Yangiliklar


102

Yillar davomida egilgan qaddimiz, toptalgan qadrimiz tiklandi

O‘zbekistonning mustaqil davlatga aylanishi shubhasiz xalqimizning tarixiy g‘alabasi bo‘ldi. Yillar davomida egilgan qaddimiz, toptalgan qadrimiz, yerga urilgan shaʼnimiz o‘tgan 31 yil davomida tiklandi. Qasddan o‘zgartirilgan tariximizni oqlay oldik, biz kim edigu kim bo‘lganimizni ko‘rsatib berdik.

Ozodlik bu demokratik islohotlar kafolatidir. Biz mustaqillik tufayligina mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar, tub siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar muqarrarligi va mustaqillik bularning ishonchli kafolati ekanligini tushunib yetdik.

Bugun mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini qaror toptirish bo‘yicha keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Davlat va jamiyat qurilishini isloh etish va yangilashga qaratilgan tub islohotlar avjida. Xalqimizning asrlar davomida shakllangan mentalitetiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga esa alohida eʼtibor bilan qaralmoqda.

Hech ikkilanmay aytaman, O‘zbekiston – yuksak maʼnaviyatni qadrlaydigan yurt. Xalqimiz maʼnaviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish borasida olib borilgan siyosat va amalga oshirilgan ishlar inson salohiyatini erkin namoyon qilishi uchun zarur muhitni shakllantirdi.

Istiqlol davrida maʼnaviy merosimizni tiklash borasida amalga oshirilgan ulug‘vor ishlar, xususan, tariximizni xolisona o‘rganish, ulug‘ allomalarimiz adabiy-ilmiy asarlarining nashr qilinishi, qadamjolarni obodonlashtirish, diniy qadriyatlar, xalqimiz udumlarining tiklanishi, adabiyot, sanʼat sohasidagi yutuqlar... Bularning barchasi jamiyatda maʼnaviy-ruhiy ko‘tarilishga olib keldi va islohotlarga qo‘shimcha kuch bag‘ishladi.

Mustaqillikka bejizga eng ulug‘, eng aziz neʼmat, bayram sifatida taʼrif berilmaydi. Bugun biz erishgan, erishajak yuksak marralar, ozod va obod Vatanimiz manzaralari, eng avvalo, Mustaqillikdandir. Uni asrash zarurat va har birimizning vatanparvarlik burchimizdir!

Hamidjon OMONOV,

partiyaning Andijon viloyat Kengashi raisi