Bolalikka tajovuz uchun og‘ir jazo belgilandi, ammo shunga qaramay, fojia kelganda emas, undan oldin uyg‘onishimiz kerak!


1721     16.10.2026

Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinmaguncha shu turdagi ko‘plab jinoyatlarga qonun talablari darajasida chora ko‘rilmagan... Nihoyat, qalin pardalar ko‘tarildi. Garchi, aybdorlarga nisbatan jazolar tayinlanayotgan bo‘lsada, ammo jamiyatda hushyorlik talab darajasida emasligi, bolalar bilan ishlovchi pedagog va xodimlarning psixologik holatini nazorat qilib boruvchi tizim allaqachon chokidan so‘kilib bo‘lgani oydinlashib qoldi.

Tasavvur qiling: bir norasidaning bolaligi tortib olinganda jamiyat oyoqqa turadi, aybdorlar bilan birga tomoshabinlar izlanadi, loqayd kimsalarning kim ekani oshkor bo‘ladi, yuzlab jazo beruvchilar va hukm o‘quvchilar paydo bo‘lib qoladi, eng yomoni, bularning bari ijtimoiy tarmoqda bir «yonadi»yu...

Tan olmay ilojimiz yo‘q: bunday vaziyatlarda jonkuyarlar dod-voy qilishadi, taklif, yechimlar beriladi, mas’ullar esa «albatta inobatga olamiz» deya «raport» beradilar... Ammo negadir yanada ko‘proq sodir etilishi mumkin bo‘lgan og‘riqli jinoyatni keltirib chiqargan sabablarga e’tiborsiz qarashadi...

Bu paytda esa ismi-sharifi oshkor etilmagan, ammo psixologiyasida pedofillikka moyil bir maxluq panada qolib ketaveradi... Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Namanganda jinsiy zo‘ravonlikka qo‘l urib, 10 yilga qamalgan jinoyatchi 1 yilda erkinlikka chiqqani va avvalgi jinoyatini yana takrorlagani, manzil koloniyadan qochgan boshqa bir pedofil esa Ohangaronda 9 yoshli qizchani zo‘rlagani haqida xabarlar tarqalib, jamoatchilikda katta «rezonans» uyg‘otgan edi. Bugun yana o‘sha holat takrorlanayotgandek...

Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: nahotki, «Pedofillar reyestri»ni ishga tushirish shunchalar qiyin bo‘lsa?

Pul o‘g‘irlaganga 5 yil, ojiz norasidaga tajovuz qilganga esa 6 yil berish adolatdanmi? Qachongacha maxluqlar boshini silaymiz?..

Endi bundan ham og‘riqlisini eshiting: yaqinda avtobusda bir qizaloqqa shilqimlik qilgan shaxsga 15 sutka qamoq jazosi tayinlanibdi.

Ha, to‘g‘ri, u hali jinoyat sodir etib ulgurmadi. Ammo dunyo tajribasida bunday xatti- harakatlar og‘ir jinoyatning boshlang‘ich «fazasi» deb atalarkan.

Jamiyat sukuti jinoyatga yo‘l ochadigan tuynukdir. Tomoshabinlik pozitsiyasida turaversak, ana shu tirqish bora-bora chegarasiz bir hududga aylanadiki, unda turli jinoyatlar ildiz otadi. Sukut esa ularning ildizini sug‘oraveradi. Umid qilamizki, endi sizu bizni sukut saqlamaslikka majbur qiladigan, jabrdiydani qattiq himoya qiladigan kuchli qonun qabul qilindi.

BMT hisobotlarida har yili dunyo bo‘ylab 8 milliondan ortiq bola pedofillar qurboniga aylanayotgani qayd etilgan. Tahlillarga ko‘ra, bu har 6 daqiqada bir bola ma’naviy terrorizm «o‘lja»siga aylanayapti, deganidir.

