Qaşqadaryo: iqtisodiy salohiyat, inson qadri va barqaror farovonlik


1679     23.10.2026

Prezident Şavkat Mirziyoyevning Qaşqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriş masalalariga bağişlangan yiğilişida belgilangan vazifalar hududning mavjud imkoniyatlarini töliq işga soliş, iqtisodiy ösişni aholi farovonligi bilan boğlaş va taraqqiyotning yangi manbalarini şakllantirişga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yiğilişda keltirilgan maʼlumotlarga köra, joriy yilning töqqiz oyida viloyat sanoati 8,4 foiz, xizmatlar 16,6 foiz, qişloq xöjaligi esa 4,9 foiz ösgan. Şu bilan birga, aholi jon boşiga töğri keladigan sanoat mahsulotlari, xizmatlar, qişloq xöjaligi va quriliş hajmlari böyiça viloyatning respublikadagi örinlari mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalaniş zarurligini körsatmoqda.

Bu yerda masalaning mohiyati iqtisodiy ösiş surʼatlarining özida emas, balki ösişning sifatida namoyon böladi. Işlab çiqariş köpayişi, yangi korxonalar oçilişi va investitsiyalar jalb qilinişi muhim. Biroq ularning iqtisodiy samarasi mahsulotning qay darajada çuqur qayta işlanişi, qança qöşimça qiymat yaratilişi, mahalliy korxonalarning işlab çiqariş zanjirlariga qöşilişi va aholi daromadlarining oşişi bilan belgilanadi. Şu nuqtai nazardan, viloyatda gaz, elektr energiyasi va yer osti boyliklaridan foydalanişni yangi bosqiçga olib çiqiş vazifasi alohida ahamiyat kasb etadi. Şu maʼnoda, viloyatga uç yillik davr uçun 20 mlrd dollarlik loyihalar va 50 mingta iş örnini qamrab oladigan dastur tayyorlaş vazifasi qöyilgani investitsiyalarni aniq iqtisodiy va ijtimoiy natijalar bilan boğlaş zarurligini körsatadi.

Bu borada birgina turizm imkoniyatlarini körib çiqadigan bölsak, Qaşqadaryoning toğlari, qişloqlari, tarixiy obida va milliy anʼanalari sohani rivojlantiriş uçun katta imkoniyat yaratadi. Jumladan, yil davomida viloyatga 6 mln sayyoh jalb qiliş maqsadi Ğelon qişloğida toğ-çanği kurorti taşkil etiş, Tarağay, Başir va Tatar qişloqlarini etnoturizm markazlariga aylantiriş, Sayyod va Suvtuşar hududlarida rafting hamda sport turizmini rivojlantiriş rejalari hududning turistik mahsulotlarini diversifikatsiya qilişga qaratilgan. Ğuzorda “Lola va kabob”, Kökdalada “Çiyal yaxna” gastronomik festivallarini taşkil etiş taşabbuslari ham milliy taomlar va mahalliy anʼanalarni iqtisodiy qiymatga aylantiriş imkonini beradi.

Turizmning muhim jihati şundaki, bu soha katta sanoat korxonasiga ega bölmagan qişloqlarda ham mehmon uylari, ovqatlaniş joylari, transport, hunarmandçilik va boşqa xizmatlar orqali daromad manbalarini yaratişi mumkin.

Аlbatta, viloyatda iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirişning muhim şartlaridan biri zamonaviy bilim va kasbiy könikmalarga ega kadrlarni tayyorlaşdir.

Qarşi şahridagi Ilğor kasbiy mahorat texnikumi tajribasi bunda muhim ahamiyatga ega. Germaniyada malaka oşirgan 32 nafar ustaning öz bilimlarini viloyatdagi 57 ta texnikum pedagoglariga yetkazayotgani kasbiy taʼlim sifatini oşiriş va ilğor tajribalarni ommalaştiriş imkonini beradi.

Har yili 10-11-sinflarning 2,5 ming nafar öquvçisiga kasb örgatilişi, germaniyalik öqituvçilarning 1,5 ming yoşga nemis tili va kasbiy könikmalarni örgatişi esa maktab taʼlimi bilan mehnat bozori örtasidagi boğliqlikni kuçaytirişga qaratilgan.

Viloyat yoşlarining intellektual yutuqlari ham katta imkoniyatlar mavjudligini körsatadi. Qarşi şahridagi Prezident maktabining Cambridge imtihonlarida 98 foiz natija körsatgani, Аbdulla Oripov nomidagi ijod maktabi öquvçilarining “Zakovat” turnirida ğolib bölgani, kosonlik öquvçi Murodjon Halimovning SAT imtihonida 1600 ball töplagani şunday misollardandir. Eng muhimi, bunday imkoniyatlar faqat alohida taʼlim muassasalari yoki iqtidorli öquvçilar doirasida qolib ketmasligi kerak. Öqituvçilar salohiyatini oşiriş, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlaş va barça tumanlarda taʼlim sifati uçun zarur şaroitlarni yaratiş orqali köproq yoşlarni qamrab oliş mumkin.

Qaşqadaryo aholisi sonining ösişi uy-joy, transport, kommunal xizmatlar va ijtimoiy infratuzilmaga bölgan talabni ham oşirmoqda. Qarşi şahri, Kökdala va Qarşi tumani çegarasida Yangi Qarşi şahrini barpo etiş, Qarşi tumanidagi kanal böyida “Yangi Nasaf” ekomajmuasini taşkil qiliş rejalari şaharsozlikni uzoq muddatli rejalaştiriş zarurligini körsatadi.

Bunday loyihalarda köp qavatli uylar va biznes markazlari qurilişi bilan bir qatorda, içimlik suvi, kanalizatsiya, elektr taʼminoti, maktablar, boğçalar, tibbiyot muassasalari va transport tarmoqlarining ham uyğun rivojlanişi muhimligi taʼkidlandi.

Yiğilişda muhokama qilingan taşabbuslar kölami Qaşqadaryoning sanoat, agrar soha, infratuzilma, taʼlim va turizm yönalişlaridagi imkoniyatlarini kompleks rivojlantirişga qaratilgan. Bu jarayonda mahalliy hokimliklar, banklar, tarmoq taşkilotlari, tadbirkorlar va mahalla institutlari örtasidagi hamkorlik hal qiluvçi ahamiyatga ega. Har bir tumanning öziga xos imkoniyatlari va muammolarini hisobga oliş esa umumiy vazifalarni aniq hududiy natijalarga aylantiriş imkonini beradi.

 

Davron KESIMOV,

Xalq deputatlari Qaşqadaryo viloyat Kengaşi deputati