Yangiliklar


104

“Abu Ali ibn Sino merosi: sharq va g‘arb olimlari nigohida”

Bugun Islom sivilizatsiyasi markazida Abu Ali ibn Sino tavalludining 1042 yilligiga bag‘ishlab “Abu Ali ibn Sino merosi: sharq va g‘arb olimlari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-maʼrifiy videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Islom hamkorligi tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA), O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Ibn Sino jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjanova hamda  bo‘lim boshlig‘i Doniyor Toshboyevlar ham o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Konferensiyada Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Ibn Sino jamoat fondi boshqaruv raisi Nozimxon Mahmudov, Islom tarixi, madaniyati va sanʼatini o‘rganish ilmiy-tadqiqot markazi bosh direktori Mahmud Erol Qilich so‘zga chiqib, jahon tibbiyoti va farmatsevtikasiga beqiyos hissa qo‘shgan shifokor, olim va faylasuf Abu Ali ibn Sinoning insoniyatga qoldirgan boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish uchun xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirish zarurligini taʼkidladilar.

Tadbirda Eron, Turkiya, Misr, Germaniya, Hindiston, Isroil, Janubiy Koreya, Tojikiston va Qirg‘iziston vakillarining islom dunyosi sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkir olim Abu Ali ibn Sinoning turli fanlarga asos solgani, o‘rta asrlar islom olamida tibbiyot va unga bog‘liq fanlar ravnaqi haqidagi maʼlumotlarni mujassam etgan maʼruzalar eshitildi. Buyuk alloma ibn Sino jahon fani tarixida qomusiy olim sifatida tibbiyot, tabiat, astronomiya, matematika, musiqa, kimyo, axloq, adabiyot va tilshunoslikka bag‘ishlangan dunyoda mashhur bo‘lgan ilmiy merosi, sharq va g‘arb mamlakatlari xalqlarining taqdiriga ijobiy taʼsir ko‘rsatganligiga oid ilmiy mulohazalar muhokama qilindi.

So‘zga chiqqan partiya faollari taʼkidlaganlaridek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xalq tabobati sohasi vakillarini mamlakatimizdagi ziyolilar, madaniyat va sanʼat,  fan va taʼlim fidoyilari qatorida o‘zining elektorati sifatida eʼtirof etgan yagona siyosiy kuch hisoblanadi. Demak, partiya xalq tabobati sohasida yechimini kutayotgan masalalarni barcha darajadagi deputatlik guruhlari, davlat va nodavlat tashkilotlari bilan birga o‘rganishga hamda bu borada parlament, deputatlik, jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga tayyor.

Partiya o‘zining 2020-2024-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturining alohida bandida xalq tabobatini rivojlantirishning istiqbolli rejalarini ishlab chiqish hamda uni zamonaviy tibbiyot darajasiga yetkazishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Xalq tabobati to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekistonda xalq tabobatini rivojlantirish Konsepsiyasini yaratish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan. Mazkur masalalarni amaliyotga joriy etishga bugun anjumanda ishtirok etayotgan barcha tashkilotlar, olimlar, mutaxassislar bilan partiya global darajadagi muloqot va hamkorlikka tayyor ekanligi bildirildi.

Xalqaro konferensiyada “Abu Ali ibn Sino” dostoni Akademik Abdukarim Usmonxo‘jayev tomonidan taqdim etildi. Ibn Sino asarlarining arab, fors tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitoblaridan, tibbiyot anjomlari namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

 

Anora HAYDAROVA,

partiya Markaziy kengashi bosh mutaxassisi