Olib borilgan tadqiqotlar yakunida «pedofiliya jinoyat emas, bu - insoniyatga qarshi qaratilgan ma’naviy terrorizmdir», degan xulosa chiqarilgani esa ushbu illatning oqibatlari bilan emas, sabablari bilan kurashish kerakligini anglatadi. Xavotirlisi shundaki, ushbu jirkanch illat moddiy boylik yoki siyosiy hokimiyat uchun emas, balki inson ongi va ruhiyatini buzish orqali jamiyatni ichidan yemirishga qaratilganidir. Psixolog Dilnoza Rahimovaning quyidagi so‘zlariga e’tibor bering: «Hech bir pedofil «men jinoyat qilayapman» demaydi. Uning ongida bu harakat bolaga «mehr ko‘rsatish» yoki «tarbiya berish» sifatida ifodalanadi. Lekin ularning har bir harakati bola psixikasida umrbod iz qoldiradi. Pedofiliya - bu shunchaki shahvoniy yo‘ldan ozish emas, bu ruhiy terrorizmdir».

Psixolog-ekspert Stiven Berkning ta’kidlashicha: «Pedofil jinoyat sodir etayotgan paytda «gunoh hissi»ni sezmaydi. Chunki u bolani to‘laqonli inson sifatida qabul qilmaydi. Uning ongida bola jismonan kichik, ruhan itoatkor «mulk» degan tushuncha bor. Bu psixik buzilishning asosiy belgisi - empatiyaning o‘chganidir, ya’ni pedofil bola og‘rig‘ini umuman his qilmaydi». Bunday xulosalarni ko‘plab keltirish mumkin.

Ayrim manbalarda qayd etilishicha, Qozog‘istonda 2018-yildan buyon pedofillar reyestri yuritilarkan. Bolalarga nisbatan jinoyat sodir etganlar umrbod tibbiy majburiy nazorat ostida bo‘lishi barobarida, majburiy tarzda kimyoviy «kastratsiya» qilinarkan. AQSHda ham pedofillar haqida jamoatchilikka ochiq ma’lumot beruvchi milliy baza bor. Bu reyestrga shaxsning ism-sharifi, yashash manzili, hatto surati va jinoyati haqida to‘liq ma’lumot kiritilib, pedofil elektron bilaguzuk (GPS nazorati) taqish, bolalar bog‘chasi, maktab va parklardan 500 metr uzoqda yurishga majbur qilinadi. Qayta jinoyat sodir etsa, u kastratsiya qilinishini biladi... Rossiyada ham 2023-yildan «Pedofillar reyestri» yuritiladi. Garchi, reyestr yopiq bo‘lsa- da, jinoyat sodir etgan shaxslar umrbod kuzatuvda bo‘ladi va ularga jamoatchilik ishlarida ishtirok etish, bolalar yaqinida yashash qat’iy taqiqlanadi.

Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Janubiy Koreya, Hindiston, Fransiya, Germaniya va Italiyada ham pedofillar reyestrlari ochiq yoki yopiq holda yuritiladi. Pedofilning elektron bilaguzuk taqishi esa majburiy bo‘lib, fuqarolar istalgan paytda o‘z hududida pedofil bor- yo‘qligini tekshira oladilar. Alohida ta’kidlash joizki, internet bugun pedofillar uchun eng qulay va tayyor vikipediyaga aylangan. Xalqaro bolalar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari vakillari tahliliga ko‘ra, internetda «do‘stlik» niqobi ostida ish olib borayotgan virtual qotillar har kuni minglab bolalarga xat yozib, ularni turli yo‘llar bilan ishontirishga urinadi. Shu ma’noda ham bugun pedofillik mafkuraga aylangan, desak xato bo‘lmaydi. Unga qarshi kurashmaslik millat kelajagini o‘z qo‘limiz bilan yo‘q qilish va bu jarayonni tomosha qilib turish bilan barobardir. Psixolog- larning fikricha, bolalikdagi zo‘ravonlik yoki ruhiy jarohat, pornografiyaga erta qiziqish va internet orqali bolalar kontentiga moslashuv, shaxsiyatida sadizm, nazorat qilish istagi, hokimiyatga chanqoqlik, biror mag‘lubiyat yoki rad etilishdan keyin o‘ziga «panoh izlash» kabi holatlar pedofilda bola yondashuviga qiziqish keltirib chiqarishi mumkin. YUNESKO hisobotiga ko‘ra, ayni paytda 720 mingdan ortiq pedofil internetda bolalarni ovlayotgan faol akkauntlarga ega. Ijtimoiy tarmoqlardagi jinsiy zo‘ravonlik aks etgan videolar ning ham 30 foizi afsuski, bolalar ishtirokida tasvirga olingan.

