1618 06.10.2026
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda taʼlim sohasi bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi
2016-yilda biz mustabid tuzum davridan qolgan, mustaqillikning dastlabki 25-yilida ham davom etgan taʼlim va ilm-fan inqirozini bartaraf qilishga kirishdik. Birinchi navbatda, bu inqirozning bosh sababi bo‘lgan majburiy mehnat batamom tugatildi. Maktab muallimi, o‘quvchisi, professor-o‘qituvchi, talaba ongiga o‘rnashib qolgan qullik, fikrsizlik, befarqlik illatlari ildizi bilan qo‘porib tashlandi. O‘tgan o‘n yil maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar, oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnika bazasini tiklash davri bo‘ldi. Oldinda esa yangi sifat bosqichi, yangi marralar turibdi.
«Dunyoda turmoq, uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur»
Prezidentimiz ustoz-murabbiylar, professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuvda butunlay yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Bu nimani anglatadi? Bugun kechagiday yashab bo‘lmaydi. O‘tmish xatolaridan xulosa chiqarib, kelajak rejalarini belgilab olishimiz zarur.
Avvalo, biz maktab bitiruvchisining yangi darajasi qanday bo‘lishi kerak, nimaga yosh yigit-qizlar o‘n bir yil o‘qib, hech bo‘lmaganda bironta xorijiy til yoki xunarni o‘rganmasdan maktabni tark etyapti, degan savollarga javob izlashimiz kerak. Maktab bitiruvchisining darajasi zamon talablaridan kelib chiqib, jahon standartlariga moslashtirilishi lozim. Ularning hammasi oliy o‘quv yurtida o‘qishini davom ettirmaydi. Buning natijasida yoshlarimizning maʼlum qatlami hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynaladi. Bir so‘z bilan aytganda, boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Chuqur o‘ylab qaraganda, o‘n sakkiz yoshgacha hunar o‘rganmagan, xorijda ishlash uchun til bilmaydigan yigit-qizlar nafaqat ota-onasiga, balki jamiyatga ham og‘ir yukdir. Biz bu vaziyatni zudlik bilan bartaraf qilmas ekanmiz, kambag‘allik degan illatdan ham qutula olmaymiz.
Kambag‘allik qanday paydo bo‘ladi? muammoning bosh sababi — ilm va hunarsiz yoshlarning jamiyatga qo‘shilishi. Biz, avvalo, kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi sabablar bilan kurashishimiz kerak. Ko‘lida hunari bor odamga ish doim topiladi. Til bilganlar xorijda ham kunini ko‘raveradi. Shu bois bu borada maktabning masʼuliyatini oshirish kerak.
Oliy taʼlim tizimi ham yangicha yonda- shuvlarni talab etmoqda. Oliy o‘quv yurtlari, professor-o‘qituvchilar jamiyatni harakatga keltiruvchi kuchdir. Buning uchun olimlar uyg‘oq va fidoyi bo‘lishi — jamiyat duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni kamida o‘n yil oldindan ko‘ra olishi kerak.
Bugun oliy o‘quv yurti bilan ishlab chiqarish o‘rtasida yaqinlik, hamjihatlik yetishmayapti. Aslida, har ikkala tomonning maqsadi bir bo‘lishi kerak. Oliy o‘quv yurtlari ishlab chiqaruvchi talablaridan kelib chiqib o‘quv dasturlariga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritishi, nazariya va amaliyotni birga olib borishdan manfaatdor bo‘lishi zarur. Shu paytgacha aravani hamma bilgan tomoniga tortdi, lekin endi bunday ishlashni ham, yashashni ham davom ettirib bo‘lmaydi.
