1695 21.10.2026
Vatanning qudrati, avvalo, shu zaminda yashayotgan insonlarning o‘zaro ishonchi, hamjihatligi va umumiy maqsadlar yo‘lida birlasha olishidadir. Turli millat vakillari bir osmon ostida, bir hududda tinch-totuv yashab, bir-birining tili, madaniyati va eʼtiqodini hurmat qilsa, bu jamiyatning maʼnaviy boyligiga, mamlakat taraqqiyotining mustahkam tayanchiga aylanadi.
Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elatlar vakillari, 16 ta diniy konfessiyaga mansub fuqarolar istiqomat qiladi. Mamlakatimizda turli millatlarning madaniy merosi va anʼanalarini asrashga kamarbasta bo‘layotgan milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari faoliyat yuritmoqda.
Millatlararo totuvlik o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. Uning zamirida mustahkam huquqiy kafolatlar, inson qadriga hurmat va barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratish tamoyili yotadi. Bu tamoyil yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham o‘z aksini topgan bo‘lib, uning 4-moddasida davlat tili o‘zbek tili ekani belgilanishi bilan birga, mamlakatimizda yashovchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalarini hurmat qilish, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish kafolatlangan. 19-moddada esa yurtimizda yashovchi barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega ekanligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlangan.
Shu nuqtai nazardan, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlar huquqiy kafolatlarni amalda taʼminlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlari himoyasi va kamsitishning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lish bilan uyg‘un olib borilishi muhim.
Har bir millatning o‘ziga xos tarixi, dunyoqarashi, orzu-intilishlari va asrlar davomida shakllangan tajribasi bor. Bunda til millat qadriyatining saqlanishi, kelgusi avlodlarga bekamu ko‘st yetib borishida muhim omil sanaladi. Shu bois tilni asrash — milliy o‘zlikni, madaniy merosni va avlodlar o‘rtasidagi maʼnaviy bog‘liqlikni saqlash demak.
Yurtimizda davlat tilining mavqeini mustahkamlash bilan bir qatorda boshqa millat vakil- larining ona tili, urf-odatlari va anʼanalariga ham hurmat muhiti barqaror. Xususan, taʼlim jarayonida turli lisonlardan foydalanish imkoniyatlari, milliy madaniy markazlar faoliyati, madaniyat kunlari va do‘stlik tadbirlari xalqlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bunday yaqinlik o‘zaro ishonch va hurmat uchun mustahkam zamin yaratadi.
Totuvlikning yana bir muhim sharti — diniy eʼtiqod masalasi. Insonning eʼtiqodi uning shaxsiy qadriyatlari, dunyoqarashi va maʼnaviy hayoti bilan bog‘liq. Shu sababli har bir kishining vijdon erkinligini hurmat qilish, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslik jamiyatdagi tinchlik va hamjihatlikning muhim kafolatlaridan sanaladi.
Konstitutsiyamizda ham bu tamoyilning qatʼiy belgilanishi turli eʼtiqod vakillarining xuquqlarini muhofaza etish bilan birga, diniy tafovutlardan adovat chiqarishning oldini olishga qaratilgan.
Bag‘rikenglik qonun talablariga befarq qarash yoki boshqalarning huquqlariga daxl qilishga ko‘z yumish degani emas. U har bir insonning huquq va erkinliklariga hurmatni saqlash, jamoat tartibiga rioya etish, nizolarni murosa va qonuniy vositalar bilan hal qilish madaniyatida namoyon bo‘ladi. O‘zbekistondagi millatlararo va konfessiyalararo munosabatlarning barqarorligi ham aynan shu tamoyillarni hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq. Davlat idoralari, mahalla, taʼlim muassasalari, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro ishonch muhitini yanada mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Millatlararo totuvlik — qo‘shnilar o‘rtasidagi oqibat, jamoadagi o‘zaro hurmat, bolalarning bir-birini kamsitmasdan ulg‘ayishi, turli qarashlarga ega insonlarning umumiy muammolarni birgalikda hal etishi kabi oddiy munosabatlar aslida o‘zbekona bag‘rikenglikning kundalik ko‘rinishi.
Masalan, mahalladagi obodonlashtirish ishlarida, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishda, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashda yoki ekologik muammolarga yechim topishda insonlarning millati emas, umumiy maqsadga intilishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ana shunday amaliy hamkorlik insonlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, fuqarolik birdamligini kuchaytiradi. Bunday totuvlikni mustahkamlash uchun insonlarni ajratuvchi tafovutlarga emas, ularni birlashtiruvchi qadriyatlar — tinchlik, mehnatsevarlik, adolat, mehr-oqibat va Vatanga sadoqatga ko‘proq eʼtibor qaratish lozim.
Mamlakat qudrati faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar yoki bunyodkorlik ishlari bilan o‘lchanmaydi. U jamiyatning maʼnaviy birligi, inson qadriga munosabati va turlilik sharoitida hamjihatlikni saqlay olishida ham namoyon bo‘ladi. Tenglik — totuvlikning huquqiy asosi, madaniyatlarga hurmat — maʼnaviyat poydevori, vijdon erkinligi — insonparvarlik mezoni, fuqarolik masʼuliyati esa uning amaliy ifodasidir.
Biz turli millat vakillari bo‘lishimiz mumkin, ammo Vatanimiz bitta, qonunlarimiz umumiy, kelajak oldidagi masʼuliyatimiz mushtarak. Ana shu birdamlikni asrash va mustahkamlash har birimizning burchimizdir.
Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 18-oktyabr sonidan olindi