirishda uzoq yillar e'tirof etilmagan bir qatlam bor. Bu yaqin va olisdagi VATANDOSHLAR qatlamidir! Bugun xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz orasida ham o‘z yurtiga xizmat qilmoqchi bo'lgan yuzlab, balki minglab fuqarolar borligiga guvoh bo'lyapmiz. Zero, kechagina xorijdagi o'zbeklarning hayot tarzi yoki faoliyati to'g'risida gapirish deyarli taqiqlangan mavzu sanalardi. Bunday axborot bo'shlig'idan ayrim tashqi kuchlar siyosiy ta'sir vositasi sifatida foydalanganlaridan ham xabarimiz bor.

Ammo millat yetakchisi mehnat migrantlarini «Fidoyi farzandlarim» deb ataganidan keyin ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash kerakligi haqida bot-bot gapirila boshlandi. Ushbu qatlam manfaatlarini himoya qilish tashqi siyosatimizning ham ustuvor yo'nalishiga aylandi. Shuning uchun endi xorijdagi vatandoshlarimiz mamlakatdan uzilib qolgan resurs yoki hatto o'zining yoru birodarlariga begona shaxs emas, balki taraqqiyotimizga hissa qo'shayotgan kuch, deya e'tirof etilmoqda.

Eng muhimi, bugunga kelib, O'zbekistondan «aqllilarning ketishi»ni oldini olish hamda ularni Vatanga qaytarishga qaratilgan harakatlar real natija bera boshladi.

Prezidentimizning dunyoning turli mamlakatlarida vatandoshlarimiz bilan uchrashib, ularning fikr-mulohazalari va takliflarini eshitayotgani ham shundan. Davlat rahbarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llanadigan bayram tabriklari yoki murojaatlarida esa ularga alohida ezgu tilaklar bildirish yaxshi an’anaga aylandi. 2017-yildan boshlangan bunday yondashuv tobora keng qamrovli davlat siyosatiga aylanib bormoqda. Chindan ham O‘zbekistonda diaspora siyosatini shakllantirish, sohaning huquqiy asoslarini ishlab chiqish hamda mazkur yo‘nalishda institutsional tizim yaratish borasida o‘tgan yillar mobaynida salmoqli ishlar olib borildi. Mutaxassislarning fikricha, jadal ilgarilashda davom etayotgan diaspora siyosatining tadqiqi va tahlili hatto olimlarni ham ushbu masalaga e’tibor qaratishga undayapti. Jumladan, tarixchi olima, professor R.Murtazayeva o‘zining «Yangi O‘zbekistonning xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlanishi umummilliy totuvlikni ta’minlashning yangi bosqichi» maqolasida O‘zbekistonda «Migratsiya va diaspora tadqiqoti» mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlashga ehtiyoj mavjudligini ta’kidlaydi. Shu o‘rinda ushbu sohadagi statistik ma’lumotlar endi- endi shakllanayotganini ham unutmasligimiz kerak. Masalan, bugun dunyoda qancha o‘zbek istiqomat qilyapti?

Ularning salmoqli qismi qaysi davlatlarda, yoshi va jinsi yoki keyingi 10 yilda xorijdagi o‘zbekistonliklar soni qanday o‘zgardi?

Bunday dolzarb savollarning javoblari esa ishga solinmagan imkoniyatlarni aniqlashimizga yordam beradi.

E’tibor bering, bugun turli davlatlardagi vatandoshlarimiz tashabbusi bilan ochilgan jamoat tashkilotlari soni 160 taga yetibdi. Ular bilan o‘zaro hamkorlik qilish milliyligini saqlab qolishga intilayotgan xorijdagi vatandoshlarimiz faolligini rag‘batlantirish va o‘zligini unutib o‘zga madaniyatlarga singib borayotgan ayrim yurtdoshlarimiz bilan aloqalarni tiklash va rivojlantirish imkonini beradi. Bu borada esa O‘zbekistonda o‘ziga xos tajriba ham to‘plandi.

 

VATANDOSHLAR - ISHONCHNING YANGI MANZILI

O‘zbekistonning xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab- quvvatlashga doir siyosatini shartli ravishda uch yo‘nalishda tahlil etish mumkin. Bular - vatandoshni qo‘llab-quvvatlash, aloqalarni tiklash, ularning salohiyatini Vatan taraqqiyotiga yo‘naltirishdir. Keyingi 10 yilda vatandosh manfaatini himoya qilish yo‘lidagi 40 dan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan normativ-huquqiy hujjatlarda ularning haq-huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qator yangiliklar ham amaliyotga joriy etildi.

Masalan, 2018 yili xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha alohida davlat siyosati shakllantirilib, O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi tasdiqlandi. «Fuqarolik to‘g‘risida»gi qonunda esa ilk bor «Vatandosh» tushunchasiga huquqiy ta’rif berildi. 2018-yilda «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida esa xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlari tartibga solindi. 2019-yilda xorijdagi vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekistonga taklif qilish hamda ko‘p martalik kirish vizalarini berish tartibi belgilandi. Aynan shu yili xorijda vaqtincha ishlayotgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralari kuchaytirildi. 2020-yilda qabul qilingan «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunning 16-bobi fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi mehnat faoliyatiga bag‘ishlandi.

