1620 24.11.2026
Bugun Özbekiston taraqqiyotining yangi bosqiçida ilm-fan, ma’rifat, tafakkur va milliy özlik masalalari har qaçongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana şu jihatdan, mustaqil mamlakatimiz tarixida ilk bor Özbekiston Ziyolilar kengaşining respublika yiğilişi ötkazilayotgani alohida e’tibor va e’tirofga loyiq taşabbusdir.
Uşbu tadbirning “Yangi Özbekiston ziyolilari – milliy yuksaliş tayançi” degan şior ostida ötkazilayotgani ham bejiz emas. Çunki milliy yuksaliş, avvalo, inson tafakkuridagi yuksalişdan boşlanadi. Ilm-fan rivojlanmagan, kitobxonlik va mutolaa madaniyati keng yoyilmagan, yoşlari mustaqil fikrlaşga örganmagan jamiyatning uzoq muddatli taraqqiyotga erişişi qiyin.
E’tiborli jihati, respublika yiğilişiga tayyorgarlik doirasida hududlarda ötkazilgan muloqotlarda 2 ming nafardan ortiq ziyoli iştirok etib, 3 mingdan ortiq fikr-mulohaza va mingga yaqin taklif ilgari surilgan. 500 nafar delegat iştirokidagi mazkur anjumanda hududlardan saylangan 210 nafar vakillar qatnaşayotgani umumxalq fikri va taşabbuslariga keng örin berilayotganini anglatadi.
Albatta, Ziyolilar kengaşining eng muhim vazifalaridan biri jamiyatda ma’rifat va tafakkur muhitini yanada mustahkamlaşdir. Bugun yoşlarimizni faqat zamonaviy kasb-hunar va texnologiyalar bilan qurollantirişning özi yetarli emas. Ularda tarixiy xotira, milliy ğurur, ona tiliga hurmat, Vatanga sadoqat, mustaqil fikrlaş va yot ğoyalarga nisbatan mustahkam ma’naviy immunitetni şakllantiriş ham nihoyatda muhim hisoblanadi.
Ayniqsa, raqamli axborot makonida turli ğoya va qaraşlar keskin raqobatga kirişayotgan bugungi davrda ziyolilarning jamiyat oldidagi mas’uliyati yanada ortmoqda. Bunday şaroitda ma’rifat bilan jaholatga, ilm bilan bilimsizlikka, soğlom tafakkur bilan asossiz qaraşlarga qarşi kuraşiş har bir ziyolining burçiga aylanişi kerak.
Yana bir muhim masala ziyolilar ilgari surayotgan fikr va takliflarning amaliy natijaga aylanişidir. Kengaş minbarida bildirilgan taşabbuslar faqat muhokama doirasida qolib ketmasligi, ta’lim muassasalari, mahallalar, oilalar, ilmiy markazlar va jamoatçilik hayotida öz ifodasini topişi lozim. Zero, ma’rifatning haqiqiy samarasi uning insonlar hayotida, dunyoqaraşi va jamiyat taraqqiyotida namoyon bölişi bilan ölçanadi.
Iqtisodiy tomondan qaraganda ham ilmli va malakali inson kapitali mamlakatning eng muhim taraqqiyot resursidir. Innovatsiya, raqobatbardoş işlab çiqariş, tadbirkorlik va yangi texnologiyalar rivoji, eng avvalo, bilim va tafakkurga tayanadi. Demak, ziyolilarga e’tibor bu nafaqat ma’naviy, balki mamlakatning iqtisodiy kelajagiga kiritilayotgan sarmoyadir.
Ziyolilar kengaşi aynan ilm-fan, ta’lim, madaniyat, ma’naviyat va jamoatçilik vakillarini yagona maqsad atrofida birlaştirib, milliy taraqqiyotimizga xizmat qiladigan yangi ğoya va taşabbuslar uçun muhim maydonga aylanadi. Zero, millatning kelajagi uning tafakkurida, davlatning qudrati ilmda, jamiyatning yuksalişi esa ma’rifatli insonlarida namoyon böladi!
Dilşod MIRZAAHMEDOV,
partiyaning Jizzax viloyati Kengaşi raisi örinbosari,
Xalq deputatlari viloyat Kengaşi deputati