Yangiliklar


103

“Oqila ayollar” harakati tom maʼnoda “mahallaning vijdoni”ga aylanadi

Yurtimizda ayol zotiga azaldan o‘zgacha mehr, hurmat-eʼtibor va fidoiylik ko‘rsatib kelingan va bu qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Markaziy Osiyo xalqlarining “Alpomish”, “Kuntug‘mish», “Go‘ro‘g‘li”, “Oysuluv”, “Layli va Majnun”, “Yusuf va Zulayho”, “Manas”, “Qizjibek", “Qozi Kurpesh Bayan suluv” kabi dostonlarida ham ayol, ona, farzandlar tarbiyasi, erkak va ayol o‘rtasidagi sof insoniy munosabatlar alohida bir mamnuniyat bilan tarannum etilgani ham bejizga emas. Chunki ayol oilaga fayz kirituvchi farishta timsoliga aylangandir.

Maʼlumki, oila nikoh munosabatlarini tartibga solish zarurati bilan yuzaga keladi. Oilaning jamiyatda tutgan o‘rni, farzand tarbiyasi, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, oilaning pokligi va mustahkam bo‘lishida ayolning o‘rni beqiyosdir. Demak, biz ayolni qancha ko‘p eʼzozlasak, bu ertangi kunimiz, istiqbolimiz haqida g‘amxo‘rlikdir.

Mamlakatimizda esa bu borada maqtashga arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda va ayol, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, jamiyatdagi o‘rnini oshirish, ularning ishlashi, dam olishi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.   

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 8-avgustda qabul qilingan “Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori ham shu boradagi muhim amaliy harakatlaridan biri bo‘ldi.

Prezident taklifi bilan qabul qilingan ushbu tuzilmaning asosiy vazifasi jamiyatda maʼnaviy makon bo‘lishga o‘z hissasini qo‘shadigan, yoshlarning tarbiyasiga ijobiy taʼsir ko‘rsata oladigan ayollarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

“Bu harakat tom maʼnoda “mahallaning vijdoni”ga aylanishi kerak. Chunki maʼrifatli jamiyatni maʼrifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi. Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurish, jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish haqida gapirar ekanmiz, bu ishlarni oila, onalar maʼnaviyati bilan uzviy amalga oshirishimiz zarur”, – degan edi davlatimiz rahbari shu yilning 1-mart kuni xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida.

Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasidan farqli ravishda bu tuzilma mustaqil va jamoaviy bo‘ladi. Unda jamiyatdagi faol, ilmli, o‘z kasbi va ishining ustasi bo‘lgan mutaxassis ayollar birlashadi.

"Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz" shiori ostida mamlakatimiz Mustaqilligining 31 yilligi bayrami keng nishonlanayotgan kunlarda qabul qilingan ushbu qaror biz – sardobalik ayollarni yana bir bor benihoya quvontirdi. Erkaklarimiz, aka-ukalarimiz, g‘ayratli yoshlarimiz bunyodkorlik, ezgu amallar, farovon turmush va tinch-totuv yashashimiz uchun tinmay mehnat qilayotgan bir vaqtda ular yonida, ularga kamarbasta bo‘lib, oiladagi faoliyatimiz, farzand tarbiyasidagi masʼuliyatimizda, yosh oilalarning shirin va totli hayot kechirishida onalarga xos maslakdosh bo‘lishimiz uchun dasturulamal bo‘ldi.

Bugun tumanimizdagi mavjud 15 ta mahallada o‘z faoliyatini boshlagan "Oqila ayollar" harakati aʼzolari o‘z mehnati, pand-nasihatlari, turli tadbirlardagi ishtiroki va eng zarur vaqtda hamda eng zarur joyda oqila ayollar qatorida davlatimiz, jamiyatimiz, mahallalarimiz va oilalarimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shadi.

 

Marvarid KENJAYEVA,

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati,

Sardoba tumanidagi 18-maktab direktori