Yangiliklar


99

O‘zbekistonda reklamani rus tilida tarqatish mumkinmi? Albatta, ha! Masalan, manashu shaklda

2022-yil 7-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi. Qonunning kuchga kirish muddati 3 oy etib belgilandi. Shunga ko‘ra, Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan, yangilangan tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun joriy yilning 8-sentyabr kuni qonuniy kuchga kiradi.

Qayd etish joizki, yangi tahrirda qabul qilingan ushbu qonun mohiyatan demokratik tamoyillarga asoslangan, shuningdek isteʼmolchilar huquqlarini har tomonlama himoya qilishni nazarda tutadi hamda reklama beruvchilar va reklama bozorining professional ishtirokchilari faoliyati uchun eng yaxshi sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

Qonunning kuchga kirishi reklama axborotining aylanishini faollashtirishga, shuning bilan birga xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ish faolligini oshirishga turtki bo‘ladi. Qolgan muhim maqsadlar bilan bir qatorda, qabul qilingan mazkur qonun reklama xabarlarida davlat tilidan foydalanishning tartibini belgilaydi.

So‘nggi paytlarda reklama axborotining tili masalasida turli xil munozaralar paydo bo‘lmoqda. Shu sababli men ham ushbu masalada o‘z fikr va mulohazalarimni bildirishimga to‘g‘ri keldi.

Birinchi navbatda shahar axborot muhiti milliy axborot makonining ajralmas qismi ekanligini anglab olish lozim. Bir davlatdan ikkinchi davlatga sayohat qilayotgan har bir inson buni osongina anglashi mumkin. Yevropa shaharlari reklamasining landshafti Osiyo shaharlarinikidan tubdan farq qiladi. Ushbu farq har bir elementda aks etadi – reklama joyi konstruksiyalarida, texnik jihozlarida va albatta asosiy attribut hisoblanmish – reklama axborotini yetkazishning tilida.

Ushbu masalani tartibga solish bo‘yicha “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida alohida modda ajratilgan. Ruxsat bersangiz moddani quyida to‘liq ko‘rsatib o‘tsam.

6-modda. Reklamaning tili

O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy maʼnosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;

tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;

reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;

tele- va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.

Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining amal qilishi:

faqat chet tillarda eʼlon qilinadigan bosma nashrlarda va noshirlik mahsulotining boshqa turlarida joylashtiriladigan reklamaga;

ko‘rsatuvni (eshittirishni) chet tillarda amalga oshiruvchi ommaviy axborot vositalarining tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarini namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan reklamaga;

Internet jahon axborot tarmog‘idagi materiallarni faqat chet tillarda joylashtiradigan veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.

O‘ylaymanki, mazkur moddada hamma narsa oddiy va tushunarli qilib yozilgan.

Qonunning qabul qilinishi bilan mamlakatimizdagi barcha reklamalar, shu jumladan tashqi reklama davlat tilida taqdim etilishi shart. Biroq, ushbu norma reklama beruvchilarga bunday reklama axborotlarining tarjimalarini va taqdimotlarini boshqa tillarda eʼlon qilishlariga taqiq qo‘ymaydi. Shu jumladan rus tiliga ham.

Bundan tashqari, reklamaning tiliga bo‘lgan talablar faqatgina chet tillarda faoliyat yuritayotgan OAV, nashriyot mahsulotlari, Internet tarmog‘idagi axborot resurslariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Tovar belgilari (xizmat belgilari) va logotiplarga o‘zgartirishlar kiritishga hojat yo‘q.

Qonunning yakuniy tahririga kiritilgan har bir norma reklama sohasidagi ekspertlar jamoalarining vakillari ishtirokida ko‘p marotaba muhokama etildi va milliy reklama bozorimizni rivojlantirishning barcha zamonaviy yo‘nalishlari eʼtiborga olindi. So‘nggi tanlov doimo bozor iqtisodiyoti, halol raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini so‘zsiz taʼminlash tamoyillariga asoslandi. Qonunning 6-moddasini qabul qilinishida reklama buyurtmachilarining (shu jumladan global jahon o‘yinchilarining) O‘zbekiston Respublikasida reklamani tarqatishda maksimal darajada davlat tilidan foydalanishga bo‘lgan qiziqishlari (mamlakatimiz aholisining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilishi va undan doimiy foydalanishini inobatga olgan holda) qatʼiy ravishda inobatga olindi.

Shuning bilan birga, mutaxassislar reklama beruvchilarga ular ishlab chiqarayotgan tovarlar va xizmatlar uchun reklamani davlat tili bilan bir qatorda boshqa xorijiy tillarda ham tarqatish huquqini taqdim etishning zaruratini qayd etishdi.

 

Ilxom ABDULLAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

“Milliy tiklanish” partiyasi farksiyasi a’zosi,

Innovatsion rivojlanish,

axborot siyosati va axborot texnologiyalari

masalalari qo‘mitasining raisi