Bugungi kunda oliy o‘quv yurtlarining dasturlari, darsliklari, o‘quv rejalari maʼnaviy jihatdan eskirgan, zamon talablariga javob bera olmaydi. Professor- o‘qituvchilarimizda vatanparvarlik, millatparvarlik, maʼrifatparvarlik, fidoyilik yetishmayapti. Bugun jamiyatga Behbudiylar, Fitratlar, Avloniylar kerak.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning eng chekka qishloq, tumanlarigacha sanoat kirib bordi, zamonaviy texnologiyalar olib kelindi, dehqonchilik madaniyati ortdi, qishloq xo‘jaligida klasterlarga asos solindi, mulkchilik shakli o‘zgardi, eng asosiysi, odamlar ongi va tafakkuri yangilandi. Prezidentimizning ochiqlik siyosati tufayli biz dunyoga yuz tutdik. Ilm-fanning zamonaviy yo‘nalishlari paydo bo‘ldi, ularsiz hayotimizning biron-bir jabhasini tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. Yangi O‘zbekiston uchun yangi bilim, yangi fan, zamonaviy kadrlar suv bilan havodek zarur. Bundan ham muhimi, bugun jamiyatga sog‘lom fikr, toza qon har qachongidan ham ko‘proq kerak.
Shu nuqtai nazardan, jahon ilm-faniga integratsiyalashish masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Busiz taraqqiy qilib bo‘lmaydi. Jahon ilm-fanidan ortda qolish halokatlidir. Ilm-fan va taʼlim, eng avvalo, muallimlar, professor-o‘qituvchilar va ziyolilardan daxldorlikni, masʼuliyatni, vijdonni, bedorlikni talab etadi. Millat yo‘lboshchisi, Yangi O‘zbekiston meʼmori Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev anglagan haqiqatlarni biz ham anglashimiz, chuqurroq tushunishimiz, faoliyatimizni davlat rahbari ilgari surgan tashabbuslar asosida qurishimiz shart va zarur. Bundan boshqacha yashab bo‘lmaydi. Mahmudxo‘ja Behbudiy taʼkidlaganidek: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur”.
Nazarimda, universitetlarimiz professor-o‘qituvchilari tarkibiga yangi kuchlar kirib kelishi zarur. Yosh olimlar dunyoning yetakchi universitetlarida ikki, uch, hatto to‘rt yil tahsil olib, ilmiy-ijodiy muhitni o‘ziga singdirishi, zamonaviy tadqiqot olib borishni o‘rganishi, ilmiy natijalarni tijoratlashtirish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak. Ana shundagina oliy o‘quv yurtlarining ilmiy tadqiqotlari mag‘zida jiddiy o‘zgarish yuz beradi va bu, o‘z navbatida, taʼlim sifatiga ham bevosita taʼsir ko‘rsatadi.
Xalqaro tajribaga asoslangan taʼlim
Keyingi yetti-sakkiz yil davomida samarqand davlat universitetida O‘zbekiston uchun dolzarb bo‘lgan qator ilmiy yo‘nalishlarda tadqiqot markazlarini tashkil etdik. Ularning ayrimlari xorijda uzoq yillardan buyon muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan, xalqaro akademik doiralarda tan olingan vatandosh olimlarimiz boshchiligida ish olib bormoqda. Biz uchun ularning tajribasi nihoyatda muhim.
Samarqand davlat universiteti kvant fizikasi markaziga AQSHning Texas universiteti professori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Anvar Zohidov rahbarlik qilmoqda. Tadqiqotlar, asosan, energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va kvant nuqtalaridan amaliy foydalanishga qaratilgan. Bundan tashqari, yangi avlod aloqa tizimlari ham muhim yo‘nalishlardan biridir. Bugun dunyo kvant texnologiyalari davriga kirib bormoqda. Bu jarayon sunʼiy intellekt singari insoniyatga juda katta imkoniyatlar bilan birga muayyan xavflarni ham olib keladi. Kelajakda aloqa tizimlari tubdan o‘zgarishi, banklar va davlat idoralarida axborot xavfsizligini taʼminlashning yangi usullariga ehtiyoj tug‘ilishi muqarrar. Markazda ana shunday masalalar ustida ham izlanishlar olib borilmoqda.
Eng muhimi, Anvar Zohidov uch yil ichida universitetimizda o‘z ilmiy maktabini shakllantirishga erishdi. SamDU muhandislik fizikasi institutini tamomlagan yosh fiziklarimizdan iborat jamoa shakllandi. Bugun ular mustaqil ravishda ilmiy izlanish olib borish darajasiga yetib kelmoqda. Menimcha, bu eng katta natijalardan biridir.