Ushbu qonunning 6-moddasi bilan davlat siyosati yo‘nalishlaridan biri sifatida fuqarolarga xorijda ishga joylashishda ko‘maklashish va xorijda bo‘lish davrida huquqiy-ijtimoiy himoyasi belgilab qo‘yildi. Shu yilning o‘zida uy-joyga muhtoj mehnat migrantlarini uy bilan ta’minlash mexanizmi yaratildi.

2020-yilda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy etildi. 2021-yilda esa O‘zbekiston fuqaroligiga oid masalalarni ko‘rib chiqishning yangilangan tartibi tasdiqlanib, mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish mexanizmlari yaratildi. Ko‘p o‘tmay, 2021-yilda «Vatandoshlar» jamoat fondi tashkil etilib, xorijdagi vatandoshlarga huquqiy, axborot va ijtimoiy yordam ko‘rsatishning yangi instituti tashkil etildi. 2023-yili esa Konstitutsiyaning 23-moddasida davlat tomonidan xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlash va rivojlantirish kafolatlab qo‘yildi. 2024-yilga kelib «Yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Qarori qabul qilindi.

2025-yili Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitaning faoliyatini samarali tashkil etish choralari belgilanib, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etildi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda vatandoshlar bilan aloqalarning yaxlit tizimi shakllantirilib, huquqiy asoslari yaratildi va boshqaruv tizimiga asos solindi. Ta’kidlash joizki, ana shu hujjatlarning barchasi Yurtboshimizning «Har bir vatandoshimning yutug‘i - bu mening yutug‘im, tashvishi - mening tashvishim, degan fikr bilan yashasak, yutug‘imiz ko‘payib, tashvishimiz albatta, kamayib boradi», degan da’vatlarining amaldagi isbotidir.

 

«VATANDOSHLAR» MASALASI PARTIYA SIYOSIY DASTURIDA

Bu jarayonning yana bir muhim jihati shundaki, xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash masalasi bugun nafaqat davlat siyosati, balki siyosiy partiyalarning Saylovoldi dasturlarida o‘z aksini topmoqda. Xususan, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida xorijdagi vatandoshlar bilan bog‘liq muhim vazifalar belgilangan.

Xususan, Saylovoldi dasturining 7.2 bandida «Vatandoshlik kartasi» institutining joriy etilishi haqidagi tashabbus bugunga kelib, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda ham o‘z aksini topdi. Bu tashabbusning qonunchilikda aks etgani esa Vatandoshlikning milliy o‘zlik, fuqarolik, axborot siyosati va mamlakat taraqqiyoti bilan bog‘liq keng qamrovli strategik masala sifatida qaralayotganini ham ko‘rsatadi. Keyingi 3 yil mobaynida partiyaning deputatlik korpusi bilan hamkorlikda parlament va mahalliy Kengashlar tomonidan xavfsiz migratsiyani tashkil etishga qaratilgan 200 ga yaqin nazorat-tahlil tadbirlari ham olib borildi.

Shu kunlarda esa partiyaning «Vatandoshlar» jamoat fondi bilan hamkorlikda bir qator loyihalarni amalga oshirayotgani vatandoshlarni qo‘llab- quvvatlashga qaratilgan sa’y- harakatlarni yanada jonlantirishga va bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

VATANDOSHLAR BUTUNJAHON QURULTOYI: YANGI BOSQICH OSTONASIDA

Shu kunlarda O‘zbekiston vatandoshlar bilan bog‘liq yirik ijtimoiy-siyosiy voqea, ya’ni yana bir muhim mashvaratga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-22- son Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy va tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Xususan, mazkur dasturning 94-maqsadi - «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab- quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish» doirasidagi 299-bandida «Vatandoshlar butunjahon Qurultoyi»ni o‘tkazish vazifasi nazarda tutilgan.

O‘ylaymizki, ushbu tadbir «Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun» g‘oyasi asosida xorijdagi vatandoshlarni nafaqat milliy o‘zlik va madaniy merosning tashuvchisi, balki Yangi O‘zbekistonning dunyodagi ovozi, milliy madaniyati va qadriyatlarining ma’naviy elchisi, taraqqiyotining faol ishtirokchisi hamda mamlakatning xalqaro maydondagi milliy manfaatlarini ilgari surishga hissa qo‘shuvchi strategik kuch sifatida birlashtirishga ham qaratilgan. Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, bugun Yangi O‘zbekistonda, xorijdagi vatandoshlarga shunchaki mamlakatdan «ketib qolgan»lar, deb emas, balki O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi faol insonlar qatlami sifatida qaralmoqda. Shu bois biz diaspora sonini sanash bilan cheklanib qolmay, ularning tarixiy Vatani bilan bog‘liq g‘oyalari, tashabbus va takliflariga ko‘proq e’tibor berishimiz zarur. Zero, bugun O‘zbekiston ishonchni sarmoyaga aylantirish davriga qadam qo‘ydi.

 

Feruza Muhammedjanova,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 16-sentyabr sonidan olindi