Yangiliklar


144

186 davlatning ortda qoldirilishi Mustaqillik sharofatidir

Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlari, eng chekka qishloq va ovullarida ham Vatanimiz Mustaqilligining 31 yilligi tantanalariga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

Eng ulug‘, eng aziz bayramimizni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, yurtimizni har tomonlama erkin, obod va farovon mamlakatga aylantirishdagi ulkan ahamiyat va mohiyatini hisobga olib, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va unga ko‘ra bu yilgi bayram tantanalarini “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida nishonlash belgilandi.

Darhaqiqat, mustaqillikka ilk qadam ona tilimizga Davlat tili maqomi berilishi bilan boshlangan bo‘lsa, so‘ngra o‘z bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega bo‘ldi.

Og‘ir kunlarni ortda qoldirib, bugungidek nurafshon kunlarga erishish uchun to‘siqlar, qarshiliklar bo‘lmadi deysizmi? Albatta, bo‘ldi. Bu ulkan zafar ortida xalqimizning yorug‘ kunlarga bo‘lgan mislsiz kurashi, intilishi, mashaqqatli mehnati mujassamdir.

Dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz tarixda o‘zbekning nimalarga qodirligini o‘zining kashfiyotlari, ilmiy-badiiy asarlari, betakror obidalari bilan namoyon qilgan bo‘lsa, mustaqillik farzandlari Vatanimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarib, Yangi O‘zbekiston dovrug‘ini yer yuziga yanada mashhur qilmoqda.

Jumladan, turli xalqaro sport musobaqalarida chempionlik sharafiga ega bo‘lib, millatimiz madhiyasini dunyoga yangratmoqda. Yaqinda yosh shaxmatchilarimizning Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida 186 davlatning 188 ta jamoasi orasida eng yuqori o‘rinni egallagani fikrimiz tasdig‘idir. Shu kunlarda Turkiyaning Konya shahrida bo‘layotgan V Islom birdamligi o‘yinlarida ham Vatanimiz sportchilari eng yuqori natijalarni qayd etishda davom etmoqda.

Albatta, Yangi O‘zbekistonning boshqa sohalarda ham qo‘lga kiritayotgan bunday zafar va yutuqlarini sanasak adog‘iga yetmaymiz. Eng muhimi, ota-bobolarimiz kutgan, orzu qilgan dorilamon kunlarga biz erishdik. Endi tinch va osoyishta o‘tayotgan har bir kunimizning qadriga yetib, shukrona keltirib, Vatanimiz Ozodligini abadul abad himoya qilishimiz lozim va, albatta, shunday bo‘ladi ham.

 

Saydulla ABDURAIMOV,

partiyaning Surxondaryo viloyati Kengashi raisi