Samarqand davlat universitetining muhim yo‘nalishlaridan yana biri tog‘-kon sanoati bilan bog‘liq. Bu sohada alohida kafedra, ilmiy markazimiz va bir nechta laboratoriyalarimiz faoliyat yuritmoqda.
Shulardan biri magnetizm yo‘nalishidagi laboratoriyadir. Bu yerda olib borilayotgan tadqiqotlar qazilmalarni samarali ajratib olish, ularning sifatini yaxshilash va ishlab chiqarish unumdorligini oshirishga qaratilgan.
Umuman olganda, universitetimizdagi ilmiy tadqiqotlarning aksariyatini amaliy yo‘nalishga qaratishga harakat qilyapmiz. Chunki biz uchun ilmiy natijaning iqtisodiyot va ishlab chiqarishga kirib borishi juda muhim. Ilm-fan ishlab chiqarish unumdorligini, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni va mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kerak. Bizning sharoitimizda ana shunday amaliy tadqiqotlar nihoyatda katta ahamiyatga ega.
Samarqand davlat universitetining yana bir muhim yo‘nalishi — molekulyar biologiya. Universitetimizda bu yo‘nalishda laboratoriya tashkil etdik. Unga AQSHda faoliyat yuritayotgan vatandoshimiz, asli urgutlik taniqli virusolog olim, professor Sharof To‘g‘izov ilmiy rahbarlik qilmoqda. Bu inson keyingi ikki-ikki yarim yil davomida yoshlarimizni tayyorlashga katta eʼtibor qaratdi. Har hafta masofadan turib uchrashuvlar o‘tkazib, yosh tadqiqotchilarimizga vazifalar belgiladi, ularning natijalarini muhokama etdi, ilmiy yo‘nalishlarini ko‘rsatib berdi. Shu vaqt davomida biz laboratoriyaning moddiy-texnik bazasini ham shakllantirdik. Bugun jamoa ham, laboratoriya ham jiddiy ilmiy faoliyatni boshlashga tayyor.
Sharof To‘g‘izov Prezidentimiz bilan Amerika Ko‘shma Shtatlarida uchrashganini va o‘sha muloqotda O‘zbekistonda virusologiya sohasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha muhim takliflarni ilgari surganini taʼkidlab keladi. Chunki XXI asrda virusologiyaning ahamiyati yanada ortadi. Biz, hech bo‘lmaganda, yangi viruslarni o‘z vaqtida aniqlash, o‘rganish va ularga qarshi samarali choralar ishlab chiqish salohiyatiga ega bo‘lishimiz kerak. Buning uchun hozirdanoq ilmiy maktab va malakali kadrlarni tayyorlash zarur. Sharof To‘g‘izovdek vatandosh olimlarimizning salohiyatidan foydalanish bu borada biz uchun katta imkoniyatdir.
Samarqand davlat universitetining yana bir dolzarb yo‘nalishi — suv muammolarini o‘rganish. Bu tadqiqotlarga ham AQSHda faoliyat yuritayotgan vatandoshimiz Asqarali Karimov rahbarlik qilmoqda. Bunda shaharlarning ichimlik suvi taʼminoti, qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish, shuningdek, transchegaraviy suv resurslari bilan bog‘liq masalalar o‘rganilmoqda.
Ayni paytda salohiyatli ilmiy jamoa shakllangan bo‘lib, mutaxassislar haftada birikki marta onlayn formatda mavjud masalalarni batafsil muhokama qilishadi. Har bir tadqiqotchiga berilgan vazifalarning bajarilishi ko‘rib chiqiladi, natijalar tahlil etiladi, maslahat va ilmiy yo‘nalishlar beriladi. Bunday ish uslubi biz uchun juda samarali bo‘lmoqda.
Keyingi muhim ilmiy yo‘nalish mexanika bilan bog‘liq. Berlin texnika universiteti professori, taniqli olim Valentin Popov tribologiya yo‘nalishida universitetimiz bilan hamkorlik qilmoqda. Tribologiya bu ishqalanish, yeyilish va o‘zaro taʼsirlashuvchi sirtlar bilan bog‘liq jarayonlarni o‘rganuvchi muhim ilmiy yo‘nalishdir. Bu sohaning qo‘llanish doirasi juda keng: mashina va mexanizmlardan tortib tibbiyot va biomexanikagacha.
