Yangiliklar


191

Milliy insholar tanlovi yakunlandi

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda respublika bolalar va o‘smirlar nashrlari (“Tong yulduzi”, “Klass”, “Bolalar sporti” gazetalari, “G‘uncha”, Gulxan” jurnallari) hamkorligida maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Yozgi taʼtil – “Milliy tiklanish”  bilan!” loyihasi doirasida  o‘tkazilgan milliy insholar tanlovi yakunlandi.

Yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va anʼanalarga hurmat tuyg‘usini oshirish, siyosiy-huquqiy bilimlarini boyitish, yozma nutqini rivojlantirish, ularda jamiyatdagi o‘zgarishlarga nisbatan mustaqil fikr va fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, shuningdek, yozgi taʼtil kunlarini mazmunli o‘tkazishlariga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan mazkur tanlovga jami 7 mingdan ziyod insholar kelib tushdi.

Bugun partiya Markaziy kengashida bolalar va o‘smirlar nashrlari Bosh muharrirlari ishtirokida tanlov natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bosh muharrirlar so‘z olib, tahririyatlarga kelgan ijodiy ishlarni ko‘rib chiqish, g‘oliblikka nomzodlarni ajratish jarayonlari xususida maʼlumot berishdi. Tanlov g‘oliblarini aniqlash hamda ularni taqdirlash jarayonlariga oid bir qator savollarga oydinlik kiritildi.

Ayni kunlarda tanlovni yakunlash jarayoni avjida. Adabiyotshunoslar, yozuvchi va jurnalistlardan iborat Ishchi guruhi aʼzolari tomonidan ijodiy ishlar ko‘rib chiqiladi hamda g‘oliblar aniqlanadi.

Tanlov g‘oliblari Mustaqillik bayrami arafasida eʼlon qilinib, munosib taqdirlanadi.