1544 09.10.2026
Prezidentimizning Taʼlim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda ilm-fan, texnika shunchalik tez taraqqiy etmoqdaki, agar o‘zgarish va yutuqlar real hayotga, ayniqsa, taʼlimga tezroq tatbiq etilmasa, inson kapitali rivoji sekinlashib, mamlakatning global raqobatbardoshligi tushib ketishi turgan gap. Buning oqibatlari esa malakali kadrlar yetishmovchiligi, iqtisodiy qoloqlik, raqamli dunyodan ortda qolish, eng xavotirlisi, intellektual dunyo emigratsiyasi bilan bog‘liq.
Bu jarayonda, shubhasiz, inson kapitalini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, taʼlimning barcha turlari o‘rtasidagi o‘zaro uzviylik taʼminlanishi lozim. Albatta, bunda ilg‘or xorijiy tajriba hisobga olingan holda sohada yagona samarali boshqaruvni joriy etish ham dolzarb ahamiyatga ega. Shu maʼnoda, Taʼlim va ilm-fan vazirligining tashkil etilishi sohada yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim qadam bo‘ldi.
Taʼkidlash lozim, so‘nggi yillarda taʼlim-tarbiya, kadrlar tayyorlash sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqdaki, bu mamlakatning yangi strategik maqsadlari — Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish, raqobatbardosh iqtisodiyotni yaratish bilan bevosita bog‘liq. Kelgusi o‘n yillikda mamlakatimizning milliy yuksalish davrini taʼminlashga xizmat qiladigan yettita milliy dasturning birinchisi ham taʼlim-tarbiya, intellekt bilan bog‘langani ana shundan. Global dunyo har qanday davlatning kelajagi bilim, aql- idrokka bog‘liqligini yana bir bor isbotlamoqda.
Shu bois Yangi O‘zbekiston kelajagi maktabdan boshlanadi, degan g‘oya asosida, avvalo, yoshlarga munosib taʼlim-tarbiya berish, mustaqil fikrlaydigan, bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, intellektual yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash eng ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Muhimi, bu harakatlar amalda o‘z isbotini topyapti.
Maʼlumki, maktabgacha taʼlim farzandlarimizning shaxs sifatida shakllanishi, uning jismoniy, aqliy va ijtimoiy rivojlanishi uchun muhim poydevor hisoblanadi. Shu bois, avvalo, ushbu sohani rivojlantirishga har qanchongidanda katta eʼtibor qaratildi. Buning natijasini quyidagi raqamlarda ham ko‘rish mumkin. 2016-yilda mamlakatimizda maktabgacha taʼlim bilan qamrov 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 78 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini esa 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘tgan o‘n yilda yurtimiz aholisi 8 millionga ko‘paydi va maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Istiqlolning ilk yilida 8,5 mingta maktab faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugun ular soni 10 200 tadan oshdi va bu yiliga o‘rtacha 48 ta maktab qurildi, degani. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgani esa farzandlarimizning rivojlangan xorijiy o‘quv maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim olishlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Natijada yaqinda eʼlon qilingan “PISA” — Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturining 2025-yildagi tadqiqoti natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik 15 yoshli o‘quvchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha bilimi keskin o‘sgani aniqlandi. Mamlakatimiz ushbu yo‘nalishda 91 ta davlat ichida 48-o‘rinni egallab, MDHda yetakchiga aylandi.
Oliy taʼlim inson kapitalini rivojlantirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda jamiyatda innovatsiya va iqtisodiy o‘sishni taʼminlovchi asosiy kuch sanaladi. Shu bois ushbu sohani rivojlantirish ham Yangi O‘zbekiston siyosatining bosh maqsadiga aylandi. Natijalarni esa quyidagi raqamlarda ko‘rish mumkin. 2017-yilda mamlakatimizda 77 ta oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatar va ularning yettitasi nodavlat edi. talabalar qamrovi esa 10 foizga ham yetmasdi. Bugun esa oliygohlar soni 205 taga yetdi va ularning 70 dan ortig‘ini nodavlat, 30 tasini esa xorijiy OTM filiallari tashkil etmoqda. 2026-yil yakuniga ko‘ra, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovini 45 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Albatta, bularning barchasi taʼlim va ilm-fanni mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi omiliga aylantirish bo‘yicha Yangi O‘zbekistonda izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Sohadagi islohotlarni yagona tizim asosida uyg‘unlashtirish esa bu jarayonda yangi imkoniyatlarni ochishi, shubhasiz. Endi asosiy vazifa erishilgan natijalarni mustahkamlash, taʼlim sifatini yanada oshirish, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tezkor tatbiq etish va yoshlarni zamonaviy kasb hamda kompetensiyalarga ega bo‘lgan raqobatbardosh mutaxassislar qilib tarbiyalashdan iborat.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
"Xalq so‘zi" gazetasining 2026-yil 9-oktyabr sonidan olindi