Valentin Popov boshchiligida universitetimizda tribologiya bo‘yicha yirik ilmiy laboratoriya shakllantirildi. Bu borada xitoylik hamkorlarimiz bilan ham birgalikda ish olib borilmoqda. Laboratoriyada ilmiy tadqiqotlar boshlangan. Ushbu yo‘nalishda bir necha yirik xalqaro va amaliy tadbirlarni ham o‘tkazdik. Jumladan, ortopediya va biomexanikaga bag‘ishlangan tadqiqotlar rivojlanmoqda. Inson qo‘l-oyoqlarining harakati, bo‘g‘imlar va mushaklar faoliyatining mexanik xususiyatlarini o‘rganish ham shu yo‘nalishning muhim qismlaridan biridir. Bu borada samarqanddagi travmatologiya muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi tadqiqot — ertangi taraqqiyot
Bugungi kunda universitetimiz taʼlim va ilmiy faoliyatiga 220 nafardan ortiq xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb qilingan. Ularning oldiga ham aniq vazifalar qo‘yganmiz. Ular masofadan turib dars beradi, magistrantlar va yosh tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik qiladi.
Eng asosiy maqsadimiz — ularning har biri, hech bo‘lmaganda, bittadan RIE darajasidagi mutaxassis tayyorlashga hissa qo‘shishini taʼminlash. Chunki ana shu yosh mutaxassis keyinchalik o‘z yo‘nalishida katta ishlar qila oladi. AQSH, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlari ilmiy maktabini ko‘rgan, ularning tajribasini o‘zlashtirgan yosh olim ertaga shu tajribani O‘zbekistonda davom ettiradi. Shu bilan birga, u o‘zi tahsil olgan xorijiy universitet bilan bizning universitetimiz o‘rtasida mustahkam ilmiy ko‘prik vazifasini bajaradi.
Samarqand davlat universitetining yana bir strategik yo‘nalishi agrar sohadir. Bugun ekologik sharoit o‘zgarib bormoqda. Ayrim qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligiga salbiy taʼsir qilayotgan omillar ko‘paymoqda. Shu sababli seleksiya, urug‘chilik va zamonaviy biotexnologiyalarni o‘zimiz rivojlantirishimiz kerak. Bunda asosiy vazifalardan biri — universitetda gen muhandisligi markazini tashkil etish. Biz doimiy ravishda xorijdan nav va urug‘ sotib olishga qaram bo‘lib qolmasligimiz kerak. O‘zimizning ilmiy salohiyatimiz, o‘z maktabimiz va zamonaviy laboratoriyalarimiz bo‘lishi zarur. Bu oson vazifa emas, lekin biz uni albatta amalga oshirishimiz kerak.
Umuman, universitetimizda shakllantirilayotgan yetti-sakkizta ustuvor ilmiy yo‘nalishning barchasi bugungi O‘zbekiston uchun zarur bo‘lgan strategik sohalardir. Bizning asosiy maqsadimiz — ilm-fan orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini yangi texnologiyalar, zamonaviy usullar va innovatsion yechimlar bilan boyitish, universitet ilm-fanini ishlab chiqarish va jamiyat ehtiyojlari bilan yana-da mustahkam bog‘lash. Buning uchun xalqaro tajribani o‘rganish, dunyoning yetakchi olimlarini jalb etish, yoshlarimizni kuchli ilmiy maktablarda tayyorlash va eng muhimi, bu bilim va tajribani O‘zbekistonda mustaqil ilmiy maktablarga aylantirishimiz kerak. Ana shunda bugun boshlayotgan ishlarimiz ertaga mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi- gan barqaror natijalarga aylanadi.
Prezidentimiz ilgari surayotgan tashabbuslar oldinda bajaradigan ishlarimiz ko‘pligini ko‘rsatib turibdi. Xotirjamlikka berilmasdan, tinimsiz izlanishimiz, o‘rganishimiz shart va zarur. Bugun biz ilm-maʼrifat, olimu ziyoli qadrlanadigan, eʼzozlanadigan mamlakatda yashayapmiz. Prezidentimizning har bir so‘zi bizni yangidan-yangi marralarga chorlaydi.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 6-oktyabr sonidan olindi