1577 25.09.2026
Nega bu o‘yinlar juda tez ommalashdi? Bugunga kelib, bir paytlar 19 ta davlat vakili ishtirok etgan musobaqaning 3 mingdan ortiq qatnashchilari bor. Bu natijaga qanday erishildi?
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, qadimda tabiat bilan uyg‘un yashash, yer va suvni qadrlash, ot ustida yurish, kamondan o‘q otish, kurash tushish, ov marosimlari va turli milliy bellashuvlar ko‘chmanchi xalqlarning hayot tarzi sanalgan. Yaqinda ana shunday hayot tarzi qadimiy meros sifatida YUNEsKO ro'yxatiga kiritildi. Shuningdek, Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari (World Nomad Games) sifatida xalqaro sport maydonlarida namoyon bo‘lmoqda.
Muxtasar aytganda, «Nomad» o‘yinlari bu xalqlarning mushtarak tarixini, milliy xotirasi va avlodlar merosini bir maydonda qayta jonlantirayotgan madaniy hodisadir. Bugun maydonda ot choptirayotgan, kamondan nishonga o‘q uzgan yoki kurash tushayotgan sportchi faqat g‘oliblik uchun kurashmayapti. U, ma’lum ma’noda, ajdodlaridan qolgan an’analarni davom ettirmoqda. Qayd etilishicha, «Turkiy va mo‘g‘ul qabilalarining ko‘plab guruhlari chorvachilik bilan shug‘ullanib, yil fasllariga qarab qishlov, bahorlov, yozlov va kuzlov joylariga ko‘chishgan. Ularning hayoti tabiat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Qayerda suv bor, qayerda yaylov serhosil, qayerda chorva uchun sharoit qulay, ko‘chish ana shu omillarga qarab belgilangan. Ko‘chmanchi xalqlar hayotida chorvachilik asosiy o‘rin tutgan. Ot, tuya, qo‘y-echki va qoramol
ularning kundalik turmushida muhim ahamiyat kasb etgan. Ayniqsa, ot ko‘chmanchilar uchun faqat transport vositasi emas, balki eng ishonchli hamroh bo‘lgan. Shu bois, ot bilan bog‘liq ko‘nikmalar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ot minish, uni boshqarish, tezlik va chaqqonlikni sinash keyinchalik milliy sport turlarining shakllanishiga ham asos bo‘ldi.
2017-yili «Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari»ga Bishkekda - Turkiy davlatlar rahbarlari sammitida start berilgan edi. O‘shanda Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkiya ishtirokida Bishkek deklaratsiyasi imzolangan. 2014-yilda esa Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida o‘tkazilgan Birinchi Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida 19 davlatdan sportchilar ishtirok etgani esa nafaqat, milliy o‘yinlarga qiziqish, balki o‘zaro urf-odatlarga ham hurmat ramzi sifatida namoyon bo‘ladi. Dastlabki musobaqalarning asosiy maqsadi ko‘chmanchi xalqlarning an’anaviy sport turlarini qayta tiklash, ularni xalqaro maydonga olib chiqish, madaniy merosni asrab-avaylash va turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni kuchaytirishdan iborat edi. Bir qarashda sport musobaqasidek ko‘ringan ushbu tadbir ortida aslida katta madaniy g‘oya bor edi: unut bo‘lib borayotgan an’analarni qayta jonlantirish va ularni yangi avlodga yetkazish... 2016-yili yana Cho‘lpon-Ota shahri mezbonlik qilgan Ikkinchi Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida 62, 2018-yilgi bellashuvlarda 82, 2022-yilda esa Turkiyaning Iznik shahrida o‘tkazilgani bahslarda ishtirokchi davlatlar soni 102 taga yetdi. Bu esa tadbirning juda tez ommalashayotganidan sport-madaniy harakatga aylangan «Nomad» o‘yinlarining joriy yilgi - oltinchi mavsumiga yana Qirg‘iziston mezbonlik qildi.
Mamlakatimiz ham «Nomad» o‘yinlarining ilk musobaqalarida faol ishtirok etib kelyapti.
Chunki, O‘zbekiston hududida ham asrlar davomida o‘troq va ko‘chmanchi, dehqonchilik va chorvachilik madaniyatlari yonma-yon yashab, bir-birini boyitib kelgan. O‘zbek xalqining etnik va madaniy shakllanish jarayonida ham turli turkiy qabilalar, o‘troq aholi, ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi jamoalarning o‘zaro ta’siri muhim o‘rin tutgan. Bugun asrlar davomida ko‘chmanchi xalqlarning turmush tarzi, dunyoqarashi va harbiy-jismoniy tayyorgarligida muhim o‘rin tutgan milliy o‘yinlar tarixiy xotira va madaniy merosning ajralmas qismi sifatida qayta namoyon bo‘lmoqda. «Nomad» o‘yinlari orqali ajdodlardan meros qolgan an’analar, milliy qadriyatlar va o‘ziga xos hayot tarzi avlodlarga yetkazilmoqda. Shu ma’noda, bu o‘yinlar nafaqat o‘tmishdan darak beruvchi meros, balki milliy o‘zlikni anglash va uni kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilayotgan tirik tarix hamdir.
Aytish kerakki, bugun insoniyat faqat iqtisodiy taraqqiyot yoki texnologik rivojlanish masalasi emas, madaniy xilma-xillikni saqlab qolish ham muhim vazifalardan biri ekanini tushunib yetmoqda. Chunki, millatning yo‘qolishi bir kunda sodir bo‘lmaydi. Avvalo, uning tili, urf-odatlari, milliy o‘yinlari, hunarlari va tarixiy xotirasiga sekin-asta daxl qilinadi. Agar bu jarayonga befarq qaralsa, asrlar davomida shakllangan madaniy merosning bir qismi qaytarib bo‘lmaydigan darajada yo‘qolishi mumkin. Shunday bir sharoitda «Nomad» o‘yinlari alohida ahamiyat kasb etadi. U ajdodlar merosini muzeylarda saqlanadigan tarixiy yodgorlik sifatidagina emas, balki tirik madaniyat sifatida namoyon etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, qadimda tirikchilik, ovchilik yoki mudofaa uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar bugun sport mahorati sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa tarixning qanday qilib zamonaviy hayot bilan uyg‘unlasha olishining yorqin namunasidir.
Muxlisa Ergasheva,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 23-sentyabr sonidan olindi