Garchi, keyingi yillarda mamlakatimizda bolalarni zo‘ravonliklarning har qanday shaklidan himoya qilish hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgan bo‘lsada, voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va jinsiy zo‘ravonliklar ortib borayotgani bor gap.

Jumladan, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish bo‘yicha 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta, 2025-yilda esa 123 ta jinoyat sodir etilgan.

Ta’kidlash o‘rinliki, statistik ma’lumotlar bolalar huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish, zo‘ravonlikning barcha shakl- laridan qat’iy himoya qilish, ularga protsessual harakatlar jarayonida malakali yuridik yordam olishiga ko‘maklashish, bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan jinoiy xatti-harakatlarni sodir qilgan shaxslar uchun esa javobgarlikni yanada kuchaytirish zarurati yuzaga kelganini ko‘rsatmoqda.

Qolaversa, ertamiz egalari bo‘lgan navqiron avlod huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan muhofaza qilish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Garchi, bu borada qonunlar qabul qilingan bo‘lsada, amaliyot tahlillari voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik holatlariga qarshi jazo muqarrarligini ta’minlash hamda protsessual himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishni taqozo etayotgan edi...

Nihoyat jamoatchilikning ana shu talabi qonunga ko‘chdi: 2026-yilning 2-oktyabrida Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi yangi qonun ma’qullandi.

Ushbu qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat- ijroiya va Mehnat kodeksiga hamda bir qator qonunlarga prinsipial va qat’iy o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar uchun uzoq muddatga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadigan bo‘ldi.

Qonunga ko‘ra, endi ushbu toifadagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddati o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi, shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanadi.

Sud va tergov jarayonlarida bolalarni qayta ruhiy jarohatlanishdan himoya qilish maqsadida zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi bilan o‘tkazish hamda bolaga protsessual jarayon boshidanoq davlat hisobidan bepul advokat ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, qonunga ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlari tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganda, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi kiritilmoqda.

Yana bir muhim jihat: Ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, shahvoniy shilqimlik, nikoh yoshini buzish hamda bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy jazolar ham keskin kuchaytirilmoqda.

Ushbu Qonun jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga chek qo‘yishga, sodir etilgan qilmishi uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash hamda har bir bolaning xavfsiz va adolatli muhitda kamol topishiga xizmat qiladi. Ammo shuni ham ta’kidlash joizki, yangi qonun ijrosi qat’iy nazoratga olinmasa va unga panja orasidan qaralsa, oldingi holatimiz davom etib,yaqin yillarda Yevropadagi ko‘rsatkichlarga yetib olishimiz hech gap emas. Zotan, pedofillar oramizda bemalol yuribdi va achchiq bo‘lsada, aytishimiz kerak: ularni nazorat qilishi kerak bo‘lgan tizim hali ham ishga tushgani yo‘q.

Bilamizki, pedofiliya bu faqat tabiiy moyillik emas, balki jamiyat qalbidagi «rak o‘simtasi»dir. Bu illat tarqalgan har qanday jamiyatda qonun ustuvorligi, jamoat nazorati va psixologik profilaktika masalalari yangicha yondashuvni talab qila boshlaydi. Pedofiliyaning eng dahshatli qirrasi shundaki, bu jinoyat ko‘p hollarda jamiyat sukuti bilan amalga oshadi. Ijtimoiy muhit unga qarshi kurashmaydi, aksincha befarqlik orqali yashirin tarzda qo‘llab- quvvatlanadi.

Yuqoridagi ma’lumotlar-u, mutaxassislar fikrlaridan xulosa qilib shuni aytish joizki, pedofiliyaga nisbatan jamoatchilik nazorati kuchsiz bo‘lsa, bu jinoyat vaqt o‘tgan sari ijtimoiy virusdan genotsidga aylanadi. Ming shukurki, bizda uzoq kutilgan qonun qabul qilindi.

Demak, endi qonun ijrosi barcha idoralar va mutasaddilarning diqqat markazida turishi, voyaga yetmaganlar huquqlari deputatlar va jamoatchilik nazorati ostida bo‘lishi bugunning eng muhim zaruratidir.

 

Shahlo BAQOYEVA,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 14-oktyabr sonidan olindi